IChO-2026: O‘zbekiston ilm-fan salohiyatini namoyon etmoqda
Poytaxtimizda dunyodagi eng nufuzli intellektual musobaqalardan biri – 58-xalqaro kimyo olimpiadasi (IChO-2026) yuqori saviyada davom etmoqda.
Markaziy Osiyo tarixida ilk bor yurtimiz mezbonlik qilayotgan mazkur anjuman mamlakatimizning ilm-fan va ta’lim sohasidagi xalqaro nufuzi tobora yuksalayotganini yana bir bor namoyon etdi.
O‘zA muxbiri mazkur nufuzli intellektual musobaqaning ahamiyati, tashkiliy jarayoni hamda biz uchun foydali jihati xususida Fan olimpiadalari markazi direktori, 58-xalqaro kimyo olimpiadasi tashkiliy qo‘mitasi raisi, Xalqaro kimyo olimpiadasi boshqaruvi qo‘mitasi a’zosi To‘raboy Shermatov bilan suhbatlashdi.
– Bunday nufuzli tadbirga O‘zbekiston mintaqamizda ilk bor mezbonlik qilishi nimani anglatadi?

Mazkur olimpiadaga 2013-yildan buyon muntazam qatnashib kelamiz. Nisbatan qisqa vaqtda ishtirokchi jamoadan mezbon davlatga aylanganimiz O‘zbekiston ilm-fan sohasida erishayotgan darajaning xalqaro e’tirofidir.
Olimpiadaga tayyorgarlik bir yildan ko‘p davom etdi: xorijiy va mahalliy ekspertlar jalb qilindi, tashkiliy va akademik jarayon xalqaro talab asosida puxta ishlab chiqildi. Asosiy maqsad – musobaqani mutlaqo shaffof, adolatli va yuqori saviyada o‘tkazishdan iborat edi.
– Mezbonlikning eng og‘ir mas’uliyati nimada ekan?
– Bizning asosiy vazifamiz barcha ishtirokchilar uchun teng sharoit yaratish edi. Savollarni tayyorlaydigan guruh bilan O‘zbekiston terma jamoasini tayyorlagan mutaxassislar alohida-alohida ishladi. Xalqaro talab shunday.
Milliy universitetda 400 o‘rinli maxsus zamonaviy laboratoriya tashkil etildi. Mualliflik asosida tayyorlangan akademik topshiriqlarning barcha ishtirokchi mamlakatlar o‘quv dasturiga muvofiqligi ta’minlandi.
Mehmonlarni kutib olishdan madaniy dasturgacha – har bir bosqich oldindan rejalashtirildi. Juda ko‘p mentorlar, delegatsiyalar rahbarlari Toshkent olimpiadasini oxirgi besh yildagi eng yaxshi musobaqa sifatida baholayotgani bizni quvontiradi, albatta.
– Fikringizcha, O‘zbekiston ilm-fani uchun endi yana qanday imkoniyat eshiklari ochiladi?
– IChO-2026 orqali O‘zbekistonni nafaqat buyuk tarix va boy madaniyat makoni, balki zamonaviy ilm-fan salohiyati yuqori davlat sifatida ham namoyon etishni maqsad qilganmiz. Bunday nufuzli tadbirlar ilmiy infratuzilmani yanada takomillashtirish, xalqaro hamkorlik ko‘lamini kengaytirish, yoshlarda aniq fanlarga qiziqishni oshirishga xizmat qiladi.
Eng muhimi, respublikamiz xalqaro olimpiadalarni eng yuqori talabga mos tarzda tashkil eta olishini amalda isbotladi.
Dilshod Hakimov, O‘zA