Hamkorlikda amalga oshirilayotgan tashabbuslar ezgu maqsadlar uchun xizmat qilmoqda
Navoiy viloyati Xatirchi tumani Madaniyat mahallasida “Ziyokor” ayollar va yoshlar markazi tomonidan Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan moliyalashtirilgan “Inson qadri uchun bunyodkorlik” loyihasi doirasida aholi farovonligi va turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan amaliy ishlar olib borilmoqda.
Bugun yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning bosh maqsadi inson qadrini yuksaltirish, aholi uchun munosib turmush sharoitini yaratish, fuqarolarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, har bir insonning jamiyatda o‘z o‘rnini topishi uchun zarur imkoniyatlarni yaratishga qaratilgan. Ayniqsa, keyingi yillarda mahalla tizimini takomillashtirish, aholi muammolarini quyi bo‘g‘inning o‘zida hal etish, yoshlar va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda aholiga xizmatlarni yanada yaqinlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
– Loyiha doirasida mahallada bitta zamonaviy ko‘chma sartaroshxona va uchta jamoat transportini kutish bekatini qurish ko‘zda tutilgan, – deydi markaz rahbari Gulhayo Ravshanova. – Bir qarashda oddiydek tuyulgan ushbu tashabbuslar zamirida katta ijtimoiy maqsad mujassam. Ya’ni, xizmatlarni aholiga yaqinlashtirish, kundalik ehtiyojlarni mahallaning o‘zida hal qilish, fuqarolar uchun qulay va munosib yashash muhitini yaratish bilan bir qatorda, mahallada bandlikni ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

Albatta, bugungi islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biri ham aholi bandligini ta’minlash, ayniqsa, yoshlarga kasb-hunar o‘rgatish va o‘z mehnati orqali daromad topishi uchun imkoniyat yaratishdan iborat. “Inson qadri uchun bunyodkorlik” loyihasida ham aynan shu tamoyilga ustuvor ahamiyat berilgan. Xatirchi tumani Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, mahalladagi ikki nafar ishsiz yoshni sartaroshlik kasbiga o‘qitish va kelgusida tashkil etiladigan sartaroshxonada ularning doimiy bandligini ta’minlash bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Shuningdek, loyihaning samarali va barqaror amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida Madaniyat “mahalla yettiligi” hamda O‘zbekiston Respublikasi Mahallalar uyushmasining Xatirchi tuman bo‘limi bilan hamkorlik memorandumlari imzolandi.
Mazkur hamkorlik loyiha doirasida belgilangan vazifalarni hamjihatlikda amalga oshirish, yaratiladigan ob’ektlardan samarali foydalanish va ularning faoliyatini doimiy monitoring qilib borish imkonini beradi. Eng muhimi, bu jarayonda davlat idoralari, jamoat tashkilotlari va mahalla faollarining bir maqsad yo‘lidagi hamkorligi ta’minlanmoqda.

– Har qanday islohotning haqiqiy natijasi qabul qilingan qarorlar yoki belgilangan vazifalar bilan emas, balki oddiy insonning kundalik hayotidagi aniq o‘zgarishlar bilan o‘lchanadi. “Inson qadri uchun bunyodkorlik” loyihasi amalga oshirilayotgan islohotlarning mahalla darajasidagi amaliy ifodasi sifatida muhim ahamiyat kasb etadi. Mahallamizda hamkorlikda amalga oshirilayotgan ushbu tashabbuslar ham aynan ana shu ezgu maqsadlar uchun xizmat qilmoqda. – deydi Mahallalar uyushmasining Xatirchi tuman bo‘limi boshlig‘i Vohid Ro‘zimurodov.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri.