Inklyuziv ta’lim qanday tamoyillarga tayanadi?
O‘zbekistonda inson qadri ustuvorligi inklyuziv ta’limda ham o‘z aksini topmoqda. Mamlakatda imkoniyati cheklangan shaxslarning jamiyatdagi faol ishtirokini ta’minlash uchun qanday yangi imkoniyatlar yaratilmoqda?
Mustahkam va farovon jamiyat barpo etishga bel bog‘lagan mamlakat borki, ta’limga tayanadi. Shu ma’noda, yurtimizda ham ilmga bo‘lgan yondashuv, ta’limga bo‘lgan e’tibor eng yuqori bosqichga ko‘tarildi. So‘nggi yillarda tizimda amalga oshirilgan islohot va tashabbuslar millatimiz ilm-fan tarixidagi yangi iftixor sahifasi ochilishiga zamin yaratdi. Qolaversa, “Inson qadri” tamoyiliga tayanib olib borilayotgan oqilona siyosat samarasi o‘laroq, ta’lim ichidagi o‘zga bir dunyo bo‘lgan inklyuziv ta’lim ham taraqqiyotning xushbo‘y havosidan nafas olish imkoniga ega bo‘ldi.
Ma’lumki, har bir jamiyat turli qatlam va bo‘g‘inlardan tarkib topadi. Ana shunday bo‘g‘inlardan biri alohida ta’limga ehtiyojmand kishilardir. E’tibor bergan bo‘lsangiz, bunda “alohida” degan jumla kishi diqqatini tortadi. Xo‘sh, nega alohida? Gap shundaki, jismoniy imkoniyati cheklangan insonlarning har qaysisi alohida yondashuv, metod va eng muhimi e’tibor talab etadi. Shuning uchun ham bundaylarga ta’lim beruvchilardan nisbatan ko‘proq mashaqqat va salohiyat talab etiladi. Shuni inobatga olgan holda, ana shunday pedagoglarning malakasini oshirishga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Biroq, alohida ta’lim oluvchilarning ham jarayonda faol ishtiroki muhim. Ya’ni, inklyuziv ta’limning ham aniq tamoyillari mavjud.
Bular nimalar ekani haqida mutaxassis - Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti qoshidagi Inklyuziv ta’lim laboratoriyasi mudiri Munavvara Qurbonova quyidagilarni qayd etdi:
– Ma’lumki, inklyuzivlik insoniyatning xilma-xilligini tan olgan holda, barchaga teng imkoniyat, to‘siqsiz muhit, qulay sharoit yaratishdir. Shu jihatdan, inklyuziv ta’lim quyidagi tamoyillarga asoslanadi. Birinchidan, teng huquqlilik va kamsitmaslik. Har bir inson nogironligi, jinsi, tili, ijtimoiy kelib chiqishi yoki boshqa xususiyatlaridan qat’i nazar, ta’lim olish huquqiga ega. Ikkinchidan, xilma-xillikni qadrlash. Ta’lim oluvchilarning qobiliyati, o‘rganish sur’ati va ehtiyojlariga ko‘ra farqli jihatlar tabiiy holat sifatida qabul qilinadi. Uchinchidan, ta’limning hamma uchun ochiqligi. Binolar, o‘quv materiallari, axborot va muloqot vositalaridan foydalanishga xalaqit beruvchi to‘siqlar bartaraf etiladi.
To‘rtinchidan, individual ehtiyojlarni hisobga olish. O‘qitish usullari, topshiriqlar, baholash shakllari va zarur yordam ta’lim oluvchining ehtiyojiga moslashtiriladi. Beshinchidan, faol va mazmunli ishtirok. Har bir ta’lim oluvchining darsda, jamoatchilik ishlari va ta’lim tashkiloti hayotida qatnashishi ta’minlanadi. Oltinchidan, hamkorlik. Pedagoglar, ta’lim oluvchilar, ota-onalar va tegishli mutaxassislar birgalikda ishlaydi. Yettinchidan, qadr-qimmat va mustaqillikni hurmat qilish. Ta’lim oluvchining fikri, tanlovi va o‘ziga tegishli qarorlardagi ishtiroki e’tiborga olinadi. Sakkizinchidan, sifatli ta’lim va rivojlanish. Har bir ta’lim oluvchining bilim olishi, qobiliyatlarini rivojlantirishi va yutuqqa erishishi uchun zarur sharoit yaratiladi, – deydi mutaxassis.
Ko‘rinib turibdiki, imkoniyati cheklangan shaxslar bilan bog‘liq islohotlarda o‘zlarining ishtiroki g‘oyat muhim. Shuni ta’kidlash kerakki, davlatimiz rahbarining sa’y-harakatlari bilan so‘nggi yillarda bu borada ko‘pgina ijobiy islohotlar amalga oshirildi.
Xususan, Prezidentning 2022-yil Samarqand shahridagi ko‘zi ojiz bolalar ta’lim muassasasiga tashrifida muhim tashabbus ilgari surilgan edi. O‘shanda “Sizlar oliy ta’lim muassasasini tugatganingizdan keyin har bir davlat idorasida siz uchun munosib ish o‘rni va sharoiti bo‘lishi kerak. Shundagina biz ilgari surayotgan adolat, inson qadri o‘z isbotini topadi”, degan edi davlatimiz rahbari.
Darhaqiqat, bu tashabbus o‘zining ijobiy samarasini berib, bir qator vazirlik va idoralarda imkoniyati cheklangan shaxslar ham mehnat faoliyatini olib bormoqda. Bu esa ularning jamiyatda mustahkam o‘rin topishi va farovon turmush kechirishlarini ta’minlaydi. Qolaversa, ushbu g‘oya va uning amaliy natijasi bugungi kunda ular erishayotgan ulkan marralarda aks etmoqda.
Xulosa qilib aytganda, imkoniyati cheklangan insonlarning yashirin va cheksiz imkoniyatlarini namoyon etish uchun bir martalik emas, bir umrlik sharoit zarur. Shundagina biz ularga baliq beribgina qolmay, uni tutishni ham o‘rgatgan bo‘lamiz. Zero, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, ularga moddiy yordam berish bilan cheklanish xato. Aksincha, ularning ham mehnatidan unumli foydalanish va rag‘batlantirish mumkin. Chunki ularning ham mamlakat ravnaqiga munosib hissa qo‘shish salohiyati yetarlicha.
Sherbek Islomov,
O‘zA