Xizmatlar sohasi yuksalish yo‘lida
Mamlakatimizda xizmatlar sohasini jadal rivojlantirish, ichki bozor imkoniyatlarini kengaytirish va tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan izchil chora-tadbirlar savdo xizmatlari ko‘rsatkichlarida ham o‘z ifodasini topmoqda. Bu esa iqtisodiyotdagi ijobiy o‘zgarishlar, aholi iste’mol faolligi hamda ishbilarmonlik muhitining tobora mustahkamlanayotganidan dalolat beradi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–may oylarida respublika bo‘yicha savdo xizmatlari hajmi 141 trillion 700 milliard so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 14 foizga o‘sgani bilan ahamiyatlidir.
Hududlar kesimida Jizzax viloyati ham ijobiy natijalar qayd etgan hududlar qatorida bo‘lib, hisobot davrida viloyatda savdo xizmatlari hajmi 3 trillion 500 milliard so‘mga yetdi.
Mazkur natija hududda savdo infratuzilmasini takomillashtirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rag‘batlantirish, yangi savdo ob’ektlarini foydalanishga topshirish hamda aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar ko‘lamini kengaytirish borasida olib borilayotgan tizimli ishlar samarasini yaqqol namoyon etmoqda.

Keyingi yillarda Jizzax viloyatida zamonaviy savdo markazlari, supermarketlar, logistika majmualari va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari soni izchil ortib bormoqda. Shu bilan birga, elektron tijoratning rivojlanishi, onlayn savdo platformalari imkoniyatlarining kengayishi hamda raqamli to‘lov tizimlarining hayotga keng joriy etilishi savdo xizmatlari bozorining yanada faollashuviga xizmat qilmoqda.
Ayniqsa, tadbirkorlik sub’ektlarini moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, investitsiya loyihalarini hayotga tatbiq etish va yangi ish o‘rinlari yaratishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar sohaning barqaror o‘sishini ta’minlayotir. Bu esa aholining tovar va xizmatlarga bo‘lgan talabini to‘liq hamda sifatli qondirish, sog‘lom raqobat muhitini mustahkamlash va iqtisodiy faollikni yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

Mutasaddilarning ta’kidlashicha, savdo xizmatlari hajmini yanada ko‘paytirish, zamonaviy xizmat ko‘rsatish tarmoqlarini kengaytirish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ishlar bundan keyin ham izchil davom ettiriladi.
Bu kabi sa’y-harakatlar Jizzax viloyati iqtisodiyotining barqaror o‘sishini ta’minlash, ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash va aholi farovonligini yuksaltirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri