Jizzaxda “Jadidlar izidan” tanlovining tuman bosqichlari yakunlandi
Jizzax viloyatida 22 ming nafardan ziyod o‘quvchini qamrab olgan “Jadidlar izidan” respublika tanlovining shahar va tuman bosqichlari yakunlandi. Mazkur tanlovning Sharof Rashidov tumanidagi bosqichi ham qizg‘in bellashuvlarga boy bo‘ldi.
32-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘tkazilgan tanlovda tumandagi 62 ta maktabdan saralangan iqtidorli o‘quvchilar ishtirok etib, jadid ma’rifatparvarlarining hayoti, ijodiy merosi va ilg‘or g‘oyalari bo‘yicha o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazdi.
— Jadid bobolarimizning ma’rifiy merosiga bugungi yoshlarning qiziqishi juda yuqori. Birgina viloyatimizda 3 ming nafardan ortiq o‘quvchining shahar va tuman bosqichlarigacha yetib kelgani bu harakatning qamrovi kengayib borayotganidan dalolat beradi. Tanlov nafaqat bilimlar bellashuvi, balki yoshlarda kitobxonlik madaniyati va tahliliy fikrlashni rivojlantirishga xizmat qilmoqda, - deydi Jizzax viloyati “Kelajak” markazi direktori Samad Xudoyberdiyev.
Tadbirning ochilish marosimida tuman hokimi o‘rinbosari Olim Meliboyev va boshqa mas’ullar so‘zga chiqib, milliy uyg‘onish davri namoyandalarining ma’rifiy g‘oyalari bugungi kunda ham muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi hamda ishtirokchilarga omad tiladi.
Tanlov 6–8-sinflar va 9–10-sinflar o‘rtasida ikki toifada tashkil etildi. Test va savol-javob shartlari orqali ishtirokchilarning jadidlar hayoti va asarlari haqidagi bilimlari baholandi.
[gallery-28617]
Yakuniy natijalarga ko‘ra, 6–8-sinflar o‘rtasida Munira Jamoliddinova, 9–10-sinflar o‘rtasida esa Feruza Murodullayeva birinchi o‘rinni egalladi.
G‘oliblar endi tanlovning viloyat bosqichida Jizzax shahri va viloyatning boshqa tumanlaridan kelgan tengdoshlari bilan kuch sinashadi.
Jamshid YORBEKOV (surat), O‘zA