Ilk bor zamonaviy kanalizatsiya tizimi barpo etilmoqda
Mamlakatimizda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar nafaqat yirik shaharlar, balki eng olis va chegara hududlarigacha yetib borayotgani bilan ahamiyatlidir. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan inson qadrini ulug‘lash, aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish va hududlar o‘rtasidagi infratuzilmaviy tafovutlarni bartaraf etish davlat siyosatining ustuvor vazifasiga aylandi.
Ana shu ezgu maqsadlar samarasi o‘laroq, Buxoro viloyatining Turkmaniston Respublikasi bilan chegaradosh Olot tumanida ilk bor zamonaviy kanalizatsiya tizimini barpo etish bo‘yicha keng ko‘lamli qurilish ishlari boshlandi. Bu nafaqat muhandislik loyihasi, balki minglab insonlarning hayot sifatini yaxshilashga qaratilgan ulkan ijtimoiy dasturdir.
Ko‘p yillar davomida aholi asosan mahalliy sharoitlarga moslashgan holda maishiy oqova suvlarni chiqarish muammosini hal qilib kelgan bo‘lsa, endilikda Olot tumani ham zamonaviy kommunal infratuzilmaga ega hududlar qatoriga qo‘shilmoqda. Bu esa tuman tarixida yangi sahifa ochmoqda.
Mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yildagi 482-sonli qarori asosida amalga oshirilayotgan “Buxoro viloyatining suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimini rivojlantirish” dasturining muhim qismi hisoblanadi.

Qurilish ishlari dastlab Asajam mahallasi hududida boshlandi. Keyingi bosqichlarda esa Asajam, Oq-Oltin, Jayxunobod, Bo‘ston, Navro‘z, Xalifa, Bunyodkor, Eski Olot va Soloqorovul mahallalari to‘liq qamrab olinadi. Natijada 27 ming nafardan ortiq aholi ilk bor markazlashgan zamonaviy kanalizatsiya xizmatidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Loyihaning ko‘lami va ahamiyati raqamlarda yanada yaqqol namoyon bo‘ladi. Unga ko‘ra, umumiy uzunligi 198 kilometr bo‘lgan kanalizatsiya tarmog‘i barpo etiladi. Shuningdek, sutkasiga 3 800 kub metr oqova suvni qayta ishlash quvvatiga ega zamonaviy tozalash inshooti hamda 20 ta nasos stansiyasi quriladi. Barcha ishlar 3 gektardan ortiq hududda amalga oshirilib, loyihaga 17,7 million AQSH dollari miqdorida investitsiya yo‘naltirilmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, mazkur loyiha faqat kommunikatsiya tarmog‘ini yangilash bilan cheklanib qolmaydi. Eng avvalo, aholining sanitariya-gigiyena sharoitlari tubdan yaxshilanadi. Yer osti suvlarining ifloslanishi oldi olinadi, atrof-muhit muhofazasi kuchayadi va ekologik barqarorlik ta’minlanadi.

Tahlillarga ko‘ra, zamonaviy kanalizatsiya tizimi mavjud bo‘lgan hududlarda aholi salomatligi ko‘rsatkichlari yaxshilanadi, yuqumli kasalliklar xavfi kamayadi hamda yashash muhiti ancha qulaylashadi. Bu esa inson kapitali va hayot sifatiga qaratilgan eng muhim investitsiyalardan biri hisoblanadi.
E’tiborli jihati shundaki, ilgari yirik shaharlarga xos bo‘lgan bunday infratuzilma loyihalari bugun mamlakatimizning chegara hududlarigacha yetib bormoqda. Bu esa davlat siyosati markazida avvalo inson manfaati turganining yana bir amaliy isbotidir.
Olot tumanida boshlangan mazkur qurilish ishlari kelajakda hududning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, yangi turar-joy massivlari va ijtimoiy ob’ektlarni barpo etish uchun ham mustahkam zamin yaratadi. Eng muhimi, bugungi sa’y-harakatlar kelajak avlod uchun zamonaviy va qulay yashash muhitini shakllantirishga xizmat qiladi.
Shubhasiz, Olotda amalga oshirilayotgan ushbu ulkan loyiha Prezident tashabbusi bilan chekka hududlarni har tomonlama rivojlantirish siyosati amalda o‘z samarasini berayotganining yorqin namunasidir. Yaqin yillarda zamonaviy infratuzilmaga ega, ekologik barqaror va aholi yashashi uchun har jihatdan qulay Olot timsolida Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yana bir muhim natijasi namoyon bo‘ladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri