FOTOGALEREYA: Mustaqillik yillarida yangilangan Andijon
Mustaqilligimizning 35 yilligi oldidan
«Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va
kelajak yaratamiz!»
Davlatimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida yurtimizning barcha hududlarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va bunyodkorlik ishlari hayotimizdagi yangilanishlarda, avvalo, inson qadri va manfaatlarining ustuvorligida namoyon bo‘lmoqda.
Ana shunday o‘zgarishlar Andijon viloyati misolida ham yaqqol ko‘zga tashlanadi. Keyingi yillarda hududda iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish, zamonaviy infratuzilmani shakllantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi farovonligini yuksaltirish, ta’lim va tibbiyot sifatini oshirishga qaratilgan izchil ishlar amalga oshirildi.
Bugun Andijonning qiyofasi tobora yangilanmoqda. Shahar va tumanlarda zamonaviy turar joylar, ijtimoiy ob’ektlar, yo‘l va kommunikatsiya tarmoqlari barpo etilib, aholi uchun qulay shart-sharoitlar yaratilayapti. Bunyodkorlik jarayonlari viloyat markazi bilan bir qatorda chekka hududlarni ham qamrab olmoqda.
Viloyatning sanoat va ishlab chiqarish salohiyatini yuksaltirish, yangi korxonalarni ishga tushirish, mavjud quvvatlarni kengaytirish va ishlab chiqarishga zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratilayotir. Bu esa mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash, raqobatbardosh va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirmoqda.
[gallery-30824]
Qishloq xo‘jaligida ham zamonaviy yondashuvlar tobora keng qo‘llanilmoqda. Yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, intensiv texnologiyalarni joriy etish, bog‘dorchilik va sabzavotchilikni rivojlantirish, fermer va dehqon xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar hududning agrar salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda.
Islohotlarning bosh maqsadi — inson qadrini yuksaltirish, uning huquq va manfaatlarini ta’minlashdir. Shu maqsadda tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati va qamrovi kengaymoqda. Ta’lim sohasida yangi maktab va muassasalar barpo etilib, yoshlarning zamonaviy bilim va kasb-hunar egallashi uchun munosib sharoitlar yaratilmoqda.
Fan va innovatsiya, madaniyat va ma’naviyat, sport sohalaridagi yutuqlar ham viloyat hayotida muhim o‘rin tutmoqda. Yoshlarning intellektual va jismoniy salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularning iqtidor va iste’dodini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tashabbuslar izchil davom ettirilmoqda.
Mahallalarda ijtimoiy muhitni yaxshilash, aholini manzilli qo‘llab-quvvatlash, ehtiyojmand oilalar bilan tizimli ishlash, xotin-qizlar va yoshlarning jamiyatdagi faolligini oshirish borasidagi ishlar ham inson manfaatlariga yo‘naltirilgan islohotlarning amaliy ifodasidir.
Ushbu fotogalereyada ana shu yangilanishlar — bunyodkorlik va taraqqiyot, ilm-fan va ta’lim, tibbiyot va sport, ijtimoiy hayot, qishloq xo‘jaligi, sanoat va ishlab chiqarishdagi o‘zgarishlar, eng muhimi, inson qadri ustuvor bo‘lgan yangi davr voqeligi aks etgan.
Bugungi Andijon qiyofasida mustaqillik yillarida amalga oshirilgan islohotlar, xalqimizning fidokorona mehnati va bunyodkorlik salohiyati o‘zining yorqin ifodasini topgan.
Zuhriddin UMURZOQOV(surat),O‘zA