Ikki taniqli rassom ko‘rgazmasi
Poytaxtimizdagi Markaziy ko‘rgazmalar zalida “Bizning meros” turkumidan O‘zbekiston xalq rassomi Ro‘zi Choriyev (1931–2004) hamda taniqli musavvir Teshaboy Pirmatov (1936–2008) tavallud sanalariga bag‘ishlangan yubiley ko‘rgazmasi ochildi.
Mazkur ko‘rgazma orqali o‘zbek tasviriy san’atining yorqin namoyandalari bo‘lgan ikki rassomning boy ijodiy merosi keng jamoatchilikka namoyish etilib, ularning san’at rivojiga qo‘shgan munosib hissasi e’tirof etildi.
Tadbirda qayd etilganidek, Teshaboy Pirmatov ijodi keng ko‘lamli mavzular, dehqon va mehnatkash insonlar hayoti, ona tabiat go‘zalligi hamda qishloq turmushini yuksak badiiy mahorat bilan aks ettirgani bilan ajralib turadi.
Ekspozitsiyada rassomning “Makkajo‘xori yetishtiruvchilar”, “Pilla”, “Biz paxtakormiz” kabi mashhur asarlari ham o‘rin olgan.
[gallery-30662]
Rassom ijodining o‘ziga xos jihatlari ranglar uyg‘unligi, kompozitsiyaning mukammalligi, obrazlarning chuqur ma’nodorligi hamda samimiy ifodasi bilan namoyon bo‘ladi. Uning asarlarida inson mehnati, oddiylik va hayotga muhabbat bosh g‘oya sifatida talqin etiladi.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi Ro‘zi Choriyev esa o‘zbek tasviriy san’atida, ayniqsa, portret janrining yuksalishiga ulkan hissa qo‘shgan ijodkorlardan biridir.
Uning ijodida Surxondaryo tabiati, xalq turmushi, inson ruhiyati va milliy qadriyatlar o‘ziga xos badiiy yechimda aks etgan.
Ko‘rgazmadan o‘rin olgan asarlar rassomlarning ijodiy qarashlari, badiiy uslubi hamda o‘zbek tasviriy san’ati taraqqiyotidagi beqiyos o‘rnini yana bir bor namoyon etadi.
Ta’kidlash joizki, ko‘rgazma ekspozitsiyasi Badiiy ko‘rgazmalar direksiyasi fondi hamda rassom Teshaboy Pirmatovning o‘g‘li Ulug‘bek Pirmatovning shaxsiy kolleksiyasi asosida shakllantirilgan.
Ko‘rgazma joriy yil 30-avgustga qadar davom etadi.
Gulnoza Boboyeva,
Oybek Pardayev(surat),
O‘zA