O‘zbekiston va Ozarbayjon: Ittifoqchilik munosabatining yangi bosqichi
Bugungi kunda O‘zbekiston – Ozarbayjon munosabati Markaziy Osiyo hamda Janubiy Kavkazni bog‘lovchi yangi siyosiy va iqtisodiy hamkorlik makonini shakllantirmoqda. Bevosita umumiy chegaraga ega bo‘lmasa-da, ikki davlatni tarixiy yaqinlik, mushtarak madaniyat, turkiy dunyoga mansublik, iqtisodiy manfaat hamda Yevrosiyo transport yo‘laklari chorrahasidagi strategik joylashuv birlashtirib turadi. Ayniqsa, so‘nggi yillarda Toshkent va Boku o‘rtasidagi aloqalar odatiy diplomatik hamkorlikdan strategik sheriklikka aylanib, so‘ngra ittifoqchilik darajasiga ko‘tarilgani ikki davlat tashqi siyosatida yangi davr boshlanganidan dalolat.
Bu jarayonning o‘ziga xos jihati shundaki, siyosiy yaqinlik aniq iqtisodiy natija, qo‘shma investitsiya loyihalari, sanoat kooperatsiyasi, transport-logistika sohasidagi o‘zaro bog‘liqlik va madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish orqali mustahkamlanmoqda. Shu nuqtai nazardan o‘zaro munosabatni nafaqat ikki qardosh davlat o‘rtasidagi sheriklik, balki Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazning o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlovchi yangi geoiqtisodiy model sifatida ham ko‘rib chiqish mumkin. Ushbu uzoq muddatli yo‘lning mantiqiy davomi sifatida Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning 2026-yil 23-avgustda O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasida bo‘lib o‘tgan muzokaralar ikki tomonlama munosabat tarixida alohida ahamiyat kasb etdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Ilhom Aliyev Oliy davlatlararo kengashning uchinchi yig‘ilishini o‘tkazib, “O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida abadiy do‘stlik to‘g‘risida shartnoma”ni imzoladilar.
Ushbu hujjat ikki davlat o‘rtasidagi tarixiy qardoshlik va siyosiy ishonchni mustahkamlash bilan birga, ittifoqchilik munosabatining uzoq muddatli asosini yanada mustahkamladi. Shuningdek, uchrashuv davomida pensiya ta’minoti, madaniyat, turizm, tashqi ishlar va hududlararo aloqalar vazirliklari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi hujjatlar imzolandi.
Oliy davlatlararo kengashning muntazam faoliyat yuritishi ikki mamlakat munosabatlarida muhim institutsional yangilikdir. Ushbu mexanizm orqali siyosiy qarorlarni iqtisodiy va investitsiya loyihalariga aylantirish, ularning amalga oshirilishini nazorat qilish va hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini muvofiqlashtirish imkoniyatlari kengaymoqda.
Davlatimiz rahbari joriy yil 14-oktabr kuni Bokuga amaliy tashrifi doirasida Prezident Ilhom Aliyev bilan uchrashuvda aynan shu masalalarga e’tibor qaratildi. Muzokaralarda avgust oyida amalga oshirilgan davlat tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini chuqurlashtirish, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Bu Toshkent va Boku o‘rtasidagi muloqotning uzluksiz, tizimli va aniq natijaga yo‘naltirilgan xususiyatidan dalolat beradi.
O‘zbekiston – Ozarbayjon munosabatining bugungi rivojini iqtisodiy diplomatiya natijasisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. O‘zbekistonning ishlab chiqarish salohiyati, sanoat tarmoqlari va ichki bozori Ozarbayjonning transport-logistika, energetika, moliya va Kaspiy dengizi orqali xalqaro savdo yo‘laklariga chiqish borasidagi imkoniyatlari bilan uyg‘unlashgan.
Ma’lumotga ko‘ra, yil boshidan buyon ikki tomonlama savdo hajmi 30 foiz oshgan. Ushbu ko‘rsatkich nafaqat hamkorlikning ijobiy dinamikasini ko‘rsatadi, balki mavjud iqtisodiy salohiyat hali to‘liq ishga solinmaganidan ham darak beradi.
Iqtisodiy munosabatning yangi bosqichida investitsiyaviy va sanoat kooperatsiyasi alohida o‘rin tutadi. Zero, zamonaviy iqtisodiy sheriklikning samaradorligi nafaqat o‘zaro savdo hajmi, balki yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish, texnologik almashinuv, qo‘shma korxonalar va yangi ish o‘rinlari bilan ham belgilanadi.
Umumiy kapitali 500 million dollar O‘zbekiston – Ozarbayjon investitsiya kompaniyasi bu borada muhim moliyaviy mexanizm hisoblanadi. Ushbu institut istiqbolli loyihalarni moliyalashtirish va ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Oliy darajadagi muzokarada start berilgan yangi qo‘shma loyihalar bank-moliya sohasi, zamonaviy qurilish materiallari ishlab chiqarish, ta’lim muassasalarini tashkil etish, yonilg‘i quyish infratuzilmasini rivojlantirish, sayyohlik va turar joy majmualari qurish, mineral xom ashyoni qayta ishlash va bog‘dorchilikni qamrab oldi.
Ushbu loyihalarning ahamiyati shundaki, iqtisodiy hamkorlik endi oddiy tovar ayirboshlashdan birgalikda qiymat yaratishga o‘tmoqda. O‘zbekiston va Ozarbayjon biznes sub’ektlari mahsulot ishlab chiqarish, moliyalashtirish, logistika va tashqi bozorlarga birgalikda chiqish yo‘nalishlarida o‘zaro manfaatli faoliyatni amalga oshirish imkoniyatiga ega.
Bunday hamkorlik O‘zbekistonning sanoat salohiyatini oshirish, eksport tarkibida yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulot ulushini ko‘paytirish va mamlakat iqtisodiyotini xalqaro ishlab chiqarish zanjirlariga yanada chuqurroq integratsiyalashuviga xizmat qiladi.
Hamkorlik jarayonida transport-logistika sohasi alohida geoiqtisodiy ahamiyatga ega. Bugungi kunda jahon savdo yo‘laklari diversifikatsiyasi, transport xarajati o‘sishi va xalqaro ta’minot zanjiridagi o‘zgarish har ikki davlat oldiga yangi vazifalar qo‘ymoqda.
O‘zbekiston uchun Ozarbayjon Kaspiy dengizi orqali Janubiy Kavkaz, Turkiya va Yevropa bozoriga chiqish uchun muhim transport hamkoridir. Ozarbayjon uchun O‘zbekiston Markaziy Osiyoning yuqori iqtisodiy salohiyatga ega yirik bozori va sharqiy yo‘nalishdagi tranzit hamkoridir.
Xususan, Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishi – O‘rta yo‘lakni rivojlantirish ikki tomonlama munosabatning eng muhim strategik yo‘nalishlaridan biridir. Ushbu yo‘lak samarali ishlashi uchun Kaspiy dengizi orqali konteyner va boshqa yuk tashuvini kengaytirish, portlar o‘rtasidagi muvofiqlashtirishni kuchaytirish, temir yo‘l tarifini uyg‘unlashtirish, bojxona jarayonini raqamlashtirish va logistika xizmati uzluksizligini ta’minlash zarur.
Transport sohasidagi hamkorlik kelajagi faqat tranzit bilan cheklanmaydi. Transport-logistika sohasi sanoat kooperatsiyasi, savdo, investitsiya, turizm va hududlararo iqtisodiy aloqalarni mustahkamlovchi umumiy infratuzilmaga aylanishi mumkin.
Munosabatning siyosiy-strategik ahamiyatini oshiruvchi yana bir muhim omil — Ozarbayjonning Markaziy Osiyodagi mintaqaviy hamkorlik jarayonidagi ishtiroki kengayishi. 2026-yil 8-oktabr kuni Turkmanistonning “Avaza” milliy sayyohlik zonasida Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining sakkizinchi Maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Ushbu uchrashuvning o‘ziga xos jihati shundaki, mazkur format ilk bor Ozarbayjon bilan birgalikda o‘tkazildi. Bu qo‘shilish nafaqat diplomatik forum kengayishi, balki tobora ko‘proq o‘zaro bog‘liqlikka ega mintaqaviy makon shakllanishi hamdir. Hodisa Markaziy Osiyo strategik resurslarini Janubiy Kavkaz tranzit imkoniyati bilan birlashtirib, Yevrosiyo siyosiy iqtisodiyotini qayta shakllantirish salohiyatiga ega. Ozarbayjon Markaziy Osiyo Maslahat Sammitiga doimiy a’zo sifatida qabul qilinishi muhim geosiyosiy o‘zgarishdan dalolat. Bu Sovet Ittifoqi parchalangandan beri Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazni har qachongidan yaqinroq birlashtirgan Transkaspiy siyosiy va iqtisodiy makoni paydo bo‘lganini ko‘rsatadi.
O‘zbekiston uchun bu jarayon ikki va ko‘p tomonlama tashqi siyosat bir-birini to‘ldirishini kuchaytiradi. Bir tomondan Ozarbayjon bilan ittifoqchilik aloqalari mustahkamlanadi. Boshqa tomondan Markaziy Osiyo davlatlarining umumiy transport va iqtisodiy manfaati uyg‘unlashadi. Shu nuqtai nazardan Toshkent – Boku muloqotini Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasidagi mintaqalararo hamkorlikning muhim tayanchi sifatida ko‘rish mumkin.
Bunday tashabbuslar madaniy diplomatiyaning siyosiy ahamiyatini oshiradi, chunki ikki davlat o‘rtasidagi ishonch nafaqat hukumatlar va diplomatik idoralar darajasida, balki universitetlar, ilmiy markazlar, madaniyat muassasalari va yoshlar o‘rtasidagi doimiy muloqot orqali ham mustahkamlanmoqda.
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti hamda Ozarbayjonning yetakchi universitetlari va ilmiy markazlari o‘rtasida xalqaro munosabatlar, turkiy dunyo tadqiqotlari, madaniy diplomatiya, mintaqashunoslik, transport siyosati va tarixiy manbashunoslik sohalarida qo‘shma tadqiqotlarni kengaytirish kelajakdagi istiqbolli yo‘nalishlardir.
Umuman o‘zaro munosabat bugun o‘z tarixida yangi va mazmun jihatidan muhim bosqichni boshdan kechirmoqda. Strategik sheriklik, ittifoqchilik va abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnomalar, davlatlararo oliy kengashning samarali faoliyati, tovar ayirboshlash hajmi o‘sishi, qo‘shma investitsiya loyihalari, transport-logistika aloqalari va madaniy-gumanitar hamkorlik jarayonning asosiy ustunlaridir.
Shu ma’noda O‘zbekiston va Ozarbayjonning ittifoqchiligi ikki qardosh davlat manfaatidan tashqari Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasidagi mintaqalararo bog‘liqlikni mustahkamlash, Yevrosiyo transport-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish hamda keng iqtisodiy va madaniy hamkorlik makonini shakllantirishga xizmat qiladi.
Ziyo Jabborov,
TDSHU Xalqaro munosabatlar
kafedrasi mustaqil tadqiqotchisi