Geologiya sohasida innovatsion texnologiyalar bo‘yicha hamkorlik rivojlantiriladi
Bugungi kunda geologiya sohasini zamonaviy texnologiyalar asosida rivojlantirish, geologik ma’lumotlarni raqamlashtirish va ularni tahlil qilishda innovatsion yondashuvlardan foydalanish muhim ahamiyatga ega.
Ayniqsa, sun’iy intellekt texnologiyalarini sohada keng qo‘llash geologik tadqiqotlar samaradorligini oshirish, ma’lumotlarni tezkor tahlil qilish va muhim mineral resurslarni aniqlash imkoniyatlarini kengaytirmoqda.
Aynan shu yo‘nalishdagi vazifalardan kelib chiqib, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirining birinchi o‘rinbosari Feruza Hamidova “PwC Consulting” kompaniyasi vakili Devid Goginashvili bilan uchrashdi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati ma’lum qildi.
Muloqot davomida geologiya va muhim minerallar sohasida hamkorlikni rivojlantirish, raqamli transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish hamda sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, muzokaralarda sohada zamonaviy raqamli yechimlardan foydalanish, ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganish va texnologik yondashuvlarni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha fikr almashildi. Bu borada o‘zaro tajriba almashish va istiqbolli yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhimligi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida tomonlar geologiya sohasida hamkorlikni yanada kengaytirish, istiqbolli yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA