Memorial majmua hududi ochiq jamoat parkiga aylantirilmoqda (+video)
Iyul oyida Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Toshkentdagi istirohat bog‘larini ko‘zdan kechirib, ularni aholi uchun yanada qulay, zamonaviy va ochiq jamoat maskanlariga aylantirish bo‘yicha topshiriq bergan edi.
Hozirda ushbu tashabbus doirasida O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasiga tutash 37 gektar maydondagi hududni kompleks rivojlantirish va uni zamonaviy ochiq jamoat parkiga aylantirish ishlari boshlandi. Loyiha doirasida park hududi zamonaviy shaharsozlik talablari asosida qayta tashkil etiladi.
Asosiy e’tibor hududni fuqarolar uchun yanada ochiq va qulay qilish, yashil maydonlarni ko‘paytirish hamda zamonaviy infratuzilmani yaratishga qaratiladi. Shuningdek, parkda piyodalar uchun qulay yo‘laklar, dam olish maskanlari, ko‘kalamzor hududlar va boshqa zarur infratuzilma barpo etilishi rejalashtirilgan. Natijada hudud nafaqat memorial majmua atrofi, balki poytaxt aholisi va mehmonlari uchun ham zamonaviy jamoat makoniga aylanishi ko‘zda tutilgan.
Mazkur ishlar Toshkentda yashil hududlarni kengaytirish, ekologik vaziyatni yaxshilash va aholining mazmunli dam olishi uchun qulay sharoit yaratishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarning bir qismi hisoblanadi. Bu tashabbus poytaxtda ochiq jamoat makonlari sonini ko‘paytirish va shahar muhitini yanada qulay hamda jozibador qilishga xizmat qiladi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/cDhXo2XSUfk" title="Memorial majmua hududi ochiq jamoat parkiga aylantirilmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Dildora DO‘SMATOVA, Doniyor Yoqubov, Anvarxo‘ja Ahmedov (video), O'zA