Hunarli yosh – ishonchli kelajak
Namangan viloyati Norin tumanidagi 41-umumta’lim maktabida yoshlarni kasb-hunarga yo‘naltirish, ularda mehnatsevarlik va tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish hamda avlodlar o‘rtasidagi hamjihatlikni mustahkamlashga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi.
Unda viloyat “Nuroniy” jamg‘armasi raisi I. Najmiddinov, tuman hokimi J. Nurmatov, nuroniylar, yoshlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbir davomida o‘quvchilarni o‘z qiziqishi va qobiliyatidan kelib chiqib kasb-hunarga yo‘naltirish, ularning iqtidorini yuzaga chiqarish hamda kelgusida mustaqil mehnat faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun zarur ko‘nikmalarni shakllantirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Xususan, pazandachilik, rassomchilik, tikuvchilik va dizayn, duradgorlik hamda temirchilik kabi hunarlarni egallashning ahamiyati xususida fikr almashildi.
Nuroniylar yoshlar bilan muloqotda o‘z hayotiy tajribalari bilan o‘rtoqlashib, kasb-hunar o‘rganish, vaqtdan unumli foydalanish, mehnatsevarlik va intilish inson kamolotida muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.
[gallery-32214]
Mazkur tadbir yoshlarning kasb-hunarga qiziqishini oshirish, ularni mustaqil hayotga tayyorlash hamda ustoz-shogird an’analarini davom ettirishga xizmat qiladi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA