"Kapital bozori to‘g‘risida"gi qonun: O‘zbekiston Respublikasi kapital bozorini jadal rivojlantirish sari yangi qadam"
Toshkent shahrida o‘tkazilgan davra suhbati ana shunday nomlandi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) tomonidan Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) va BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi, ILMA, xalqaro moliya tashkilotlari va taraqqiyot institutlari vakillari, shuningdek, ekspertlar hamda kapital bozori infratuzilmasi vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda qayd etilganidek, "Kapital bozori to‘g‘risida"gi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishda qabul qilinib, ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqishga tayyorlanmoqda.
Qonun 16 bob va 123 moddadan iborat bo‘lib, xalqaro standartlar va ilg‘or tajribani inobatga olgan holda kapital bozorini tartibga solish tizimini kompleks ravishda yangilashni nazarda tutadi. Hujjat Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, BMT Taraqqiyot dasturi, Qimmatli qog‘ozlar komissiyalari bo‘yicha xalqaro tashkilot (IOSCO) hamda AQSH Qimmatli qog‘ozlar va birjalar komissiyasi (SEC) kabi xalqaro tashkilotlarning tajribasi va tavsiyalarini inobatga olgan holda ishlab chiqilgan.
Yangi tartibga solishning asosiy yo‘nalishlari moliyaviy vositalar turlarini kengaytirish, bozor infratuzilmasi va professional ishtirokchilarni rivojlantirish, investorlar huquqlarini himoya qilishni kuchaytirish, davlat tomonidan tartibga solish va nazoratni takomillashtirish, shuningdek, O‘zbekiston kapital bozorini xalqaro moliya bozorlari bilan integratsiya qilishdan iborat.

Davra suhbatidagi asosiy masalalardan biri moliyaviy vositalar turlarini kengaytirish bo‘ldi. Yangi Qonun opsionlar, svoplar, fyucherslar, forvardlar va narxlar farqi shartnomalarini o‘z ichiga olgan hosilaviy moliyaviy vositalarni joriy etish uchun huquqiy asos yaratadi. Shuningdek, qoplangan obligatsiyalar, sekyuritizatsiya qilingan obligatsiyalar, barqaror rivojlanish obligatsiyalari va sukukdan foydalanish imkoniyati nazarda tutilmoqda.
Islom moliyasini rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Qonunda islom moliyasi tamoyillariga muvofiq sukuk chiqarishning kompleks huquqiy mexanizmi, jumladan, sheriklik, ijara, savdo va agentlik kabi turlar nazarda tutilmoqda.
Moliyaviy vositalar turlarining kengaytirilishi investorlar va emitentlarga kapitalni jalb qilish va joylashtirishning kengroq mexanizmlaridan foydalanish imkonini beradi va ularni an’anaviy aksiyalar hamda obligatsiyalar bilan cheklanib qolmasdan amalga oshirishga sharoit yaratadi.
Yangi moliyaviy vositalarni rivojlantirish bozor infratuzilmasini takomillashtirish bilan birga olib boriladi.
Xususan, kastodianlik faoliyatini professional faoliyatning alohida litsenziyalanadigan turi sifatida belgilash nazarda tutilmoqda. Kastodian mijozlarning moliyaviy vositalari va pul mablag‘larini saqlash va hisobga olishni, shuningdek, ularga bo‘lgan huquqlarni tasdiqlashni amalga oshiradi.

Shuningdek, reyting agentliklari, boshqaruv kompaniyalari va investitsiya fondlari faoliyatini ruxsatnoma asosida tartibga solish nazarda tutilmoqda.
Muhim yangiliklardan biri markaziy kontragent institutining joriy etilishidir. U kapital bozoridagi bitimlar bo‘yicha kliringni amalga oshiradi va ularning bajarilishini ta’minlaydi. Bu hisob-kitoblarning ishonchliligini oshirish va risklarni boshqarishni kuchaytirish imkonini beradi.
Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysining vakolatlari ham kengaytiriladi. Xususan, dividendlar va foiz to‘lovlari, obligatsiyalarni so‘ndirish hamda qimmatli qog‘ozlarni majburiy qayta sotib olish bo‘yicha hisob-kitoblarni markazlashtirilgan tartibda amalga oshirish uchun sharoit yaratiladi.
Yangi tartibga solishning alohida yo‘nalishi investorlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga bag‘ishlangan. Sukuk va obligatsiya egalarining vakili institutini joriy etish nazarda tutilmoqda. U emitent tomonidan belgilangan majburiyatlarning bajarilishini nazorat qiladi va qimmatli qog‘ozlar egalarining huquqlarini himoya qilish choralarini ko‘radi.
Shuningdek, jismoniy shaxslarni ularning bilim va tajribasini inobatga olgan holda malakali va malakasiz investorlarga ajratish nazarda tutilmoqda. Bunday yondashuv investorning tayyorgarlik darajasini turli kapital bozori vositalari bilan ishlashda hisobga olish va investitsiyalar bilan bog‘liq xavflar haqida xabardorligini oshirish imkonini beradi.

Yangi qonunchilikning yana bir yo‘nalishi kapital bozorini davlat tomonidan tartibga solish va nazorat qilish tizimini takomillashtirishdan iborat.
IOSCO prinsiplarini inobatga olgan holda vakolatli organning nazorat vakolatlarini kengaytirish, shuningdek, qonunchilik buzilishiga nisbatan ta’sir choralarini qo‘llash mexanizmlarini takomillashtirish nazarda tutilmoqda.
Qonunda belgilangan hollarda professional faoliyatning ayrim turlarini cheklash, qimmatli qog‘ozlar muomalasini va yangi chiqarilishlarni ro‘yxatdan o‘tkazishni to‘xtatib turish, shuningdek, professional ishtirokchilar litsenziyalari va mutaxassislarning malaka sertifikatlarini vaqtincha to‘xtatib turish choralari qo‘llanilishi mumkin.
Shuningdek, qonunchilik talablarini buzganlik uchun moliyaviy sanksiyalarni mustaqil ravishda qo‘llash imkoniyati nazarda tutilmoqda.
Bunday mexanizmlar bozor ishtirokchilarining mas’uliyatini oshirish va belgilangan talablarga rioya etilishini ta’minlashga qaratilgan.
Yangi tartibga solishning muhim qismi O‘zbekiston kapital bozorini xalqaro moliya tizimiga yanada integratsiya qilish hisoblanadi.
Qonunda rezident emitentlarning xorijiy bozorlarga chiqishi va norezidentlarning qimmatli qog‘ozlarini O‘zbekiston bozorida joylashtirish mexanizmlarini takomillashtirish nazarda tutilmoqda. Shuningdek, xalqaro moliya institutlarining obligatsiyalarini mamlakatda chiqarish imkoniyati belgilanmoqda.
Bu xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, mahalliy kompaniyalarning tashqi moliyalashtirish manbalariga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish hamda milliy kapital bozorining ochiqligini oshirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.

Davra suhbati doirasida xalqaro ekspertlar va moliya institutlari vakillari kapital bozorining alohida vositalarini rivojlantirish bo‘yicha amaliy yondashuvlarni taqdim etdi.
Xususan, ishtirokchilar milliy valyutadagi obligatsiyalarni rivojlantirish, sekyuritizatsiya va qoplangan obligatsiyalar, sukuk, global depozitar tilxatlar (GDR) va IPO, shuningdek, derivativlarni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi.
Muhokamada Osiyo taraqqiyot banki, IFC, BMTTD, YeTTB, Templeton Global Investments va Centil ekspertlari ishtirok etdi.
Alohida sessiya O‘zbekiston kapital bozorini xalqaro moliya tizimiga integratsiya qilish masalalariga bag‘ishlandi. Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi va "Toshkent" respublika fond birjasi vakillari bozor infratuzilmasini rivojlantirish, xalqaro standartlar va yangi institutlarni muhokama qildi.
Tadbir davomida savol-javob sessiyalari ham o‘tkazilib, ishtirokchilar yangi vositalarni amaliyotga joriy etish va kapital bozorini rivojlantirishning keyingi yo‘nalishlari bilan bog‘liq masalalarni muhokama qildi.
Xalqaro davra suhbati davlat organlari, xalqaro tashkilotlar, moliya institutlari, ekspertlar va bozor ishtirokchilari o‘rtasida yangi tartibga solishni amalga oshirish hamda O‘zbekiston kapital bozorini yanada rivojlantirish masalalari bo‘yicha tajriba almashish maydoni bo‘lib xizmat qildi.
Mohigul Qosimova, O‘zA