Imtiyozli kredit orzularga qanot bo‘ladi
Qishloq xo‘jaligi va chorvachilikni rivojlantirish, aholining daromad manbalarini ko‘paytirish hamda oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash bugungi kunda davlat siyosatidagi eng ustuvor yo‘nalishlardan biriga aylangan.
Ayniqsa, Prezidentimiz tashabbusi bilan tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, aholiga imtiyozli kreditlar ajratish, naslchilik chorvachiligini rivojlantirish va qishloqlarda yangi ish o‘rinlari yaratishga qaratilgan keng qamrovli islohotlar o‘zining amaliy samarasini bermoqda. Bu sa’y-harakatlar yurtimizning chekka hududlarida ham mehnatkash insonlarning orzu-maqsadlarini ro‘yobga chiqarib, ularning turmush farovonligini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Ana shunday tashabbuskor va mehnatsevar insonlardan biri Buxoro viloyati Qorako‘l tumanining Tinchlik mahallasida istiqomat qiluvchi Yog‘mir Saidovdir.
U davlat tomonidan ajratilgan imtiyozli bank krediti mablag‘laridan oqilona va samarali foydalanib, nasldor qo‘ychilik yo‘nalishida o‘z faoliyatini izchil rivojlantirmoqda. Bugungi kunda uning og‘ilxonasida 30 dan ortiq nasldor qo‘y parvarishlanmoqda. Ular orasida yuqori mahsuldorligi, tez o‘sishi, vaznni qisqa muddatda to‘plashi hamda nasl sifati bilan ajralib turadigan “Bayat”, “Hisori”, “Arashan” va “Linkoln” zotli qo‘ylar alohida o‘rin tutadi.

Bu zotlar go‘shtdorligi, sermahsulligi va iqlim sharoitiga moslashuvchanligi bilan chorvadorlar orasida yuqori baholanadi. Shu bois Yog‘mir Saidov nafaqat o‘z xo‘jaligini kengaytirish, balki hududda naslchilik ishlarini rivojlantirishga ham munosib hissa qo‘shmoqda.
Uning eng asosiy maqsadi – nasldor qo‘ylar bosh sonini yanada ko‘paytirish, yuqori sifatli nasl yetishtirish va kelgusida boshqa chorvadorlarni ham sara nasldor qo‘ylar bilan ta’minlashdir. Bu esa bir tomondan ichki bozorni sifatli mahsulot bilan ta’minlasa, ikkinchi tomondan hududda chorvachilik madaniyati va mahsuldorligining oshishiga xizmat qiladi.
Bugun mamlakatimizda Prezidentimiz rahbarligida chorvachilik sohasini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar aynan ana shunday mehnatkash insonlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Imtiyozli kreditlar, subsidiyalar, naslchilikni rivojlantirish dasturlari, zamonaviy veterinariya xizmatlari va ozuqa bazasini mustahkamlash choralari sohaning jadal taraqqiy etishiga mustahkam zamin yaratmoqda. Eng muhimi, “inson qadri uchun” tamoyili asosida har bir tashabbuskor fuqaroning mehnati e’tirof etilib, uning biznesini kengaytirishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilmoqda.

Qorako‘l tumanida Yog‘mir Saidov kabi tashabbuskor chorvadorlarning soni yil sayin ortib borayotgani ham davlatimiz tomonidan olib borilayotgan oqilona siyosatning amaliy natijasidir. Bunday mehnatkash insonlar nafaqat o‘z oilasi farovonligini ta’minlamoqda, balki mahallada yangi ish o‘rinlari yaratish, aholini sifatli chorva mahsulotlari bilan ta’minlash va mamlakatimiz oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shmoqda.
Bir vaqtlar oddiy g‘oya bo‘lib ko‘ringan tashabbus bugun mehnat, ishonch va davlat qo‘llovi tufayli muvaffaqiyatli chorvachilik xo‘jaligiga aylanmoqda. Yog‘mir Saidovning hayot yo‘li shuni yana bir bor isbotlaydiki, imkoniyatlardan unumli foydalangan, mehnatdan qochmagan inson albatta o‘z maqsadiga yetadi. Bu kabi ibratli tajribalar yurtimiz qishloqlarida tadbirkorlik ruhini kuchaytirib, Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shayotgan fidoyi insonlarning safini yanada kengaytiradi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri