Osiyoda ishonch va hamkorlikning yangi bosqichi: O‘zbekiston tashabbuslari va Boku sammiti istiqboli
Dunyoda tinchlikni ta’minlashning eng murakkab masalalaridan biri davlatlar o‘rtasidagi ishonchni saqlab qolishdir. Zero, xalqaro munosabatda o‘zaro ishonch zaiflashuvi siyosiy qarama-qarshilikni kuchaytiradi, xavfsizlikka tahdidni oshiradi va iqtisodiy hamkorlik imkoniyatini cheklaydi. Aksincha, muntazam muloqot, o‘zaro manfaatni hisobga olish va kelishmovchilikni tinch yo‘l bilan hal etish mexanizmi mavjudligi mintaqaviy barqarorlikning muhim shartidir.
Bu masala qit’amiz uchun ayniqsa dolzarb, chunki Osiyo dunyoning yirik iqtisodiy, demografik va geosiyosiy markazlarini birlashtiradi. Qit’ada ulkan iqtisodiy imkoniyat bilan birga, hududiy nizo, turli tahdidlar, iqlim o‘zgarishi, oziq-ovqat va energetika xavfsizligi, transport bog‘liqligi hamda texnologik tafovut kabi murakkab muammolar mavjud.
Shu jihatdan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash (OHICHK) qit’a davlatlari muloqotini rivojlantirish, o‘zaro ishonchni mustahkamlash va umumiy xavfsizlik masalasida hamkorlik uchun muhim ko‘p tomonlama platformadir.
Mazkur sammitda O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar xususida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti huzuridagi Sharq mamlakatlari rivojlanishini tadqiq etish ilmiy tahlil markazi direktori Adhamjon Mamajonovning fikrlarini yozib oldik.
Bugungi kunda Kengash Osiyo hududi va aholisining qariyb 90 foizini qamrab oluvchi 28 davlatni birlashtiradi. Bunday keng geografik qamrov mazkur tuzilmaning xalqaro ahamiyatini oshiradi. Eng muhimi, OHICHK turli siyosiy tizimlar, iqtisodiy taraqqiyot modellari, madaniyatlar va tashqi siyosiy qarashlarga ega davlatlarni yagona muloqot maydonida birlashtiradi.
1992-yil 5-oktabr kuni BMT Bosh Assambleyasi 47-sessiyasida ilgari surilgan mazkur tashabbusning asosiy maqsadi Osiyo davlatlari o‘rtasida tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan umumiy muloqot mexanizmini shakllantirishdan iborat. 1999-yil 14-sentabrda Olmaota shahrida bo‘lib o‘tgan tashqi ishlar vazirlari birinchi uchrashuvida a’zo davlatlar o‘rtasidagi munosabatni tartibga soluvchi tamoyil deklaratsiyasi qabul qilingan. O‘zbekiston ham ushbu hujjatni imzolagan 15 dastlabki ishtirokchi davlat qatoridan o‘rin olgan.
2002-yil 4-iyun kuni Olmaota shahrida tashkilotning birinchi sammiti bo‘lib o‘tdi va asosiy ta’sis hujjati – “Olmaota akti” qabul qilindi. Hujjat qit’ada umumiy va bo‘linmas xavfsizlik makonini shakllantirish, davlatlar o‘rtasida tinch-totuv yashash va xalqlar farovonligini ta’minlash maqsadi belgilab berdi.
2022-yil 12-13-oktabr kunlari Ostonada bo‘lib o‘tgan oltinchi sammit esa Kengash tarixida yangi bosqichni boshladi: OHICHKni bosqichma-bosqich to‘laqonli xalqaro tashkilotga aylantirishga qaratilgan Ostona bayonoti qabul qilindi. Bu qaror kengashning kelajakdagi maqomi va faoliyati samaradorligi nuqtai nazaridan muhim ahamiyatga ega: muloqot platformasidan huquqiy, tashkiliy va institutsional mexanizmi yanada mustahkamlangan xalqaro tuzilmaga o‘tish jarayoni boshlandi.
OHICHKning asosiy maqsadi Osiyo davlatlari o‘rtasida o‘zaro ishonchni mustahkamlash orqali tinchlik, xavfsizlik, barqarorlik va o‘zaro manfaatli taraqqiyot uchun qulay sharoit yaratishdan iborat.
Kengash faoliyatida davlatlar suveren tengligi, hududiy yaxlitligi, ichki ishlarga aralashmaslik, kuch ishlatmaslik, nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish va xalqaro huquq normalariga rioya qilish tamoyili ustuvor hisoblanadi.
Shu o‘rinda muhim jihatni alohida ta’kidlash lozimki, Kengash harbiy-siyosiy blok emas. Asosiy vosita harbiy majburiyat yoki majburlov mexanizmi emas, balki siyosiy muloqot, diplomatik maslahatlashuv, axborot almashinuvi va ixtiyoriy ishonch choralaridir.
OHICHK faoliyati besh asosiy yo‘nalishni qamrab olgan: harbiy-siyosiy soha, yangi tahdid va xavf-xatarga qarshi kurashish, iqtisodiy hamkorlik, ekologiya hamda insoniy me’yorlar.
Bunday yondashuv xavfsizlik tushunchasining zamonaviy talqiniga mos keladi, chunki bugungi dunyoda xavfsizlik faqat davlat chegaralarini himoya qilish yoki harbiy tahdidning oldini olish bilan cheklanmaydi. Aholining oziq-ovqat, energiya, suv, sog‘liqni saqlash va barqaror yashash sharoitiga ehtiyojini ta’minlash ham xavfsizlikning muhim tarkibiy qismidir.
Qayd etish joiz, O‘zbekiston OHICHKning dastlabki ishtirokchilaridan biri sifatida tuzilma shakllanishi va rivojlanishida faol qatnashib kelmoqda. Ayni jarayon O‘zbekiston tashqi siyosatining asosiy yo‘nalishlari – tinchlikparvarlik, yaxshi qo‘shnichilik, ko‘p tomonlama muloqot, mintaqaviy barqarorlik va o‘zaro manfaatli iqtisodiy hamkorlik bilan uyg‘un.
Yana bir muhim amaliy hissamiz kengashning insoniy o‘lchoviga oid ishonch choralarini rivojlantirish bilan bog‘liq. Mamlakatimiz ushbu yo‘nalishda muvofiqlashtiruvchi davlat hamda OHICHK Yoshlar kengashi hamraisi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.
2021-yil O‘zbekiston tashabbuslari asosida ishonch choralari katalogining insoniy o‘lchovga oid yo‘nalishlari kengaytirilib, demokratiya, qonun ustuvorligi, fuqarolik jamiyati, inson huquqlari institutlari hamda xotin-qizlar imkoniyatini mustahkamlashga doir hamkorlik masalalari ilgari surildi.
2022-yil oktabr oyida Ostonada bo‘lib o‘tgan oltinchi sammitda Prezident Shavkat Mirziyoyev kengash faoliyatini rivojlantirish yuzasidan qator muhim takliflar bildirdi.
Birinchi navbatda Afg‘onistondagi vaziyatga alohida e’tibor qaratilib, ushbu mamlakat bilan bog‘liq masalalarda umumiy va muvofiqlashtirilgan yondashuvlar ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi. Muammolarga xalqaro hamjamiyat e’tiborini kuchaytirish va amaliy muloqot mexanizmini shakllantirish tashabbusi ilgari surildi.
Ikkinchi muhim yo‘nalish yoshlar xavfsizligi bilan bog‘liq edi. Radikal g‘oyalar va ekstremistik oqimlarning yoshlar ongiga ta’sirini kamaytirish maqsadida O‘zbekiston “Avlodlar muloqoti” formati yo‘lga qo‘yilishini taklif etdi.
Ushbu tashabbusning konseptual ahamiyati xavfsizlik masalasiga faqat huquqni muhofaza qilish yoki ma’muriy choralar nuqtai nazaridan emas, balki ma’rifat, ijtimoiy integratsiya, yoshlar bandligi va avlodlararo muloqot orqali yondashish zarurligi ifodalanganida.
Uchinchi yo‘nalish iqtisodiy xavfsizlik va transport bog‘liqligiga taalluqli. O‘zbekiston Osiyoda ishlab chiqarish va logistika zanjirini mustahkamlash, savdo uchun yangi imkoniyatlar yaratish, transport yo‘laklarini rivojlantirish hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan hamkorlik kuchaytirilishi tarafdori.
To‘rtinchi yo‘nalish ekologik xavfsizlik bilan bog‘liq: O‘zbekiston Prezidenti “Yashil Osiyo” konseptual dasturi asosida muntazam ekspert maslahatlashuvini yo‘lga qo‘yish taklifini kiritdi.
Ushbu tashabbuslar O‘zbekistonning OHICHK doirasidagi yondashuvi xavfsizlik, iqtisodiyot, ekologiya va inson kapitalini yagona strategik masala sifatida ko‘rishga asoslanganini namoyon etdi.
Shuningdek, OHICHK doirasidagi faolligimiz faqat sammitlardagi tashabbuslar bilan cheklanmaydi. 2026-yil 3-4-iyun kunlari Toshkent shahrida Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi bog‘liqlikka bag‘ishlangan ikkinchi Termiz muloqoti bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir doirasida OHICHK Bosh kotibi Qayrat Saribay ham ishtirok etdi.
Bu tashabbus O‘zbekistonning transport-kommunikatsiya bog‘liqligi, Afg‘oniston orqali mintaqalararo hamkorlik va iqtisodiy barqarorlik masalalarini xalqaro kun tartibiga olib chiqishdagi faol rolini ko‘rsatadi.
Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida o‘tkazilgan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning yettinchi sammiti OHICHK tarixidagi muhim siyosiy tadbirlardan biri sifatida baholanmoqda. Birinchi sabab – Kengash faoliyatini institutsional jihatdan yangi bosqichga ko‘tarish jarayoni boshlandi.
2024-2026-yillarda Ozarbayjon OHICHKga raislik qilib, ushbu davrda tashkilotning samaradorligini oshirish, transport bog‘liqligini rivojlantirish, raqamlashtirish va barqaror iqtisodiy taraqqiyot yo‘nalishlarida hamkorlikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratdi.
Raislikning asosiy yo‘nalishlaridan biri OHICHKni to‘laqonli xalqaro tashkilotga aylantirish bo‘yicha muzokarani davom ettirish bo‘ldi. Shu maqsadda Kengashning kelajakdagi Nizomi – Xartiyasi loyihasi ishlab chiqilib, a’zo davlatlar tomonidan muhokama qilindi.
Boku sammitida ushbu hujjat bo‘yicha muhim qarorlar qabul qilinib, Xartiya yuzasidan yakuniy kelishuvga erishilishi OHICHKning institutsional maqomini mustahkamlash va xalqaro tizimdagi rolini oshirish yo‘lida muhim natijadir.
Sammit kun tartibidan Osiyoda ishonch, tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash, transport bog‘liqligini rivojlantirish, raqamlashtirish, barqaror iqtisodiy o‘sish va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari ham o‘rin olgan.
Tadbir yakunida Boku deklaratsiyasi hamda Kengash roli va samaradorligini oshirishga qaratilgan qarorlar to‘plami qabul qilindi. Xullas, Boku sammiti O‘zbekiston uchun bir vaqtning o‘zida ikki muhim vazifani amalga oshirish maydoni bo‘lib xizmat qilmoqda: Osiyo miqyosida ko‘p tomonlama diplomatiyani rivojlantirish va Ozarbayjon hamda boshqa hamkor davlatlar bilan ikki tomonlama aloqalarni chuqurlashtirish.
Boku sammiti O‘zbekistonning Osiyo xavfsizlik arxitekturasidagi ishtirokini kuchaytirish va mavjud tashabbuslarini yangi amaliy bosqichga olib chiqish uchun qator imkoniyatlar yaratadi.
Avvalo, mamlakatimiz Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi transport bog‘liqligini kuchaytirish, Transafg‘on yo‘nalishi va boshqa transport tashabbuslarini ko‘p tomonlama muhokamaga olib chiqish orqali OHICHK iqtisodiy kun tartibining rivojlanishiga hissa qo‘shadi.
Qolaversa, O‘zbekiston Afg‘oniston masalasida konstruktiv muloqot, iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, transport va energetika infratuzilmasini kengaytirish orqali barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surmoqda. “Yashil Osiyo” tashabbusini ekologik xavfsizlik bo‘yicha muntazam ekspertlar muloqoti, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar va amaliy ekologik dasturlar bilan bog‘lash mumkin. Ayniqsa, Orolbo‘yi muammosi, cho‘llanish, suv tanqisligi va iqlim o‘zgarishiga moslashish masalalarini Osiyo miqyosida muhokama qilish O‘zbekiston uchun alohida ahamiyatga ega.
Yana bir muhim jihat: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, O‘zbekistonning xalqaro munosabatlar yo‘nalishidagi ilmiy-tahliliy markazlari va Osiyodagi yetakchi tadqiqot institutlari o‘rtasida xavfsizlik, mintaqaviy hamkorlik, suv diplomatiyasi, transport bog‘liqligi, yoshlar siyosati hamda madaniyatlararo muloqot bo‘yicha qo‘shma ilmiy loyihalar shakllanmoqda.
Bu yo‘nalishlar O‘zbekistonning OHICHK doirasidagi ishtirokini faqat siyosiy-diplomatik maydonda emas, balki ilmiy, iqtisodiy va gumanitar hamkorlikning amaliy mexanizmida ham mustahkamlashga xizmat qiladi.
Anjumanning tarixiy ahamiyati shundaki, mazkur tuzilma Osiyoning turli siyosiy, iqtisodiy va madaniy tizimlarga ega davlatlarini umumiy xavfsizlik va taraqqiyot masalalari atrofida birlashtirib kelmoqda.
O‘zbekiston esa Kengashning dastlabki ishtirokchilaridan biri sifatida mintaqaviy xavfsizlik, Afg‘oniston masalasi, transport bog‘liqligi, iqtisodiy barqarorlik, ekologik muammolar, yoshlar siyosati va insoniy xavfsizlik yo‘nalishlarida o‘zining konstruktiv tashabbuslarini ilgari surmoqda. Shu ma’noda Boku sammiti Osiyo davlatlari o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash, ishonch choralarini kengaytirish va umumiy xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha yangi imkoniyatlar ochadi. Zero, bugungi murakkab xalqaro sharoitda xavfsizlikning eng mustahkam asosi faqat harbiy yoki iqtisodiy qudrat emas, balki davlatlar o‘rtasidagi ishonch, manfaat muvozanati, ochiq muloqot va o‘zaro mas’uliyatdir. OHICHKning kelajakdagi ahamiyati ham ayni tamoyillarni amaliy hamkorlikka aylantira olishiga bog‘liq.
Go‘zal Sattorova tayyorladi.
O‘zA