Islohotlar yangi bosqichga chiqmoqda
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimizda aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, oqova suv tizimlarini modernizatsiya qilish hamda muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini tubdan yangilash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. So‘nggi yillarda bu borada qabul qilingan qaror va dasturlar nafaqat shaharlar, balki chekka qishloqlar aholisi uchun ham munosib turmush sharoitini yaratishga xizmat qilmoqda.
Bugun suv ta’minoti sohasida amalga oshirilayotgan har bir loyiha — inson qadrini ulug‘lash, aholi salomatligini muhofaza qilish va kelajak avlodlar uchun mustahkam infratuzilma barpo etishga qaratilgan ezgu maqsadlarning amaliy ifodasidir.
Ana shu keng ko‘lamli islohotlarning amaliy natijalari bilan tanishish maqsadida “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Tohir Xaydarov xizmat safari bilan Buxoro viloyatida bo‘ldi. Safar davomida hududda amalga oshirilayotgan yirik investitsiya loyihalari, suv tozalash inshootlari faoliyati hamda aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati atroflicha o‘rganildi.

Xizmat safari dastlab “Buxoro suv ta’minoti” aksiyadorlik jamiyatida o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishdan boshlandi. Unda korxona rahbariyati, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki loyihalarini muvofiqlashtirish guruhi vakillari, xalqaro ekspertlar, loyihachi tashkilotlar hamda pudratchi korxonalar mas’ullari ishtirok etishdi.
Yig‘ilishda Buxoro viloyatida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarining bugungi holati har tomonlama tahlil qilindi. Qurilish-montaj ishlarining borishi, loyiha hujjatlarining tayyorgarlik darajasi, xalqaro konsultantlar faoliyati, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish choralari muhokama markazida bo‘ldi.

Muhokamalar davomida ayrim loyihalarda kuzatilayotgan kechikishlar tanqidiy tahlil qilinib, qurilish ishlarini jadallashtirish, xalqaro standartlar asosida sifat nazoratini kuchaytirish, barcha mas’ul tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada takomillashtirish yuzasidan aniq vazifalar belgilab berildi. Shu bilan birga, har bir amalga oshirilayotgan ish avvalo inson manfaatiga xizmat qilishi, qurilish jarayonlarida xavfsizlik, sifat va shaffoflik tamoyillariga so‘zsiz amal qilinishi alohida ta’kidlandi.
Mazkur yirik investitsiya dasturi to‘liq amalga oshirilgach, Buxoro viloyatidagi 195 ta mahallada yashovchi 1 million 254 ming nafar aholi markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanadi. Shuningdek, 165 ming nafar aholi zamonaviy oqova suv xizmatlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu esa nafaqat aholi turmush sifatini yuksaltirish, balki hududning ekologik barqarorligini ta’minlash va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Xizmat safari doirasida Buxoro tumanida joylashgan “Zarafshon” suv tozalash va uzatish inshooti ham ko‘zdan kechirildi. Mazkur ob’ektda yaqinda amalga oshirilgan keng ko‘lamli rekultivatsiya ishlari natijasida umumiy hajmi 400 ming kub metr bo‘lgan tindirgich havzalari qariyb bir asr mobaynida to‘plangan cho‘kindilardan tozalandi.
Bu ishlar suvni tozalash jarayoni samaradorligini sezilarli darajada oshirish, inshootning uzluksiz va ishonchli ishlashini ta’minlash hamda aholiga yetkazib berilayotgan ichimlik suvi sifatini yanada yaxshilash imkonini bermoqda. Ayni paytda ushbu inshoot orqali Buxoro, Jondor, Romitan va Peshku tumanlarida yashovchi 60 mingdan ortiq aholi sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlanmoqda.

Inshoot faoliyati bilan tanishish jarayonida mavjud quvvatlardan yanada samarali foydalanish, energiya tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish, ishlab chiqarish jarayonlarini modernizatsiya qilish hamda yoz mavsumida ichimlik suviga bo‘lgan yuqori talabni barqaror qondirish yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.
Bugun Buxoro viloyatida amalga oshirilayotgan bu kabi keng qamrovli ishlar Prezidentimiz rahbarligida suv xo‘jaligi sohasida boshlangan tarixiy islohotlarning amaliy samarasidir. Davlatimiz rahbarining ushbu sohaga qaratayotgan doimiy e’tibori, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorlikni kengaytirish va aholini sifatli kommunal xizmatlar bilan ta’minlashga qaratilgan tashabbuslari xalqimiz farovonligini ta’minlashda muhim omilga aylanmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri