Ijara bozorida Toshkent yetakchi, eng past ko‘rsatkich Sirdaryo, Navoiy va Jizzaxda
O‘zbekistonda xizmatlar sohasi iqtisodiyotning eng tez rivojlanayotgan tarmoqlaridan biriga aylanmoqda. Ayniqsa, ijara xizmatlari bozorida kuzatilayotgan o‘sish aholi va tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan ushbu xizmat turiga bo‘lgan talab ortib borayotganini ko‘rsatmoqda.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar–may oylarida ijara xizmatlari hajmi 6,4 trillion so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 17,6 foizga ko‘p.
Mutaxassislar fikricha, ijara bozoridagi faollikning ortishi aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyoji, shaharlarga ichki migratsiyaning kuchayishi, xizmat ko‘rsatish sohasining kengayishi hamda biznes sub’ektlarining ofis va ishlab chiqarish binolariga bo‘lgan talabi oshishi bilan bog‘liq.
Hududlar kesimida eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri keldi. Poytaxtda besh oy davomida 2,5 trillion so‘mlik ijara xizmatlari ko‘rsatilgan bo‘lib, bu respublika umumiy hajmining qariyb 39 foizini tashkil etadi.
Toshkent viloyatida 668,7 milliard so‘m, Samarqand viloyatida esa 601,8 milliard so‘m, Farg‘ona viloyatida 399,6 milliard so‘mni tashkil etgan.
Andijon viloyatida esa 349,1 milliard so‘m qayd etildi. Shuningdek, Buxoro (338,6 mlrd so‘m) va Qashqadaryo (325,7 mlrd so‘m) viloyatlarida ham ijara xizmatlari bozori nisbatan faol bo‘lgan.
Eng past hajmlar esa Navoiy, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida kuzatildi. Jizzax viloyati 124,1 milliard so‘mni, Navoiy viloyatida esa 113,9 milliard so‘mni, Sirdaryo viloyatida 112,2 milliard so‘mni qayd etgan.
Bu hududlarda aholi zichligi nisbatan pastligi, yirik shaharlar sonining kamligi va ijara bozorining hali to‘liq shakllanmagani asosiy omil sifatida ko‘rsatilmoqda.
Ijara xizmatlari hajmining 17,6 foizga o‘sishi mamlakatda xizmatlar sohasi iqtisodiyotning muhim drayverlaridan biriga aylanib borayotganini ko‘rsatadi. Ayniqsa, ko‘chmas mulk ijarasi, maxsus texnika va transport vositalari ijarasi, savdo va ofis binolari ijarasi kabi yo‘nalishlarda talab yuqori bo‘lib qolmoqda.
Toshkent shahrining yuqori ulushi poytaxtda iqtisodiy faollikning konsentratsiyalashgani, yangi biznes markazlari, turar joy majmualari va savdo ob’ektlari soni ortib borayotgani bilan izohlanadi. Samarqand viloyatidagi yuqori ko‘rsatkich esa turizm va xizmat ko‘rsatish sohasining jadal rivojlanayotgani bilan bog‘liq.
Farg‘ona vodiysi viloyatlarida ijara bozorining o‘sishi aholi soni ko‘pligi va tadbirkorlik faolligining yuqori ekani bilan izohlanadi. Bu hududlarda savdo ob’ektlari, ishlab chiqarish binolari va uy-joy ijarasiga talab barqaror saqlanmoqda.
Nimaga e’tibor qaratish kerak?
Ijara bozorining jadal o‘sishi bir qator masalalarni ham kun tartibiga olib chiqmoqda. Xususan, ijara shartnomalarini rasmiylashtirish darajasini oshirish, soliq hisobini shaffof yuritish, ijarachilar huquqlarini himoya qilish, uy-joy ijarasi bozorida narxlar barqarorligini ta’minlash muhim ahamiyatga ega.
Mutaxassislar kelgusi oylarda ham ijara xizmatlariga bo‘lgan talab yuqori saqlanishini prognoz qilmoqda. Ayniqsa, yirik shaharlarda qurilish loyihalarining ko‘payishi va xizmat ko‘rsatish sohasining kengayishi bozor hajmini yanada oshirishi mumkin.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA