Ijtimoiy himoya: har bir xonadon eʼtiborda
Ijtimoiy himoyaning samarasi faqat moddiy yordam körsatiş bilan emas, balki insonning muammosini öz vaqtida aniqlaş, uning oğirini yengil qiliş va mustaqil daromad topişi uçun imkoniyat yaratiş bilan ham belgilanadi. Şu bois mamlakatimizda davlat rahbari taşabbusi bilan ijtimoiy himoya tizimini yangi bosqiçga olib çiqiş, yordamga muhtoj aholini qöllab-quvvatlaşda manzillilik va individual yondaşuvni kuçaytirişga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Buxoro tumanining “Gulşanobod” mahallasida amalga oşirilayotgan işlar bu boradagi islohotlarning aholi hayotidagi amaliy ifodasidir.
Bugun mazkur mahallada 13 ming 500 nafar aholi istiqomat qiladi. Ularning 295 nafari nogironligi bölgan şaxslar. 52 ta oila esa “Ijtimoiy reyestr”ga kiritilgan. Bu raqamlar ortida alohida eʼtibor, kömak va köllab-quvvatlaşga muhtoj insonlar taqdiri, oilalarning kundalik taşvişlari mujassam. Şuning uçun ham mahallada har bir xonadonning ijtimoiy ahvolini örganiş, mavjud muammolarni aniqlaş va ularga mos yeçim topişga ustuvor vazifa sifatida qaralmoqda.
Xususan, Özbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 28-oktabrdagi “Yoqilği-energetika sohasida bozor tamoyillariga ötiş jarayonida aholini ijtimoiy qöllab-quvvatlaş çora-tadbirlari töğrisida”gi farmoni aholining ehtiyojmand qatlamlarini kuz-qiş mavsumida himoya qilişning muhim huquqiy asosini belgiladi.
Mazkur hujjatga muvofiq, 2026–2027-yilgi isitiş mavsumida belgilangan toifadagi ehtiyojmand oilalarga 2026-yil noyabr oyida bir million sömdan bir martalik moddiy yordam ajratiş közda tutilgan. Şuningdek, elektr energiyasi va tabiiy gaz uçun xarajatlarni qoplaş, kömir xaridining bir qismini kompensatsiya qiliş kabi qöşimça imtiyoz va yordam çoralari belgilangan.
Eʼtiborli jihati, bu jarayonda yordamni faqat ajratiş emas, balki uni haqiqatan ham ehtiyojmand insonga öz vaqtida yetkaziş, har bir oilaning şaroitidan kelib çiqib iş taşkil etiş muhim ahamiyat kasb etmoqda. Şu maqsadda mahallada olti turdagi ijtimoiy yordamni manzilli taşkil etiş, xonadonlarning ehtiyojlarini örganiş va amaliy kömak körsatiş işlari olib borilmoqda.

Mahalla ijtimoiy xodimi Sanʼat Rahimov hamda “mahalla yettiligi” vakillari tomonidan har bir oila bilan individual işlaş yölga qöyilgan. Jumladan, Dilobar Nabiyeva oilasiga Qurbon hayiti munosabati bilan bir martalik moddiy yordam körsatilgan. Bundan taşqari, “Saxovat va kömak” jamğarmasi hisobidan ham moliyaviy kömak ajratilgan. Oila joriy yilgi kuz-qiş mavsumida bir martalik moddiy yordam olişi belgilangan ehtiyojmand xonadonlar röyxatiga ham kiritilgan.
Hilola Dölobova oilasi misolida esa ijtimoiy himoyaning yana bir muhim jihati — moddiy kömak bilan birga oilaning daromad manbaini şakllantirişga kömaklaşiş tamoyilini köriş mumkin.
Ijtimoiy xodim Sanʼat Rahimov tomonidan oilaning holati örganilib, “Ijtimoiy reyestr”ga kiritilgan va farzandi uçun bolalar nafaqasi tayinlangan. “Mahalla yettiligi” kömagida uning öğliga imtiyozli kredit asosida motokultivator olib berilgan. Bu esa oilaning mehnat faoliyatini kengaytiriş, öz imkoniyatlaridan foydalanib daromad topişi uçun zamin yaratmoqda. Şuningdek, Qurbon hayiti munosabati bilan oilaga bir martalik moddiy yordam ham körsatilgan. Ayni paytda uşbu xonadon ham kuz-qiş mavsumida bir martalik moddiy yordam oluvçilar röyxatiga kiritilgan.
Bu ikki oila misolida ijtimoiy himoya tizimidagi muhim yondaşuvni köriş mumkin: insonga bugun yordam beriş bilan birga, uning ertangi kuni uçun ham imkoniyat yaratiş. Bir martalik moddiy kömak oilaning mavsumiy ehtiyojlarini yengillaştirsa, bolalar nafaqasi, imtiyozli kredit va tadbirkorlik faoliyatini qöllab-quvvatlaş kabi çoralar uning uzoq muddatli farovonligiga xizmat qiladi.
Zero, ijtimoiy himoyaning asl maqsadi insonni faqat yordam oluvçi sifatida qöllab-quvvatlaş emas, balki uning öz imkoniyatlarini röyobga çiqarişi, mehnat qilişi va munosib turmuş keçirişi uçun şart-şaroit yaratişdir.
Gulşanobod mahallasida olib borilayotgan işlar ham şu maqsadga qaratilgan. Eng muhimi, har bir xonadonning holati, har bir insonning ehtiyoji alohida örganilmoqda. Çunki ijtimoiy himoyaning haqiqiy natijasi ajratilgan mablağ yoki körsatilgan yordam soni bilan emas, balki inson hayotida yuz bergan ijobiy özgariş, oiladagi xotirjamlik va ertangi kunga bölgan işonç bilan ölçanadi.
Zarif Komilov, ÖzA muxbiri