“Kelajak liderlari” ta’lim dasturi boshlandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida navbatdagi “Kelajak liderlari” qo‘shma qayta tayyorlash ta’lim dasturi boshlandi.
Mazkur dastur mamlakatimizda davlat boshqaruvi tizimi uchun yuqori malakali, zamonaviy fikrlaydigan va mas’uliyatli yosh rahbar kadrlarni tayyorlashga qaratilgan muhim tashabbus hisoblanadi. Dastur Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan belgilangan ustuvor vazifalar doirasida amalga oshirilmoqda.
Dastur doirasida Boshqaruv samaradorligi agentligi tomonidan o‘tkazilgan ochiq tanlov asosida saralab olingan 50 nafar iqtidorli tinglovchi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida ta’lim oladi.
Ta’lim jarayoni 5 oy davom etadi. Unda davlat boshqaruvi asoslari, strategik rejalashtirish, liderlik va qaror qabul qilish, zamonaviy boshqaruv texnologiyalari kabi yo‘nalishlar bo‘yicha nazariy va amaliy bilimlar beriladi.

Dasturning muhim jihatlaridan biri – uning amaliy yo‘naltirilganidir. Tinglovchilar vazirlik va hokimliklarda 2 oygacha stajirovka o‘tab, real boshqaruv jarayonlari bilan tanishadi. Eng yaxshi natija ko‘rsatgan ishtirokchilar uchun xorijiy stajirovkalar ham tashkil etiladi.
Bu borada Koreya Respublikasining Inson resurslarini rivojlantirish instituti (NHI) va Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik o‘rnatilgan.
Dastur yakunida ishtirokchilar dolzarb boshqaruv muammolariga bag‘ishlangan loyiha ishlarini himoya qiladi. Bu esa ularning tahliliy fikrlash, innovatsion yondashuv va amaliy yechimlar ishlab chiqish qobiliyatini yanada rivojlantiradi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, “Kelajak liderlari” dasturi davlat xizmati tizimida yangi avlod rahbarlarini shakllantirishda muhim o‘rin tutadi.
N.Abduraimova, O‘zA