Ijodkorlar talaba yoshlar bilan uchrashdi
Andijon davlat pedagogika institutida “Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasida ijodkorlar ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda “Yangi O‘zbekiston” gazetasi muxbiri Rashid Xo‘jamov, O‘zbek Milliy akademik drama teatri xodimi O‘zbektosh Qilichev hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Anvar Botir ishtirok etdi.
Dastlab tadbir mehmonlari institutda yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar, talabalarning ilmiy-ijodiy faoliyati, yoshlar tashabbuslari hamda ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Mehmonlar “Yashil makon” umummilliy loyihasi asosida institut hududida barpo etilayotgan “Adiblar bog‘i”ga talaba-yoshlar bilan birgalikda ko‘chat ekib, tabiatni asrash, ekologik madaniyatni yuksaltirish hamda kelajak avlodga yashil va obod maskanlarni qoldirishdek ezgu tashabbusga o‘z hissalarini qo‘shdi.


Ijodkorlar hamda institut professor-o‘qituvchilari, talabalari ishtirokidagi ijodiy, ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv ochilishida so‘z olgan institutning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Muhammadjon Parpiyev yoshlarning ma’naviy kamolotida badiiy adabiyot, kitobxonlik va san’atning ahamiyati, shuningdek, ijodkorlar bilan muloqot tarbiyaviy ishlar samaradorligini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Qiziqarli muloqot va savol-javoblar asosida o‘tgan uchrashuv davomida adabiyot va she’riyatning inson tafakkurini yuksaltirishdagi roli, jurnalistika va teatr san’atining jamiyat hayotidagi o‘rni, kitob mutolaasi, milliy qadriyatlarni ulug‘lash xususida fikr-mulohazalar bildirildi. Yoshlarning ijodiy izlanishlarini qo‘llab-quvvatlash, tafakkurini yuksaltirish muhim ekanligi alohida qayd etildi.
Mehmonlar o‘zlarining hayotiy tajribalari, ijod yo‘lidagi izlanishlari, kasbiy faoliyatining muhim jihatlari haqida gapirdi. Talaba-yoshlarni ko‘proq kitob o‘qishga, mutolaa madaniyatini yuksaltirishga, puxta bilim olishga chaqirdi, ijodkor yoshlarga o‘z iste’dodlarini to‘laqonli ro‘yobga chiqarish bo‘yicha maslahat va tavsiyalar berdi. Yoshlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytardi.


Tadbir mehmonlari, ijodkor talaba yoshlar o‘z ijodlaridan namunalar o‘qishdi. Shuningdek, mehmonlar institut kutubxonasiga o‘zlarining yangi kitoblaridan sovg‘a qildi, institut jamoasi tomonidan ularga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Samimiy va ko‘tarinki ruhda o‘tgan, adabiyot, san’at va ta’limni o‘zaro bog‘lagan mazkur tadbir yoshlar uchun yangi bilim, ilhom va ijodiy rag‘bat manbaiga aylandi.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri