Ishonchli va haqqoniy ekspertiza xulosasi bilan haqiqat qaror topadi
Shu bois, sud-ekspertlarga qo‘yiladigan talablar kuchaytirildi
2026-yil 11-iyunda davlatimiz rahbari “Sud-ekspertlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Mazkur qonunda nimalar nazarda tutilgan va sohada qanday o‘zgarishlar kutilmoqda?
Shu haqda Oliy Majlis Senati a’zosi Zumrad Bekatova bilan suhbatlashdik.

– Sud-ekspertiza sohasi – qonun ustuvorligi va adolatni ta’minlashning muhim ustunlaridan biri hisoblanadi, – deydi Z.Bekatova. – Odil sudlov faqat ishonchli dalilga tayangandagina haqiqiy qiymatga ega bo‘ladi.
Sud eksperti tomonidan berilgan xulosalar tergov va sud organlariga ish yuzasidan dalillarga baho berishda alohida ahamiyat kasb etadi. Bunday sharoitda ekspertlardan ham ilmiy yondashuv, ham zamonaviy texnologiyalardan foydalanish talab etiladi.
Shu bois, mamlakatimizda keyingi yillarda sud-ekspertiza sohasini rivojlantirish, moddiy-texnik jihatdan qayta ko‘rib chiqish hamda ekspertlar salohiyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
– Sohada yechimini kutayotgan qanday masalalar mavjud?
– Albatta, mazkur sohada islohotlar amalga oshirilgan. Shu bilan birga, bugungi kun nuqtai nazaridan yechimini kutayotgan ayrim masalalar ham mavjud.
Birinchidan, nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari va nodavlat sud ekspertining huquqiy maqomi, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga asosan tadqiqotlar o‘tkazilishi hamda elektron ma’lumotlar bilan ishlash tartiblari qonun darajasida belgilanmagan.
2023-2024-yillarda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga asosan 16 mingdan ortiq tadqiqot o‘tkazilgan. Bu, o‘z navbatida, turli ziddiyatli holatlarga ijobiy baho berishda ko‘maklashmoqda.
Ikkinchidan, xalqaro tan olingan tadqiqot usullarini mamlakatimizda qo‘llash masalasi huquqiy tartibga solinmagan. Amalda foydalanilayotgan 500 dan ortiq uslubiyotning 200 ga yaqini xalqaro talablar asosida takomillashtirilishi lozim.
Uchinchidan, ekspertiza tadqiqotlarini o‘tkazishda ilmiy, ta’lim va boshqa tashkilotlar imkoniyatlaridan foydalanish yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmagan. Amaliyotda ilmiy, ta’lim va boshqa tashkilotlar mutaxassislari faqatgina sud-tergov organlari tomonidan zaruratga ko‘ra ekspert sifatida jalb qilingandagina ekspertiza tadqiqotlarini o‘tkazmoqda.
To‘rtinchidan, xalqaro hamkorlik va chet el ekspertlarini jalb qilish imkoniyatlari cheklangan.
– Yangi qonun bularning barchasiga barham beradimi? Qonun bilan qanday o‘zgarishlar kutilmoqda?
– Qonun amalga oshirilayotgan islohotlarning mantiqiy davomi bo‘lib, yuqorida keltirilgan muammolarni bartaraf etadi. Qonunda nodavlat sud ekspertlarining huquqiy maqomi, ularni tashkil etish, faoliyat yo‘nalishlari belgilanmoqda, shuningdek, nodavlat sud-ekspertlariga byuro tashkil etgan holda yakka tartibda faoliyat yuritishga ruxsat beriladi.
Bu, o‘z navbatida, davlat sud ekspertiza muassasalarining mavjud ish yuklamasi kamayishiga, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning malakali sud ekspertizasi xulosalariga bo‘lgan ehtiyojlarining qondirilishi hamda faoliyatda raqobatni ta’minlashga yordam beradi.
Advokatning so‘roviga asosan hamda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga muvofiq shartnoma asosida davlat va nodavlat sud ekspertlari tomonidan tadqiqotlar o‘tkazish tartiblari nazarda tutilmoqda.
Ekspertiza tayinlashga doir masalalarning huquqiy jihatdan to‘la tartibga solinishi sudda tortishuvchanlik institutining ta’minlanishiga hissa qo‘shadi. Sud-ekspertlik faoliyatining yanada ishonchliligini oshirish maqsadida akkreditatsiya va validatsiya institutlari joriy etiladi.
Sud ekspertiza tadqiqotlarida foydalanib kelinayotgan usullar, uslubiyotlar, shuningdek uskunalarning sifati va samaradorligini baholash, shuningdek, ularning vakolatliligini tan olish orqali soha yanada rivojlantiriladi.
Sud-ekspertiza muassasalari (tashkilotlari), sud ekspertlari hamda sud-ekspertiza tadqiqotlarida foydalaniladigan uslubiyotlar ro‘yxatining davlat reyestrini yuritish yo‘lga qo‘yiladi.
Bu sud-tergov organlariga qo‘shimcha qulayliklar yaratadi, yagona amaliyot yo‘lga qo‘yilishi orqali xulosalar haqqoniyligini oshiradi.
– Sud ekspertlarining malakali va haqqoniy ishlashi uchun qo‘yilgan talablarni bajarishi qanday baholanadi?
– Bu borada, eng avvalo, davlat sud-ekspertiza muassasalari ekspertlari hamda nodavlat sud ekspertlarining faoliyati yuzasidan ekspert-malaka komissiyalari tuziladi.
Bu esa sud ekspertlarining noqonuniy harakatlari bilan bog‘liq holatlarning adolatli va xolis ko‘rib chiqilishini ta’minlaydi. Jismoniy va yuridik shaxslarning sud ekspertlaridan norozilik mazmunidagi murojaatlarini batafsil o‘rganilishini tashkil etishga ko‘maklashadi.
Sud-ekspertlarining kasb-etika qoidalari va ekspertizani o‘tkazishga doir cheklovlar joriy qilinadi.
Vazirlar Mahkamasi hamda vakolatli davlat organi sifatida Adliya vazirligining sud-ekspertlik sohasini davlat tomonidan tartibga solish sohasidagi vakolatlari aniqlashtirildi. Vazirlikka sud ekspertizasi sohasida ilmiy-uslubiy ishlarni tashkil etishga ko‘maklashish, ustuvor yo‘nalishlarini ishlab chiqish kabi funksiyalar berildi.
Nodavlat sud ekspertlarini birlashtiruvchi, ularga yaqindan ko‘maklashuvchi Sud ekspertlari palatasi tashkil etiladi. Palata nodavlat sud ekspertlari ixtiyoriy a’zoligi asosida tuziladi.
Sud-ekspertlik faoliyatini moliyalashtirish tartibi takomillashtiriladi. Davlat sud-ekspertiza muassasalari jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga muvofiq o‘tkazilgan tadqiqotlar natijalariga ko‘ra ekspert fikrlari berganligi uchun to‘lov undirishga haqli bo‘ladi.
Sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yanada qulayliklar yaratish va ularni tajribali sud ekspertiga bo‘lgan talablarini to‘liq qondirish maqsadida sud ekspertizasini chet davlatning sud ekspertlarini jalb qilish orqali o‘tkazish mexanizmlari belgilandi.
Qonun nodavlat sud ekspertlari faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga va advokatning so‘roviga asosan ekspertiza tadqiqotlarini o‘tkazishning huquqiy asoslari yaratilishiga, ekspertiza xulosalari ishonchliligining yanada oshishiga, sudda tortishuvchanlik institutining to‘laqonli ta’minlanishiga xizmat qiladi.
Qonunda nazarda tutilgan normalar sud-ekspertlik faoliyatining xolisligi, mustaqilligi va ishonchliligini ta’minlash orqali sud qarorlarining adolatli qabul qilinishi uchun mustahkam huquqiy zamin yaratadi. Sudlov jarayonida inson huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytiradi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur qonun 2026-yil 13-dekabrda kuchga kiradi.
O‘zA muxbiri Norgul Abduraimova suhbatlashdi