O‘zbekiston va Malayziya yuqori texnologiyalar sohasida hamkorlikni rivojlantiradi
Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida O‘zbekiston delegatsiyasi va “Dagang NeXchange Berhad” kompaniyasi rahbariyati o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda yuqori texnologiyali ishlab chiqarish yo‘nalishlarida, xususan, yarimo‘tkazgichlar sanoatida hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar O‘zbekistonda yarimo‘tkazgichlar ekotizimini shakllantirish, sohaga investitsiyalarni jalb etish, ilg‘or texnologiyalarni joriy qilish, shuningdek, malakali mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha hamkorlik istiqbollarini ko‘rib chiqdi.
Muzokaralar davomida “DNeX” kompaniyasining yarimo‘tkazgichlar ishlab chiqarish sohasidagi tajribasi va texnologik salohiyatiga alohida e’tibor qaratildi.
Ta’kidlanganidek, “Dagang NeXchange Berhad” Malayziyaning raqamli texnologiyalar, axborot-kommunikatsiya xizmatlari, energetika va yarimo‘tkazgichlar sohalarida faoliyat yurituvchi yirik texnologik kompaniyalaridan biri hisoblanadi. 2021-yilda kompaniya mamlakatning yetakchi yarimo‘tkazgich ishlab chiqaruvchilaridan biri bo‘lgan “SilTerra Malaysia Sdn. Bhd.” korxonasining 60 foiz ulushini xarid qilgan.

Uchrashuv yakunida tomonlar yuqori texnologiyali ishlab chiqarish quvvatlarini rivojlantirish, tajriba almashish va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha o‘zaro manfaatli aloqalarni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi axborot xizmatiga ko‘ra, mazkur muloqot O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi texnologik sheriklikni mustahkamlash, innovatsion sanoat yo‘nalishlarida yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA