Raqobat qo‘mitasi: biologik faol qo‘shimchalarni (BAD) dori vositasi sifatida targ‘ib qilish mumkin emas
So‘nggi vaqtlarda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda biologik faol qo‘shimchalar, malhamlar, surtmalar, balzamlar, damlamalar hamda mineral suvlarni turli kasalliklarni davolash vositasi sifatida targ‘ib qilayotgan reklamalar ko‘paymoqda.
Ayrim reklamalarda mazkur mahsulotlar diabet, insult, gastrit, yurak-qon tomir, jigar, buyrak, artrit, gipertoniya kabi kasalliklarni davolashda samarali vosita sifatida ko‘rsatilmoqda. Bu esa iste’molchilarda mahsulotning dori vositasi ekani haqida noto‘g‘ri tasavvur paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin.
Vakolatli organlar xulosasiga ko‘ra, biologik faol qo‘shimchalarning asosiy vazifasi organizmning foydali moddalarga bo‘lgan kundalik ehtiyojini qondirishdan iborat. Ular dori vositasi hisoblanmaydi va kasalliklarni davolash uchun mo‘ljallanmagan.
Shu sababli biologik faol qo‘shimchalarni davolovchi vosita sifatida talqin qilish yoki ularning shifobaxsh xususiyatlarini bo‘rttirib ko‘rsatish qonunchilik talablariga zid.
«Reklama to‘g‘risida»gi Qonunning 35-moddasida biologik faol qo‘shimchalar va oziq-ovqat qo‘shimchalari reklamasiga nisbatan qator talablar belgilangan.
Xususan, bunday reklamalarda mahsulot dori vositasi yoki davolash xususiyatiga ega degan taassurot uyg‘otish, odamlarning davolangani yoki sog‘lig‘i yaxshilangani haqidagi holatlarga havola qilish, shuningdek, fuqarolarning minnatdorchiligi yoki tavsiyalaridan foydalanish taqiqlanadi.
Bundan tashqari, reklama sog‘lom ovqatlanishni rad etishga undamasligi, tadqiqotlar yoki davlat ro‘yxatidan o‘tganlik haqidagi ma’lumotlar orqali mahsulotni dori vositalaridan ustun qo‘yishga olib kelmasligi kerak.
Eng muhimi, biologik faol qo‘shimchalar reklamasi har bir holatda «Ushbu mahsulot dori vositasi emas» mazmunidagi ogohlantirish bilan berilishi shart.
Reklama to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini buzganlik uchun belgilangan tartibda moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilishi mumkin.
Raqobat qo‘mitasi reklama beruvchilar va reklama tarqatuvchilarni qonunchilik talablariga qat’iy rioya qilishga, iste’molchilarni chalg‘ituvchi, asossiz yoki haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarni tarqatmaslikka chaqirdi.
Hamroz Bayonov, O‘zA