Bilim va tafakkurni oshirishning zamonaviy manzili
Bugungi kunda oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish, yoshlarning intellektual salohiyatini yuksaltirish va ilmiy izlanishlarni qo‘llab-quvvatlashda axborot-resurs markazlarining o‘rni beqiyos. Guliston davlat universitetining axborot-resurs markazi ham talabalar, professor-o‘qituvchilar va tadqiqotchilar uchun bilim olish, izlanish va ma’naviy kamolot sari intilishda muhim maskan hisoblanadi.
Markaz faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri boy adabiyotlar fondini shakllantirish va foydalanuvchilarga zamonaviy axborot xizmatlarini ko‘rsatishdan iborat.
Hozirda markazning bosma nashrlar fondi qariyb 41 ming 200 nomdagi 387 ming 800 dan ziyod nusxani tashkil etadi. Shuningdek, fondda 47 mingdan ortiq nomdagi elektron va 1 ming 300 dan ziyod nomdagi audio resurslar mavjud. O‘quv, ilmiy-uslubiy hamda badiiy adabiyotlarni qamrab olgan mazkur boylik talabalarning dars jarayonidagi bilimini mustahkamlash, mustaqil ta’lim olish va ilmiy tadqiqotlar olib borishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Axborot-resurs markazining yangi binosi zamonaviy talablar asosida jihozlangan. Bino 660 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, shundan 248 o‘rin zamonaviy kompyuter qurilmalari bilan ta’minlangan. O‘quv zalida imkoniyati cheklangan foydalanuvchilar uchun ham alohida sharoitlar yaratilgan. Kitobxonlarga xizmat ko‘rsatish ochiq fond shaklida yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, adabiyotlar sohalar bo‘yicha joylashtirilgan. Bundan tashqari, universitetning Psixologiya va ijtimoiy fanlar hamda Sport faoliyati fakultetlarida markaz filiallari ham faoliyat yuritmoqda.
Markazda raqamli texnologiyalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Elektron adabiyotlar “Yagona elektron kutubxona” – unilibrary.uz platformasiga hamda universitetning portal.guldu.uz saytiga joylashtirib boriladi. Ushbu manbalar orqali talabalar darsliklar, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar, ma’ruza matnlari, taqdimotlar va ilmiy adabiyotlardan foydalanish imkoniyatiga ega.
Raqamlashtirish jarayonining yana bir muhim qadami sifatida joriy yil mart oyida arm.guldu.uz avtomatlashtirilgan kutubxona tizimi ishga tushirildi. Hozirda ushbu platformaga markazning faol fondi kiritilmoqda. Kelgusida mazkur tizim orqali foydalanuvchilarga yanada qulay va to‘liq raqamlashtirilgan xizmatlar ko‘rsatish ko‘zda tutilgan.
Markaz xalqaro ilmiy axborot manbalaridan foydalanish imkoniyatlarini ham kengaytirmoqda. 2021-yil 1-martdan buyon EBSCO Information Services ilmiy-ta’limiy ma’lumotlar bazalariga onlayn obuna tashkil etilgan. Buning natijasida universitet professor-o‘qituvchilari, magistrantlar, doktorantlar va tadqiqotchilar 20 ta ma’lumotlar bazasidagi 15 ming 700 dan ortiq to‘liq matnli jurnallardan foydalanish imkoniga ega.
Keltirilgan raqamlar markazning ta’lim va ilm-fan taraqqiyotidagi ahamiyatini yaqqol namoyon etadi.
[gallery-32164]
Guliston davlat universiteti axborot-resurs markazi an’anaviy kutubxona xizmatlarini zamonaviy axborot texnologiyalari bilan uyg‘unlashtirgan holda, talabalarning bilim olishi, ilmiy izlanishlar olib borishi va mustaqil fikrlash qobiliyatini rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Markazda yaratilgan imkoniyatlar yoshlarning intellektual salohiyatini yuksaltirish va ularning ta’lim olish jarayonini axborot resurslari bilan ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.
Umid OBIDJONOV (surat), O‘zA