Korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan tashabbuslar kuchaytiriladi
Davlatimiz rahbari 2026-yil 22-iyunda imzolagan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga, korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik va jazo choralari kuchaytirildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy va hududiy kengashlar, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyatining samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan choralar belgilandi. Qonunchilikka korrupsiyaga oid jinoyatlarning aniq ro‘yxatini belgilash, korrupsiya haqida xabar bergan shaxslarning xavfsizligini ta’minlash hamda davlat xaridlarini amalga oshirishda korrupsiyaviy omillarni qisqartirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy kengashlarning maqomi, vakolatlari va vazifalari ilk bor qonun darajasida mustahkamlandi. Endilikdagi asosiy vazifa – huquq va vakolatlardan samarali foydalanish, hududlardagi muammolarga tizimli yechim topish va korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan tashabbuslarni kuchaytirish.
Shu maqsadda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamkor tashkilotlar bilan birgalikda hududiy kengashlar a’zolarining bilim va amaliy ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan seminarlar o‘tkazmoqda. Tadbirda korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholash, idoralararo hamkorlikni muvofiqlashtirish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda ochiq ma’lumotlardan samarali foydalanish masalalariga e’tibor qaratilmoqda.

BMT Taraqqiyot dasturi hamda Yevropa Ittifoqining moliyaviy ko‘magida, Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan mashg‘ulotlar doirasida hududlardagi aniq vaziyatlar tahlil qilinib, muammolarni hal etish choralari belgilanmoqda.
N.Abduraimova,
O‘zA