"Fitch Ratings" "O‘zbekgidroenergo"ning kredit salohiyatini ijobiy baholadi
Energetika korxonalarining moliyaviy barqarorligi, qarz majburiyatlarini bajarish qobiliyati va ishlab chiqarish salohiyati xalqaro reytinglarda muhim o‘rin tutadi.
Bu jihatlar "O‘zbekgidroenergo" AJning kredit ko‘rsatkichlariga berilgan navbatdagi xalqaro baholashda ham o‘z aksini topdi.
"Fitch Ratings" xalqaro reyting agentligi jamiyatning uzoq muddatli kredit reytingini "BB" darajasida tasdiqladi va prognozni "Barqaror" deb belgiladi. Jamiyatning mustaqil kredit profili esa "b+" darajasida baholandi.
Tahlil natijalari aktivlar sifati, moliyalashtirish manbalaridan foydalanish imkoniyatlari, qisqa muddatli majburiyatlarni bajarish qobiliyati va moliyaviy moslashuvchanlik bo‘yicha ijobiy o‘zgarishlar borligini ko‘rsatdi.
Jamiyatning ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirishi, operatsion rentabelligining yuqoriligi va qarz yukini samarali boshqarishi uning asosiy ustunliklari sifatida qayd etildi. Shuningdek, davlat kafolatisiz mablag‘ jalb qilish tajribasining ortishi moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytiruvchi va moliyaviy moslashuvchanlikni oshiruvchi omil sifatida e’tirof etildi.
Jamiyat axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, "Fitch Ratings" tahliliga asosan mamlakatdagi operatsion muhit ta’siri hisobga olinmaganda, jamiyatning mustaqil kredit profili "bb-" darajasiga mos keladi. Bu amaldagi "b+" bahosidan bir pog‘ona yuqori. Yakuniy reytingda mamlakatdagi umumiy faoliyat sharoitlarining ta’siri ham inobatga olingan.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA