Karatechilarimiz Xitoyda muvaffaqiyatga erishdi
Xitoyning Leshan shahrida karate WKF bo‘yicha 50 ga yaqin davlatning eng mahoratli sportchilari ishtirok etgan “Premier league” xalqaro musobaqasida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari muvaffaqiyatga erishdi.
Karatechilar uchun muhim reyting ochkolarini taqdim etgan turnirda terma jamoamizning 3 nafar a’zosi qatnashdi.
Xalqaro turnirning kumite yo‘nalishida -67 kilogramm vazn toifasida jang olib borgan mahoratli karatechimiz Abdulvahob Rashidov saralash bahslarida Iordaniya, Braziliya, Marokko, Qozog‘iston kabi davlatlarning vakillarini dog‘da qoldirdi.

Hal qiluvchi final jangida italiyalik Mareska Lukani tatamidan bosh egib chiqishga majbur qildi va oltin medalni qo‘lga kiritdi.

-60 kg. vazn toifasida yurtimiz sharafini himoya qilgan Mehriddin To‘raxonov Italiya, Turkiya, Chili, Gruziya vakillari bilan kechgan janglar sarhisobiga ko‘ra, bronza medaliga ega chiqdi.
Ikki kunlik musobaqalar natijasida oltin va bronza medallariga sazovor bo‘lgan O‘zbekiston karatechilari umumjamoada 50 ga yaqin terma jamoa orasida kuchli yettilikni band etdi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA