Partiyaning faoliyati tahlil etildi
O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Navoiy viloyat Kengashining navbatdagi XVIII Plenumi bo‘lib o‘tdi.
Partiya viloyat Kengashi a’zolari, xalq deputatlari viloyat, shahar va tuman Kengashlari deputatlari, mahalliy Kengashlardagi partiya deputatlik guruhlari vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda Zoom platformasi orqali quyi bo‘g‘in vakillari ishtirok etgan tadbirda partiyaning o‘tgan davrdagi faoliyati tahlil qilinib, tashkiliy-partiyaviy, mafkuraviy, deputatlik hamda jamoatchilik bilan ishlash yo‘nalishlarida amalga oshirilgan ishlar muhokama etildi.

Tadbirda O‘zbekiston “Adolat” SDP Navoiy viloyat Kengashi raisi Mansurjon Hamidov so‘zga chiqib, mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, aholi turmush farovonligini oshirish va adolat tamoyillarini hayotga tatbiq etish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlarda partiyaning o‘rni va mas’uliyati tobora ortib borayotganini ta’kidladi.

Plenumda viloyat Kengashining 2025-yil hamda 2026-yilning birinchi choragidagi faoliyati, deputatlik guruhi faoliyati natijalari, tashkiliy-partiyaviy va mafkuraviy ishlar, byudjet mablag‘larining shakllanishi va sarflanishi, shuningdek, Ijroiya qo‘mitasi tarkibiga o‘zgartishlar kiritish masalalari ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, 2025-yil yakunlariga ko‘ra partiya a’zolari soni 17 ming 134 nafarga ortib, 93 ming 546 nafarga yetgan. Joriy yilning birinchi yarim yilligida esa 5,5 ming nafar yangi a’zoni jalb qilish rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunga qadar 3 ming 697 nafar fuqaro elektron bazaga kiritilgan.
Bu borada Xatirchi va Uchquduq tumanlari yuqori natija ko‘rsatgani, boshqa hududlarda esa ishlarni yanada jonlantirish zarurligi ta’kidlandi.

Ayni paytda viloyatda partiyadan saylangan 45 nafar deputat faoliyat yuritmoqda. Shundan 6 nafari viloyat Kengashi, 39 nafari shahar va tuman Kengashlari deputatlaridir. Deputatlarning 24 nafari xotin-qizlardan iborat bo‘lib, bu partiyada gender tenglikni ta’minlash borasidagi amaliy ishlar samarasini ko‘rsatadi.
2026-yilning birinchi yarim yilligida partiya deputatlari tomonidan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga jami 41 ta deputatlik so‘rovi yuborilgan. Ularning 14 tasi qonunlar va hukumat qarorlari ijrosini o‘rganishga, 27 tasi esa fuqarolar murojaatlari asosida ko‘tarilgan masalalarga bag‘ishlangan. So‘rovlarning 23 tasi ijobiy hal etilgan, 18 ta murojaat bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berilgan. Shuningdek, deputatlik guruhlari tashabbusi bilan 9-marta mas’ul tashkilotlar rahbarlarining hisobotlari eshitilgan.
Shu bilan birga, ayrim hududlarda deputatlik guruhlari faolligini oshirish, dolzarb masalalarni sessiyalar muhokamasiga olib chiqish va saylovchilar manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan amaliy ishlar samaradorligini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Plenum yakunida partiya Saylovoldi dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash va hududlarda partiya loyihalari samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilab olindi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri