Ilg‘or biotexnologik ishlanmalar bilan tanishuv
“Istiqbolli cho‘l va dorivor o‘simliklarni in vitro sharoitida ko‘paytirish va ularning genbankini yaratish” loyihasi doirasida Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi mutaxassislari Rossiya Federatsiyasi Boshqirdiston Respublikasiga amaliy tashrif buyurishdi.
Safar davomida delegatsiya M.Akmulla nomidagi Boshqirdiston davlat pedagogika universitetida bo‘lib, "Tirik tizimlar biotexnologiyasi" laboratoriyasi faoliyati va o‘simliklar biotexnologiyasi sohasidagi ilg‘or ishlanmalar bilan tanishdi.
O‘simlik to‘qimalarini ko‘paytirish va qimmatli genotiplarni saqlash texnologiyalari alohida qiziqish uyg‘otdi. Ilmiy-amaliy tadbirlar va mahorat darsi doirasida markaz mutaxassislari o‘simliklarni ommaviy ko‘paytirish, o‘simlik resurslarini saqlash va ularning genetik barqarorligi hamda moslashish salohiyatini baholash uchun molekulyar-genetik vositalarni qo‘llashning zamonaviy laboratoriya usullari bilan tanishdilar.

Shuningdek, markaz vakillari qishloq xo‘jaligi va biotexnologiyalar uchun raqamli yechimlar, jumladan, agrotexnologik jarayonlarni monitoring qilish va boshqarish texnologiyalariga bag‘ishlangan tadbirlarda ishtirok etishdi.
Tashrif dasturidan Boshqirdiston qishloq xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti va Rossiya Fanlar akademiyasi Ufa federal tadqiqot markazining Janubiy Ural botanika bog‘i institutiga tashrif o‘rin oldi. Delegatsiya qishloq xo‘jaligi ekinlari seleksiyasi, o‘simliklarning genetik xilma-xilligini saqlash va agrosanoat majmuasiga ilmiy ishlanmalarni joriy etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan tanishishdi.
Uchrashuvlar yakunida hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma tadqiqotlar olib borish, akademik almashinuvlarni tashkil etish va xalqaro ilmiy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri