Iqtidorli yoshlar — Buxoroning xalqaro maydondagi yangi salohiyati
Bugun yurtimizda yoshlarning bilim olishi, o‘z iqtidor va salohiyatini to‘la namoyon etishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar o‘z samarasini bermoqda. Ayniqsa, xalqaro fan olimpiadalarida O‘zbekiston yoshlarining tobora munosib natijalarga erishayotgani mamlakatimizda ta’lim sohasiga qaratilayotgan e’tiborning amaliy ifodasidir.
Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov Buxoro shahridagi Prezident maktabida bo‘lib, xalqaro olimpiadada yurtimiz sharafini himoya qilishga tayyorlanayotgan iqtidorli o‘quvchilar bilan uchrashdi.
Muloqotda yoshlarning erishgan natijalari, oldiga qo‘ygan maqsadlari va kelajak rejalari haqida so‘z bordi. Ayniqsa, o‘quvchilarning Xalqaro ingliz tili olimpiadasi — ELO saralashining respublika bosqichida katta yosh toifasida (Senior) ikkinchi bor muvaffaqiyatli ishtirok etib, faxrli ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgani alohida e’tirof etildi.
Bu natija — shunchaki bir olimpiadada qo‘lga kiritilgan o‘rin emas. Uning zamirida o‘quvchining izlanishi, ustozlarning mehnati, oila va ta’lim muassasasining ko‘magi, eng muhimi, yosh avlodga yaratilgan keng imkoniyatlar mujassam.

Endilikda buxorolik iqtidorli o‘quvchilar viloyat hokimligi ko‘magida Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tadigan xalqaro bosqichda ishtirok etib, o‘z bilim va salohiyatlarini jahon maydonida namoyon etish imkoniyatiga egadirlar.
Viloyat rahbari bilan suhbatda yoshlarning nafaqat bugungi yutuqlari, balki katta maqsad va kelajak rejalari ham muhokama qilindi. Botir Zaripov ularning bilimga intilishlari, muntazam izlanishlari va o‘z ustida ishlashlari e’tiborga molik ekanini ta’kidlab, bugungi iqtidorli yoshlar mamlakatimizning ertangi kuni, taraqqiyotning asosiy tayanchi ekanini qayd etdi.
Darhaqiqat, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida yoshlarga oid davlat siyosatida ta’lim va iqtidorni qo‘llab-quvvatlash ustuvor yo‘nalishlardan biriga aylangan. Yoshlarning xalqaro olimpiadalarda ishtirok etishi, ularni munosib tayyorlash, qobiliyatini ro‘yobga chiqarish va xalqaro maydonda O‘zbekiston nomini munosib himoya qilishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgan tashabbuslar bugun o‘zining amaliy natijalarini bermoqda.

Buxoro viloyatida ham ushbu ezgu maqsadlarni hayotga tatbiq etish, iqtidorli o‘quvchilarni aniqlash va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Viloyat hokimligining yoshlarni xalqaro musobaqalarga tayyorlash va ularning ishtirokini qo‘llab-quvvatlash borasidagi amaliy ko‘magi ana shu yondashuvning muhim namunasidir.
Viloyat rahbari o‘quvchilarga xalqaro bosqichda ham yuqori natijalar qayd etib, Buxoro va O‘zbekiston nomini munosib himoya qilishlariga ishonch bildirdi. Yoshlarga omad tilab, erishilgan yutuqlar yangi marralar uchun mustahkam poydevor bo‘lishiga ishonch bildirdi. Shunindek, Prezident maktabida ta’lim sifati, o‘quvchilarning erishayotgan natijalari, ular uchun yaratilgan shart-sharoitlar ham o‘rganildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri