Xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlaridan talabalar o‘qishini davlat oliy ta’lim tashkilotlariga ko‘chirish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlaridan talabalar o‘qishini davlat oliy ta’lim tashkilotlariga ko‘chirish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, Xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlaridan talabalar o‘qishini davlat oliy ta’lim tashkilotlariga ko‘chirish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.
Reglamentda:
xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlaridan talabalar o‘qishini ko‘chirish uchun hujjatlarni har yili 15-iyuldan 5-avgustgacha (shu kuni ham) O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligining maxsus elektron platformasi yoxud davlat xizmatlari markazlari orqali qabul qilish;
davlat xizmatini ko‘rsatish, xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlaridan talabalar o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshirish;
xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlaridan talabalar o‘qishini davlat oliy ta’lim tashkilotlariga ko‘chirish bo‘yicha QR-kod bilan himoyalantan imtihon natijasini berish tartibi belgilab berilgan.
Ushbu qarorga muvofiq davlat xizmatining O‘zbekiston Respublidasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligining maxsus elektron platformasi yoxud davlat xizmatlari markazlari orqali ko‘rsatilishi ta’minlanadi.
Xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlaridan davlat oliy ta’lim tashkilotlarining mos va turdosh bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishini ko‘chirishda chet tili va umumta’lim fanlaridan milliy yoki xalqaro sertifikatga ega talabgorlarga tegishli fanlardan tabaqalashtirilgan yoki maksimal ball berishni yo‘lga qo‘yiladi.
Ariza beruvchi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-sentabrdagi 578-son qarori bilan tasdiqlangan Oliy ta’lim tashkilotlari talabalari o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomda belgilangan tartibda har yili 15-iyuldan 5-avgustga qadar (shu kuni ham) davlat xizmatidan foydalanish uchun YAIDXP yoki maxsus platforma yoxud davlat xizmatlari markazlari orqali ariza beradi.
Davlat xizmatlari markazi xodimi ariza beruvchi nomidan yoki ariza beruvch muvofiq shakldagi so‘rovnomani to‘ldiradi hamda unga kiritilgan ma’lumotlarning to‘g‘riligini tekshirib, so‘rovnomani tasdiqlaydi.
Reglamentga ko‘ra, ariza beruvchi ariza topshirish muddatlari yakunlangunga qadar rad etilgan arizalarni qayta yuborishi mumkin. Ariza beruvchi tomonidan so‘rovnomada nazarda tutilgan hujjatlar yoki ma’lumotlar to‘liq taqdim etilmagani, so‘rovnomada noto‘g‘ri yoxud buzib ko‘rsatilgan ma’lumotlar aniqlangani yoki belgilangan miqdordagi to‘lov o‘z vaqtida amalga oshirilmagani arizalarni rad etish uchun asos hisoblanadi.
Davlat xizmatini ko‘rsatishni boshqa asoslar bilan rad etish taqiqlanadi.
YAIDXP yoki maxsus platforma yoxud davlat xizmatlari markazlari orqali kelib tushgan ariza va unga ilova qilingan hujjatlar ishchi organ tomonidan har yili 15-iyuldan 6-avgustga qadar (shu kuni ham) ko‘rib chiqiladi hamda arizani qabul qilish yoki rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi, bu haqda ariza beruvchiga YAIDXP yoki maxsus platforma orqali xabarnoma yuboriladi.
Arizalarni qabul qilish yakunlangandan so‘ng ariza beruvchi tomonidan so‘rovnomada nazarda tutilgan hujjatlar yoki ma’lumotlar to‘liq taqdim etilmagani, so‘rovnomada noto‘g‘ri yoki buzib ko‘rsatilgan ma’lumotlar aniqlangani sababli rad etilgan arizalardagi kamchiliklarni to‘liq bartaraf etish uchun ariza beruvchiga qo‘shimcha besh ish kunidan iborat muddat beriladi.
Ariza beruvchi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-sentabrdagi 578-son qarori bilan tasdiqlangan Oliy ta’lim tashkilotlari talabalari o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomda belgilangan tartibda o‘qishi ko‘chirilayotgan oliy ta’lim tashkilotlarining muayyan ta’lim yo‘nalishiga o‘qishga kirish fanlari bo‘yicha, o‘qiydigan tilida maxsus sinov (test, kasbiy (ijodiy) imtihon) topshiradi.
Xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlaridan talabalar o‘qishini davlat oliy ta’lim tashkilotlariga ko‘chirish bo‘yicha ushbu Reglamentga muvofiq shakldagi QR-kod bilan himoyalangan imtihon natijasi vakolatli organ tomonidan har yili imtihonlar yakunlangandan so‘ng bir hafta ichida YAIDXP yoki maxsus platforma orqali ariza beruvchiga yuboriladi.