Ilmdan amaliy natijalar sari!
Dunyoni özgartirayotgan eng katta kuç — inson tafakkuridir.
Bugun mamlakatlarning qudrati faqat tabiiy boyliklari yoki iqtisodiy imkoniyatlari bilan emas, balki ilm-fanga munosabati, yangi ğoyalar yaratiş va ularni hayotga tatbiq etiş salohiyati bilan ham belgilanmoqda.
Sunʼiy intellekt, texnologik inqiloblar, ekologik va ijtimoiy muammolar insoniyat oldiga mutlaqo yangi vazifalarni qöymoqda. Bunday davrda ilm şunçaki taraqqiyot vositasi emas, balki kelajakni belgilaydigan muhim kuçga aylanmoqda. Şu bois maʼrifatparvar ajdodlarimiz ilgari surgan “Ilmdan boşqa najot yöq” ğoyasi bugun ham öz ahamiyatini yöqotmagan. Aksinça, zamonning özi bu haqiqatni qayta-qayta tasdiqlamoqda.
Ziyoli kim? Faqat köp kitob öqigan, ilmiy daraja yoki yuksak lavozimga ega insonmi? Jahon tafakkuri namoyandalari bu tuşunçaga ança keng maʼno bergan. Italiyalik mutafakkir Antonio Gramşi ziyolilarni jamiyatning madaniy va ijtimoiy hayotida faol iştirok etuvçi kuç sifatida talqin qilgan. Amerikalik olim Edvard Said ziyolining mustaqil fikrlaşi va jamoatçilik oldidagi masʼuliyatiga alohida eʼtibor qaratgan. Sotsiolog Robert Merton esa ilm-fanning xolislik, oçiqlik va tanqidiy fikrlaşga tayanişi zarurligini asoslagan. Bu qaraşlar bir muhim haqiqatga işora qiladi: ziyolilik faqat bilimga egalik qiliş emas, balki şu bilim bilan jamiyat hayotida ijobiy özgarişlar qilişga intilişdir.
Mamlakatimizning barça hududlarida bölib ötgan Özbekiston ziyolilari bilan bölgan uçraşuvlarda ana şu masʼuliyatni yana bir bor kun tartibiga olib çiqdi. Bu odatiy anjumanlardan farqli ravişda, turli avlod va kasb vakillarini birlaştirgan, hududlardagi intellektual imkoniyatlarni umumiy muloqot maydoniga olib çiqqan öziga xos taşabbus böldi. Olimlar, ustozlar, ijodkorlar va tadqiqotçilar jamiyat hayotiga daxldor masalalar yuzasidan öz qaraşlarini bildirdilar, yangi ğoya va takliflarni ilgari surdilar. Eng muhimi, uşbu uçraşuvlar ziyolilarning jamiyatdagi örni faqat bilim beriş bilan çeklanmasligi, ular taraqqiyot jarayonlarining faol iştirokçisi bölişi zarurligini körsatdi.
Bu jarayonga tahliliy nazar taşlasak, yana bir muhim jihat közga taşlanadi. Har bir hududning öziga xos muammolari, tajribasi va intellektual imkoniyatlari bor. Ularni bir maydonda muhokama qiliş esa mahalliy taşabbuslarni umummilliy ğoyalarga aylantiriş imkonini beradi. Aqliy markazlar faoliyatida ham aynan şu yondaşuv muhim: muammoni çuqur örganiş, turli fikrlarni umumlaştiriş va ilmiy asoslangan yeçimlar taklif etiş. Şu maʼnoda, Ziyolilar bilan taşkil etilgan uçraşuvlarning ahamiyati faqat ötkazilgan uçraşuvlar bilan emas, balki ularda tuğilgan ğoyalarning keyingi taqdiri bilan ham belgilanadi. Çunki eng yaxşi taşabbus — qoğozda qolmagan, odamlar hayotida öz ifodasini topgan taşabbusdir.
Bugun dunyo ilm-fanida çegaralar tobora nisbiylaşmoqda. Bir mamlakatda yaratilgan kaşfiyot boşqa qitʼadagi insonlar hayotini özgartirişi, bir sohadagi ilmiy yangilik boşqa sohada yangi imkoniyatlar oçişi mumkin. Ekologiya, tibbiyot, taʼlim, raqamli texnologiyalar va ijtimoiy taraqqiyot bilan boğliq masalalar olimlarning özaro hamkorligini talab etmoqda. Özbekiston ziyolilari ham bu jarayonlarning faqat kuzatuvçisi emas, faol iştirokçisi bölişi muhim. Buning uçun xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytiriş, milliy tadqiqotlarni jahon ilm-fani bilan boğlaş, yoşlarni izlanişga ruhlantiriş va eng muhimi, ilmiy ğoyalarni jamiyat ehtiyojlariga xizmat qildiriş zarur. Zero, ilmning millati yöq, ammo uning ravnaqiga hissa qöşadigan har bir millatning öz örni bor.
Yangi Özbekiston ziyolilari — bu faqat bilimli insonlar emas, balki öz bilimi, tafakkuri va taşabbuslari bilan mamlakat kelajagiga daxldorlikni his etadigan avloddir. Ular milliy ilmiy va maʼnaviy merosga tayanadi, dunyodagi yangiliklarga oçiq böladi, mustaqil fikrlaydi va jamiyatga naf keltirişni özining muhim vazifasi deb biladi. Bugun ular oldida katta imkoniyat va masʼuliyat turibdi: ilmni hayotga yaqinlaştiriş, ğoyalarni amaliy natijaga aylantiriş, yoşlarga izlaniş va kaşfiyot yölini oçiş. Zero, kelajakni faqat orzu qiliş kamlik qiladi. Uni bilim, mehnat va tafakkur bilan yaratiş kerak. Yangi Özbekiston ziyolilarining eng muhim vazifasi ham ana şunda.
Jamşed Jurayev
Demokratik jarayonlarni tahlil qiliş markazi
Buxoro viloyati hududiy bölinmasi rahbari