Himoya orderi ayollar xavfsizligini ta’minlashda muhim huquqiy mexanizm
So‘nggi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni tazyiq va zo‘ravonlikdan asrash, gender tenglikni ta’minlash hamda oila institutini mustahkamlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Bu borada qabul qilinayotgan qonunchilik hujjatlari va amalga oshirilayotgan islohotlar nafaqat huquqbuzarliklarning oldini olish, balki jabrlanuvchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga ham xizmat qilmoqda. Ana shunday samarali huquqiy vositalardan biri himoya orderidir.
Himoya orderi tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxsga davlat himoyasini taqdim etuvchi, huquqbuzar shaxsga nisbatan qonunchilikda belgilangan cheklov va majburiyatlarni yuklashga asos bo‘luvchi rasmiy hujjat hisoblanadi. Uning ahamiyati shundaki, mazkur mexanizm zo‘ravonlik oqibatlarini bartaraf etishdan ko‘ra, avvalo uning takrorlanishining oldini olishga qaratilgan.
Himoya orderining samaradorligi uning ijrosini ta’minlash mexanizmlari bilan ham belgilanadi. Agar huquqbuzar shaxs order talablariga rioya etmasa, qonunchilikda belgilangan tartibda ma’muriy javobgarlikka tortiladi. Bu esa mazkur hujjatning amaliy ahamiyatini yanada oshiradi.
Bugungi kunda Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ijtimoiy inspeksiyaning Navoiy viloyati boshqarmasi tomonidan tazyiq va zo‘ravonlikdan xotin-qizlarga ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlar sifati va qonuniyligi ustidan doimiy nazorat o‘rnatilgan.
Jumladan, 2025-yilda Navoiy shahrida 660 nafar xotin-qizga himoya orderi rasmiylashtirilgan bo‘lsa, 2026-yilning birinchi choragida bu ko‘rsatkich 143 nafarni tashkil etmoqda.
Tazyiq va zo‘ravonlik holatlarini bartaraf etishda faqat huquqiy choralar emas, balki ijtimoiy va psixologik yordam ham muhim ahamiyat kasb etadi. “Inson” markazlari va ijtimoiy xizmat ko‘rsatish tizimi orqali 2025-yilda 41 nafar, 2026-yilning birinchi choragida esa 8 nafar xotin-qiz “Birlamchi ko‘mak xonasi”ga joylashtirilib, ularga zarur yordam ko‘rsatilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda Navoiy shahrida tazyiq va zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha 763 ta murojaat kelib tushgan. Ushbu murojaatlar asosida 487 nafar shaxsga psixologik, 276 nafar shaxsga esa yuridik xizmatlar ko‘rsatilgan.
Ijtimoiy inspeksiya tomonidan sud organlari bilan hamkorlikda amalga oshirilgan ishlar ham ijobiy natijalar bermoqda. Xususan, bir qator xotin-qizlar manfaatlarini himoya qilish maqsadida aliment undirish bo‘yicha sudlarga murojaat qilinib, ularning murojaatlari ijobiy hal etilgan.
Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan ayollarning hayotini tiklash va jamiyatga qayta moslashuvida reabilitatsiya markazlarining o‘rni beqiyosdir. 2025-yil davomida Navoiy shahridan 31 nafar xotin-qiz va ularning 50 nafar farzandi Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markaziga joylashtirilgan.
Markazda ularga psixologik, huquqiy va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatilgan. Jumladan, 2025-yilda mazkur markazda 107 nafar xotin-qiz va 156 nafar voyaga yetmagan bola, 2026-yilning birinchi choragida esa 55 nafar jabrlangan xotin-qiz reabilitatsiya xizmatlaridan foydalangan.
Bugungi kunda himoya orderi faqat huquqiy hujjat sifatida emas, balki inson qadrini himoya qilish, ayollar xavfsizligini ta’minlash va jamiyatda adolat tamoyillarini qaror toptirishga xizmat qiluvchi muhim ijtimoiy institut sifatida namoyon bo‘lmoqda. Eng muhimi, mazkur tizim orqali jabrlangan shaxslar o‘z muammolari bilan yolg‘iz emasligini, davlat va jamiyat ularning huquqlari va manfaatlarini himoya qilishga tayyor ekanini his qilmoqda. Bu esa xotin-qizlarning huquqiy himoyasini kuchaytirish va sog‘lom jamiyat barpo etish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri hisoblanadi.
Elbek Ikromov,
Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ijtimoiy inspeksiyaning
Navoiy viloyati boshqarmasi bosh mutaxassisi.
O‘zA