Jizzaxda “Yangi O‘zbekiston” va “Pravda Vostoka” kunlari
Jizzaxda “Yangi O‘zbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari kunlari doirasida o‘tkazilgan tadbirlar oddiy uchrashuvlar silsilasidan ko‘ra kengroq mazmun kasb etdi. Tahririyat vakillarining viloyatga tashrifi matbuot, ijod va jamoatchilik muloqotini Jizzaxdagi bunyodkorlik, sanoat, turizm hamda tibbiyot sohalaridagi yangilanishlar bilan uyg‘unlashtirdi.
Mazkur tadbir “Yangi O‘zbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati tashabbusi hamda Jizzax viloyati hokimligi va O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Jizzax viloyati bo‘limi hamkorligida tashkil etildi.
Tashrif davomida “Yangi O‘zbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari bosh muharriri, taniqli jurnalist va publitsist Salim Doniyorov boshchiligidagi tahririyat vakillari viloyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar, amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari va hududning yangi qiyofasi bilan yaqindan tanishishdi. Ularga Jizzax viloyati hokimining o‘rinbosari Sardor Shukrullayev hamrohlik qildi.
Jizzaxning bugungi qiyofasini birgina rasmiy ma’lumot yoki raqam bilan to‘la tasavvur etib bo‘lmaydi. Buni shahar va tumanlardagi o‘zgarishlarni ko‘z bilan ko‘rish, yangi ishlab chiqarish quvvatlari, turizm maskanlari va zamonaviy tibbiyot muassasalari faoliyati bilan bevosita tanishish orqali yanada teranroq anglash mumkin.
Shu ma’noda, tahririyat vakillarining Arnasoy tumanidagi Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi bo‘yida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishuvi alohida ahamiyat kasb etdi. Yaydoq cho‘l bag‘rida qad rostlagan “Arnasoy Restor” turizm dam olish majmuasi hududning sayyohlik salohiyatini yangi imkoniyatlar bilan boyitishga qaratilgan loyihalar samarasini namoyon etdi.
[gallery-30804]
Safar davomida jurnalistlar “Jizzax ADM” avtomobil zavodi faoliyati bilan ham yaqindan tanishishdi. Bu yerdagi ishlab chiqarish jarayonlari Jizzaxning sanoat salohiyati oshib, zamonaviy texnologiyalar va yangi ishlab chiqarish yo‘nalishlari hudud iqtisodiyotida tobora muhim o‘rin egallayotganini ko‘rsatdi.
Yana bir muhim manzil — tobora mukammallashib borayotgan Jizzax tibbiyot klasteri bo‘ldi. Tahririyat vakillari bu yerda tibbiyot sohasidagi imkoniyatlar, xizmat ko‘rsatish tizimi va zamonaviy yondashuvlar bilan tanishar ekan, hududdagi o‘zgarishlarning inson hayoti va salomatligi bilan bog‘liq eng muhim jihatlariga e’tibor qaratdi.
Aslida, jurnalist uchun bunday safarning qiymati ham shunda. Raqamlar va hisobotlar ortida turgan voqelikni bevosita ko‘rish, uning inson hayotiga ta’sirini his qilish va keyin bu jarayonlarni keng jamoatchilikka xolis yetkazish matbuotning ta’sirchanligini oshiradi.
Tashrifning ma’naviy-ma’rifiy qismi ham mazmunan boy bo‘ldi. Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijod maktabida Salim Doniyorovning “Yangi O‘zbekiston orzusi” kitobi taqdimoti o‘tkazildi. Unda ziyolilar, yozuvchi va shoirlar, mahalla faollari, nuroniylar, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, yoshlar hamda jurnalistlar ishtirok etishdi.
“Yangi O‘zbekiston orzusi”da Yangi O‘zbekiston g‘oyasining mazmun-mohiyati, mamlakatimizda kechayotgan o‘zgarishlar, inson qadrini yuksaltirish, vatanparvarlik, ma’naviyat, fidoyilik va xalq manfaatiga xizmat qilish kabi yuksak qadriyatlar publitsistik mushohadalar orqali yoritilgan. Shu bois kitob taqdimoti yoshlar bilan muloqot, ularni yurt taqdiriga daxldorlik ruhida tarbiyalash va ijodiy izlanishlarini rag‘batlantirish nuqtai nazaridan ham muhim bo‘ldi.
Tadbirlarda “Yangi O‘zbekiston” gazetasining mamlakatimizda amalga oshirilayotgan xalqchil islohotlarning hayotiy ifodasi sifatida shakllangani, qisqa davr mobaynida keng auditoriyani qamrab olgani qayd etildi. Nashrning tahliliy va tanqidiy-tahliliy materiallari orqali islohotlar samaradorligini yoritish, ularning mazmun-mohiyatini jamoatchilikka yetkazishga munosib hissa qo‘shayotgani alohida ta’kidlandi.
Gazetaning bosib o‘tgan yo‘li ham e’tiborga molik. “Yangi O‘zbekiston” gazetasining ilk soni 2020-yil 25-yanvarda chop etilgan. Bugunga qadar gazetaning 1759 ta soni mushtariylar qo‘liga yetib bordi. Haftada besh kun, mamlakat hayotidagi muhim sanalar va voqealar munosabati bilan ayrim hollarda yetti kun nashr etiladigan gazeta 6 sahifadan iborat bo‘lib, boshdan-oxirigacha rangli chop etiladi.
“Yangi O‘zbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevdan ilk bor intervyu olgan ommaviy axborot vositasi sifatida ham tarixda o‘z o‘rniga ega.
Tahririyatning o‘ziga xos jihati shundaki, unda mamlakatdagi eng yosh va eng keksa nashrlar birlashgan. 1917-yildan buyon chop etib kelinayotgan “Pravda Vostoka” gazetasi mamlakatimizdagi amaldagi eng keksa nashr hisoblanadi. Joriy yilda gazeta o‘zining 109 yilligini nishonlamoqda.
Bugun esa asrdan ziyod tarixga ega nashr bilan yangi davr matbuotining vakili bo‘lgan “Yangi O‘zbekiston” bir tahririyat doirasida zamonaviy media muhiti talablariga mos ravishda faoliyat yuritmoqda.
Bu jarayonda raqamlashuv va mediakonvergensiya alohida o‘rin tutadi. Har ikki nashr zamonaviy mediatendensiyalardan samarali foydalanib kelmoqda. “Yangi O‘zbekiston” gazetasining deyarli har bir sonida “matn + foto + QR-kod” formatidagi materiallar o‘quvchiga qo‘shimcha axborotni videolar orqali ko‘rish imkonini ham bermoqda.
Tahririyatning ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyati ham auditoriya bilan yangi muloqot shakllarini kengaytirmoqda. Rasmiy veb-sayt va Telegram, Facebook, Instagram platformalaridagi sahifalar orqali axborot, tahliliy maqolalar va videolavhalar keng tarqatilmoqda. Materiallarning Facebook, Instagram, Telegram, Yandex va Google platformalarida faol ilgari surilishi nashrlar va ularning veb-sayti nufuzini mamlakat va xalqaro axborot maydonida mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Jizzaxdagi gazetalar kunlari ana shu jarayonlarning amaliy davomi bo‘ldi. Bu yerda matbuot faqat voqealarni yorituvchi emas, balki voqelikni o‘rganuvchi, odamlar bilan muloqot qiluvchi, yangilanishlarning mazmun-mohiyatini anglashga intiladigan ijtimoiy institut sifatida namoyon bo‘ldi.
Aydar-Arnasoy sohillaridagi turizm imkoniyatlaridan tortib, “Jizzax ADM” avtomobil zavodi va Jizzax tibbiyot klasteridagi jarayonlargacha bo‘lgan manzaralar bir haqiqatni ko‘rsatdi: hudud taraqqiyoti haqida so‘z yuritganda, raqamlar bilan birga uning real qiyofasini ham ko‘rsatish zarur.
Jizzaxdagi uchrashuvlar, ijodiy muloqotlar va amaliy tashriflar shu nuqtai nazardan jurnalistlar uchun yangi mavzular, ijodiy izlanishlar va tahliliy materiallar uchun boy manba bo‘ldi. Eng muhimi, markaziy va hududiy matbuot o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlagan ushbu tadbirlar jamiyatda kechayotgan o‘zgarishlarni xolis, ta’sirchan va zamonaviy media vositalari orqali keng yoritishga xizmat qildi.
Zero, bugungi matbuotning vazifasi voqeani qayd etish bilangina cheklanmaydi. U o‘zgarishning mohiyatini ochishi, inson va jamiyat hayotidagi ahamiyatini ko‘rsatishi, eng muhimi, xalq bilan muloqotda ishonchli axborot ko‘prigi bo‘lib xizmat qilishi kerak. Jizzaxda o‘tkazilgan “Yangi O‘zbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari kunlari ana shu vazifaning amaliy ifodasi bo‘ldi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari