O‘zbek tiliga ehtirom, bilim va ijodkorlik tantanasi
Ona tilimizga bo‘lgan mehr va ehtiromni yuksaltirish, yoshlarning bilimlarini mustahkamlash, ularning intellektual salohiyati va ijodiy qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan respublika tanlovlarining final bosqichlari bo‘lib o‘tdi.
O‘zbek tili bayrami munosabati bilan Talaba va o‘quvchilarning ijtimoiy faolligini oshirish markazi tashabbusi bilan tashkil etilgan «Til bilimdonlari» hamda xorijlik talabalar o‘rtasidagi «O‘zbek tili – qalbim tarjimoni» tanlovlari nafaqat bilim va mahorat sinovi, balki milliy tilga sadoqat, ma’naviy qadriyatlarga hurmat va ijodiy izlanishlar maydoniga aylandi.
102 ming nafardan ortiq talaba-yoshni qamrab olgan «Til bilimdonlari» Respublika tanlovining final bosqichi Toshkent davlat texnika universitetida tashkil etildi. Hududiy bosqichlarda saralanib, eng yuqori natijalarni qayd etgan 45 nafar ishtirokchi hal qiluvchi bellashuvda o‘z bilim va mahoratini sinovdan o‘tkazdi.

Ishtirokchilar diktant yozish, test savollariga javob berish va insho yozish shartlari orqali o‘zbek tilining imlo qoidalari, grammatik me’yorlari, so‘z boyligi hamda mustaqil fikrlash qobiliyatini namoyon etdi.
Tanlovning ahamiyati shundaki, u yoshlarni tilni shunchaki o‘rganish bilan cheklanib qolmasdan, uning nozik jihatlarini chuqur anglashga, savodxonlikni oshirish va o‘z fikrlarini ravon, mantiqiy hamda ta’sirchan ifoda etishga undaydi.

Xorijlik talabalar o‘rtasidagi «O‘zbek tili – qalbim tarjimoni» Respublika tanlovining final bosqichi esa Talaba va o‘quvchilarning ijtimoiy faolligini oshirish markazida bo‘lib o‘tdi. Unda 15 nafar xorijlik talaba o‘zbek tilidagi bilim va ko‘nikmalarini, ijodiy yondashuvi hamda o‘zini namoyon etish qobiliyatini sinovdan o‘tkazdi. Tanlov doirasida ishtirokchilar o‘zlari haqida hikoya qiluvchi videoroliklar tayyorlash va o‘zbek tilida esse yozish shartlarini bajardi. Tanlovning erkin mavzudagi badiiy chiqish sharti esa ishtirokchilar uchun o‘zbek tilidagi nutq mahorati, sahna madaniyati va ijodiy tafakkurini namoyon etish imkoniyatini yaratadi. E’tiborlisi, o‘zga yurt vakillarining o‘zbek tilini o‘rganishi, uning boy ifoda imkoniyatlaridan foydalanib, o‘z fikr va tuyg‘ularini bayon etishi tilimizning xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirishga xizmat qiladi. Zero, tilni o‘rganish xalqning tarixi, madaniyati, urf-odatlari va ma’naviy olamiga yaqinlashish demakdir.

Bugungi globallashuv davrida ona tilimizni asrab-avaylash, uning nufuzini oshirish va yosh avlod qalbida tilga muhabbat tuyg‘usini shakllantirish muhim. Bunday tanlovlar yoshlarning bilimga intilishini rag‘batlantirish bilan birga, ularda sog‘lom raqobat, izlanuvchanlik, tashabbuskorlik va o‘z ustida ishlash ko‘nikmalarini ham rivojlantiradi.
Ayniqsa, minglab talaba-yoshlarni bir maqsad atrofida birlashtirgan mazkur tanlovlar o‘zbek tilining boyligi va jozibasini namoyon etish, uning qadrini yanada yuksaltirish hamda tilsevar yoshlarni qo‘llab-quvvatlash yo‘lidagi muhim tashabbuslardan biridir.
N.Usmonova,
O‘zA