Kon-geologiya sohasida raqamlashtirish va sun’iy intellekt bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar
Joriy yilning 7-avgust kuni «Olmaliq KMK» AJ Muhandislik maktabida Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi tomonidan viloyat hokimliklari, Toshkent viloyati hamda Toshkent shahri tumanlari hokimlarining sun’iy intellekt texnologiyalari bo‘yicha maslahatchilari uchun «Kon-geologiya sohasida raqamlashtirish va sun’iy intellekt bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar» mavzusiga bag‘ishlangan o‘quv-amaliy seminari tashkil etildi.
Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirining birinchi o‘rinbosari F. Xamidova boshchiligida hokimlarning sun’iy intellekt bo‘yicha maslahatchilariga metodik hamda amaliy ko‘mak berish maqsadida tashkil qilingan tadbir o‘zaro tajriba almashish maydoniga aylandi.

Seminarda Texnologik transformatsiya markazi rahbari O.Fayzullayev, vazirlik hamda OKMK mutasaddilari tomonidan ishlab chiqarish va boshqaruv jarayonlariga raqamlashtirish hamda sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha erishilgan yuksak natijalar, istiqbolli innovasion loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.

Seminar davomida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollar atrofida qizg‘in davra suhbati tashkil etilib, vazirlik va kombinat tizimida muvaffaqiyatli sinovdan o‘tgan raqamli dasturlarni hududlarda va mahalliy boshqaruv organlari faoliyatida keng joriy etish imkoniyatlari atroflicha tahlil qilindi.

Bildirilgan nazariy bilimlarni amaliyotda ko‘rish maqsadida, tadbir ishtirokchilari kombinatining eng yirik ishlab chiqarish maydonlarida bo‘lishdi. Xususan, mehmonlar «Qalmoqqir» konidagi raqamlashtirilgan texnologik ishlab chiqarish jarayonlari, kon-transport majmuasini avtomatik boshqarish tizimlari hamda yangi barpo etilgan — 3-Mis boyitish fabrikasi faoliyati va u yerda joriy qilinayotgan axborot texnologiyalari bilan yaqindan tanishib, kombinatning ulkan texnologik salohiyatiga yuqori baho berdilar.

Tadbirda Texnologik transformatsiya markazi tomonidan hududiy hokimliklarga metodik va amaliy ko‘mak berishni izchil davom ettirish, tizimli hamkorlik ko‘prigini mustahkamlash bo‘yicha takliflar bildirildi.
Axborot xizmati