Inson manfaatlarini ko‘zlagan raqamli davlat sari: FHDYO sohasidagi yangiliklar va ularning ahamiyati
Inson hayotining eng muhim voqealari — tug‘ilish, nikoh, farzand ko‘rish, ajralish, ism yoki familiyani o‘zgartirish va vafot kabi holatlar davlat tomonidan rasman qayd etiladi. Bu vazifani fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish (FHDYO) organlari bajaradi.
FHDYO yozuvlari shunchaki rasmiy hujjatlar emas, balki insonning huquqiy maqomi, oilaviy munosabatlari, meros, fuqarolik hamda ijtimoiy himoya huquqlarining mustahkam asosidir. Shu bois bu sohadagi islohotlar bevosita har bir fuqaroning manfaati va turmush farovonligiga daxldordir.
So‘nggi yillarda Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar doirasida FHDYO sohasi ham tubdan yangilandi. Tizim ortiqcha qog‘ozbozlik va navbatlardan xalos bo‘lib, raqamli, shaffof hamda insonga yo‘naltirilgan zamonaviy xizmat turiga aylandi. Sohadagi eng yirik o‘zgarishlardan biri — faoliyatning to‘liq raqamli asosga o‘tkazilganidir. Yagona elektron axborot tizimi yaratilib, tug‘ilish, nikoh, ajralish va vafot to‘g‘risidagi yozuvlar elektron shaklda yuritila boshlandi. Yillar davomida qog‘ozda saqlangan arxiv yozuvlarining raqamli bazaga kiritilishi hujjatlarning yo‘qolishi yoki shikastlanishi xavfini bartaraf etib, zarur ma’lumotlarni bir necha daqiqada topish imkonini yaratmoqda. Bu esa meros, pensiya va ijtimoiy yordam olishda fuqarolar huquqlarining abadiy va ishonchli saqlanishini ta’minlaydi.
Ilgari fuqaro har bir xizmat uchun bir necha idoraga qatnab, turli ma’lumotnomalar yig‘ishga majbur bo‘lgan bo‘lsa, bugun ko‘plab xizmatlar masofadan, onlayn tarzda yoki Davlat xizmatlari markazlari orqali «bir darcha» tamoyilida ko‘rsatilmoqda. Masalan, bolaning tug‘ilishi tibbiyot muassasasi bilan bog‘langan integratsiyalashgan tizim orqali tezkor qayd etilib, guvohnoma ota-onaga qisqa muddatda topshirilmoqda. Nikoh yozuviga arizalarni elektron shaklda yuborish imkoniyati yaratilgani fuqarolarning vaqti va mablag‘ini tejab, idoralararo bevosita murojaatlarni kamaytirish orqali korrupsiya omillarini bartaraf etmoqda.
Shu bilan birga, idoralararo elektron ma’lumot almashinuvining yo‘lga qo‘yilgani «inson hujjat uchun emas, hujjat inson uchun» tamoyilining amaliy ifodasi bo‘ldi. Bu tizim davlat xizmatlarini sodda, tushunarli va hamma uchun ochiq qilib, ayniqsa aholining ehtiyojmand qatlamlari va uzoq hududlarda yashovchi fuqarolar uchun katta qulayliklar yaratmoqda.
Sohadagi yangiliklar oila institutini mustahkamlashga ham bevosita yo‘naltirilgan. Nikohdan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tish talabi bo‘lajak oila va farzandlar salomatligini muhofaza qilishga xizmat qilmoqda. Nikoh yoshining qizlar uchun ham 18 yoshga tenglashtirilishi erta nikohlarning oldini olishda muhim omil bo‘ldi. Ajralish holatlarida taraflarga murosaga kelish uchun muddat berilishi esa oilalarni saqlab qolishga yordam bermoqda. Bu choralar oilani nafaqat shunchaki ro‘yxatga olish ob’ekti, balki jamiyatning asosiy va muqaddas bo‘g‘ini sifatida muhofaza qiladi.
Bundan tashqari, yozuvlardagi xato va noaniqliklarni tuzatish tartibi soddalashtirilib, fuqarolarning sudga bormasdan, FHDYO organining o‘zida ko‘plab masalalarni hal etishiga imkon yaratildi. Hujjatlarni xalqaro miqyosda tan olinishi (apostil) hamda chet elda yashovchi vatandoshlarga xizmat ko‘rsatish mexanizmlarining takomillashtirilishi fuqarolarimizga o‘z huquqiy hujjatlaridan xorijda ham erkin foydalanish imkonini bermoqda.
Yuqoridagi o‘zgarishlar yaxlit va mustahkam tizim sifatida ishlamoqda. Ular insonning huquqiy maqomini ishonchli himoya qiladi, shaffoflikni oshirib, davlatga bo‘lgan ishonchni mustahkamlaydi hamda davlat va fuqaro o‘rtasidagi munosabatni «idora ustunligi»dan «inson manfaati ustunligi» tamoyiliga burmoqda. Ushbu islohotlar Bosh qomusimizda mustahkamlab qo‘yilgan inson qadr-qimmati, oila va bolalar manfaatini oliy qadriyat deb e’tirof etish tamoyillarining kundalik hayotdagi amaliy ifodasidir. FHDYO sohasidagi yangiliklar shunchaki ma’muriy o‘zgarishlar emas, balki insonga munosabatning yangi falsafasi bo‘lib, Yangi O‘zbekistonning «Inson qadri uchun» degan ulug‘ g‘oyasini har bir oila va fuqaro hayotida ro‘yobga chiqarishga xizmat qilmoqda.
Nilufar YUSUFBEKOVA,
Olmazor tumani FHDYO bo‘limi mudirasi