Ijod qadrlangan yurt
U yosh bo‘lsa-da, asarlari, ayniqsa, «Qo‘rqma» romani bilan kitobxonlar e’tiborini qozongan ijodkor. Uning asarlari yoshlarni milliy o‘zlik, xalqimizning o‘tmishi va kelajagi haqida o‘ylashga, tarixiy xotira va ma’naviy qadriyatlar xususida mushohada yuritishga undaydi.
2026-yil 21-oktabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi uchrashuvda yosh adib Javlon Jovliyevga Toshkent shahridan ikki xonali uy ajratish bo‘yicha topshiriq berdi. Bu voqea ijodkor mehnatiga, adabiyotimiz va kitobxonlikka bo‘lgan e’tiborning yana bir amaliy ifodasidir.
Aslida adabiyot ahliga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, so‘z san’atini qadrlash va kitobxonlikni rag‘batlantirish davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan ma’naviy-ma’rifiy siyosatning muhim yo‘nalishlaridan biri. Ayniqsa, bu yilgi O‘zbek tili bayrami munosabati bilan mamlakatimizda yangi ma’rifat maskanlari va kutubxonalar tashkil etilishi, ustoz adiblarning mahorat va ijod maktablari ochilishi, adabiyot vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazilishi bu boradagi e’tiborning amaliy ifodasi sifatida ahamiyatli.
Albatta, ijodkorning qadri faqat unga ko‘rsatilayotgan e’tibor bilangina emas, balki asarlari, adabiyotga qo‘shgan hissasi, kitobxon qalbida qoldirgan taassurotlari bilan ham belgilanadi. Shu ma’noda, Javlon Jovliyevga uy ajratish bo‘yicha topshiriq berilgani munosabati bilan uning ijodiga yana bir bor nazar tashlash, asarlarida ko‘tarilgan g‘oyalar va ma’naviy muammolar haqida fikr yuritish ayni muddao.
Javlon Jovliyev — istiqlolimizga tengdosh ijodkor. U 1991-yil 24-iyulda Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi G‘ishtli qishlog‘ida tug‘ilgan. O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida tahsil olgan adib dastlab hikoyalari bilan adabiy muhitda tanila boshladi. 2019-yilda uning «Ikki qalb uchrashuvi» nomli hikoyalar to‘plami nashr etildi. Keyinchalik «Qo‘rqma» romani yozuvchining keng kitobxonlar orasida tanilishida muhim o‘rin tutdi.

Adib ijodining diqqatga sazovor jihati shundaki, u insonni faqat tashqi voqealar orqali tasvirlash bilan cheklanmaydi. Uning asarlarida shaxsning ichki kechinmalari, jamiyat bilan munosabati, o‘tmishga qarashi va o‘zligini anglashga intilishi muhim o‘rin tutadi. Bunday yondashuv kitobxonni voqealarni shunchaki kuzatishdan ko‘ra ularning mohiyatini anglashga, qahramonlar taqdiri orqali hayot haqida chuqurroq o‘ylashga undaydi.
Javlon Jovliyev ijodida alohida o‘rin tutadigan «Qo‘rqma» romani milliy tarix, ma’rifat va inson taqdiri o‘rtasidagi murakkab munosabatlarni yoritishi bilan ahamiyatli. Asarda 1920-yillarda Germaniyada tahsil olgan, yurtiga zamonaviy bilim va taraqqiyot g‘oyalarini olib kelishni orzu qilgan turkistonlik yoshlar taqdiri qalamga olinadi. Keyinchalik ularning bir qismi sovet qatag‘onlari qurboniga aylangani asarning fojiaviy mazmunini belgilaydi.
Romanning ta’sirchanligi shundaki, u o‘tmishdagi fojialarni eslash bilangina cheklanmay, bugungi kun uchun ham muhim savollarni o‘rtaga tashlaydi. Millat taraqqiyoti uchun ilmli va mustaqil fikrlaydigan insonlar qanday ahamiyatga ega? Erkin fikr va ma’rifatning jamiyat rivojidagi o‘rni qanday? Tarixiy xotirani asrash va o‘tmishdan saboq chiqarish nima uchun zarur? Asar kitobxonni ana shu savollar ustida mushohada yuritishga undaydi.
«Qo‘rqma» sarlavhasida ham jasorat va insonni o‘z e’tiqodiga sodiq qolishga chorlovchi ma’no mujassam. Qo‘rqmaslik faqat tashqi xavflardan cho‘chimaslik emas, balki haqiqatni anglash, mustaqil fikrlash va qiyinchiliklar oldida ma’naviy irodani saqlab qolishni ham anglatadi. Shu nuqtai nazardan, sarlavha asar qahramonlarigagina emas, bugungi avlodga ham qaratilgan ramziy chaqiriq sifatida jaranglaydi.

Javlon Jovliyev ijodini faqat «Qo‘rqma» romani bilan cheklab bo‘lmaydi. Uning «Ozodlik», «Buxoro, Buxoro, Buxoro…» va «Xotira kitoblar» kabi hikoyalari ham adibning ijodiy izlanishlarini anglashda muhim ahamiyatga ega. Ularda ozodlik, xotira, tarixiy makon va insonning ichki kechinmalari bilan bog‘liq mavzularga e’tibor qaratiladi.
Ozodlik tushunchasi insonning tashqi cheklovlardan xalos bo‘lishi bilangina belgilanmaydi. Insonning ma’naviy mustaqilligi, o‘z tanlovi uchun mas’uliyatni his qilishi va hayotga mustaqil munosabat bildira olishi ham muhim. Shu jihatdan, ozodlik mavzusi insonning o‘zligini anglashi va jamiyatdagi o‘rnini belgilashi bilan bog‘liq keng ma’naviy mazmun kasb etadi.
«Buxoro, Buxoro, Buxoro…» sarlavhasi esa milliy xotira va tarixiy makonning inson ma’naviyatidagi o‘rni haqida o‘ylashga undaydi. Buxoro xalqimizning boy madaniy merosi, ilm-fan va ma’rifat an’analari bilan bog‘liq qadimiy shaharlardan biridir. Shu bois, bu nom faqat muayyan hududni emas, balki milliy tarix, ajdodlar merosi va ma’naviy ildizlarimizni ham yodga soladi.
«Xotira kitoblar» mavzusi orqali esa o‘tmish va bugun o‘rtasidagi bog‘liqlik haqida mushohada yuritish mumkin. Xotira insonning shaxsiy hayotini anglashiga yordam bergani kabi, milliy xotira ham xalqning tarixiy tajribasini saqlash va uni keyingi avlodlarga yetkazishga xizmat qiladi. O‘tmishni bilish insonga o‘zligini anglash, bugungi imkoniyatlarni qadrlash va kelajak oldidagi mas’uliyatini his etish imkonini beradi.
«Qo‘rqma» romanining ahamiyati uning kitobxonlar orasidagi mashhurligi bilangina cheklanmaydi. Asar sahna talqiniga ham ega bo‘lib, uning asosida «Millat» teatrida spektakl namoyish etilgan. Shuningdek, roman «Mutolaa» loyihasi doirasida badiiy-hujjatli filmga ham aylantirilgan. Asarning tojik tiliga tarjima qilinishi esa unda ko‘tarilgan milliy xotira, ma’rifat va inson taqdiri kabi mavzular boshqa tilda so‘zlashuvchi kitobxonlar uchun ham ahamiyatli ekanini ko‘rsatadi.
Bugun Javlon Jovliyevga ko‘rsatilgan e’tibor uning ijodiy mehnati haqida yana bir bor fikr yuritish uchun imkoniyat yaratdi. Har qanday e’tirofning ma’naviy davomi ijodkorning yangi asarlari, kitobxonning mutolaasi va jamiyatda adabiyotga bo‘lgan qiziqishning ortishi bilan bog‘liq. Milliy tarixini bilgan, kitob o‘qigan, mustaqil fikrlaydigan va kelajagiga mas’uliyat bilan qaraydigan avlodni tarbiyalashda esa adabiyotning o‘rni beqiyos.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri