Jinoyatchilikka qarshi kurashda hamjihatlik samara beradi
Tinchlik va osoyishtalik bor joyda taraqqiyot, farovonlik va ertangi kunga ishonch bo‘ladi. Shu bois jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va aholi uchun osoyishta muhit yaratish doimo dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.
Toshkent viloyatida ham bu borada tizimli profilaktik chora-tadbirlar amalga oshirilib, jinoyatchilikka qarshi kurashishda huquqni muhofaza qiluvchi organlar va jamoatchilik hamkorligiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, Toshkent viloyati IIBB boshlig‘i, polkovnik Abduvosit Abdurazzoqovning aholiga murojaatnomasida hududda amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

2026-yil sentabr oyi yakunlari bo‘yicha qayd etilgan natijalarga ko‘ra, viloyatda oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 19,2 foizga kamaygan. Bu ko‘rsatkich huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, aholi o‘rtasida profilaktika ishlarini kuchaytirish va jamoat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarning ahamiyatini ko‘rsatadi.
Jinoyatlarning ayrim turlari bo‘yicha ham ijobiy o‘zgarishlar kuzatildi. Xususan, og‘ir tan jarohati yetkazish bilan bog‘liq holatlar 18,6, firibgarlik 17,2, bosqinchilik 33,3 foizga kamaygan. O‘g‘irlik jinoyatlari bo‘yicha ham 0,5 foizlik pasayish qayd etilgan. Albatta, bu natijalar zamirida jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklarga sabab bo‘layotgan omillarni aniqlash va bartaraf etish, fuqarolarning huquqiy ongi hamda mas’uliyatini oshirishga qaratilgan sa’y-harakatlar mujassam. Ayni paytda bu yo‘nalishdagi ishlarni izchil davom ettirish, har bir mahallada xavfsiz muhitni shakllantirish muhim ahamiyatga ega.

Bugungi raqamlashuv davrida jinoyatchilikning oldini olish nafaqat ko‘chalar va jamoat joylarida, balki internet makonida ham xavfsizlikni ta’minlashni taqozo etmoqda. Sentyabr oyi davomida axborot texnologiyalari sohasida qariyb 677 ta jinoyat qayd etilgani bu masalaning dolzarbligini yana bir bor ko‘rsatadi.
Kiberjinoyatlar ko‘p hollarda fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlaridan noqonuniy foydalanish, moliyaviy firibgarlik va ishonchni suiiste’mol qilish kabi holatlar bilan bog‘liq bo‘ladi. Shuning uchun har bir fuqaro internetdan foydalanishda hushyor bo‘lishi, bank kartasi ma’lumotlari va tasdiqlash kodlarini begona shaxslarga bermasligi, shubhali havolalarni ochmasligi lozim.
Ayniqsa, yoshlar va keksalar o‘rtasida raqamli xavfsizlik madaniyatini oshirish, firibgarlik usullari haqida tushuntirish ishlarini olib borish muhim. Zero, kiberjinoyatlarning oldini olishda texnik himoya vositalari bilan bir qatorda, insonning o‘zida shakllangan ehtiyotkorlik va mas’uliyat ham hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Mahalla jamiyatda tinchlik va hamjihatlikni qaror toptirish, aholi muammolarini barvaqt aniqlash va huquqbuzarliklarning oldini olishda muhim o‘rin tutadi. Viloyatdagi 843 ta mahallaning 435 tasida vaziyat barqaror bo‘lgani, 349 tasida esa jinoyatlar sodir etilmagani va ular xavfsiz hudud sifatida qayd etilgani e’tiborga molik.

Bu kabi natijalar mahallalarda profilaktika ishlarini yanada kuchaytirish, aholi bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish va mavjud muammolarga o‘z vaqtida yechim topish zarurligini ham anglatadi. Chunki xavfsiz muhitni shakllantirish faqat sodir etilgan jinoyatlarga munosabat bildirish bilan emas, balki ularning kelib chiqishiga sabab bo‘layotgan omillarni oldindan aniqlash va bartaraf etish bilan ta’minlanadi.
Shu bilan birga, hisobot davrida noaniq sharoitda sodir etilgan jinoyatlarning 49,9 foizi fosh etilgan. Yil boshidan buyon qidiruvda bo‘lgan 832 nafar shaxs ushlangan bo‘lsa, ularning 89 nafari sentabr oyida qo‘lga olingan. Bu boradagi ishlar qonun ustuvorligini ta’minlash va huquqbuzarliklar uchun javobgarlikning muqarrarligini qaror toptirishda muhim ahamiyatga ega.

Murojaatnomada qayd etilganidek, jinoyatchilikka qarshi samarali kurashishda huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyati bilan bir qatorda, oila, mahalla, ta’lim muassasalari va keng jamoatchilikning hamkorligi ham zarur. Ayniqsa, farzandlar tarbiyasiga e’tibor qaratish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, yoshlarni turli salbiy ta’sirlardan asrash va internetdan xavfsiz foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish bugungi kunning muhim vazifalaridan.
Fuqarolarning shubhali holatlar yoki huquqbuzarliklar haqida tegishli idoralarga o‘z vaqtida xabar berishi, mahalladagi muammolarga befarq bo‘lmasligi ham xavfsizlikni ta’minlashga xizmat qiladi. Zero, jamoatchilikning faolligi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan o‘zaro ishonchi qanchalik mustahkam bo‘lsa, profilaktika ishlarining samaradorligi ham shunchalik ortadi.
A.Musayev,O‘zA