Istanbul — Toshkent reysi nega kechikdi?
Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda “Centrum Air” aviakompaniyasining Istanbul — Toshkent yo‘nalishidagi C6302 reysi 3 soatdan ortiq vaqtga kechikkani haqida xabarlar tarqaldi. Ayrim yo‘lovchilar ushbu holat yuzasidan o‘z noroziligini bildirgan.
Mazkur holat Raqobat qo‘mitasi tomonidan nazoratga olindi. Hozirda reysning kechikishi bilan bog‘liq vaziyat, jumladan, yo‘lovchilarga zarur axborot berilgani, tegishli xizmatlar ko‘rsatilgani va iste’molchilarning huquqlari ta’minlangani o‘rganilmoqda. Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunga qadar “Centrum Air” va boshqa aviakompaniyalar xizmatlaridan norozilik bo‘yicha 270 dan ortiq murojaat kelib tushgan.
Bu murojaatlarda aviaqatnovlar, jumladan, reyslarning kechikishi va yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq masalalar ko‘tarilgan. Shu bois aviakompaniya aybi bilan reys belgilangan vaqtdan kechiktirilgan yoki yo‘lovchi manziliga kech yetkazilgan holatlarda uning huquqlarini ta’minlash masalasi ham alohida e’tiborda. Raqobat qo‘mitasi tomonidan yo‘lovchilarga pullik kompensatsiya to‘lash tartibini belgilash bo‘yicha Transport vazirligiga bir nechta ko‘rsatmalar berilgan. Ayni paytda aviatashuv xizmatlarida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini yanada takomillashtirish bo‘yicha ishlar davom etmoqda.
Istanbul — Toshkent reysi bo‘yicha o‘rganish natijalarida qonunbuzilish holatlari aniqlansa, qo‘mita tomonidan o‘z vakolatlari doirasida tegishli choralar ko‘riladi. O‘rganish yakuni bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beriladi. Aviatashuv xizmatlaridan foydalanishda huquqlari buzilgan fuqarolar Raqobat qo‘mitasining 1159 yagona ishonch raqami orqali murojaat qilishlari mumkin.
Nigora Rahmonova, O‘zA