Qizilqum bag‘rida yangi dengiz paydo bo‘lmoqdami?
Buxoro viloyatining olis va sahro bag‘rida joylashgan Peshku tumani “Jongeldi” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida paydo bo‘lgan ko‘l haqida ijtimoiy tarmoqlarda hayratomuz xabarlar tarqalmoqda. Kechagina qum barxanlari va cheksiz sahrolardan iborat bo‘lgan bu maskanda bugun ko‘z ilg‘amas darajada ulkan suv havzasi shakllanmoqda.
Aholi orasida uni hatto “yangi dengiz” deb atashmoqda. Albatta, bu tabiatning tasodifiy mo‘’jizasi emas, balki inson aql-zakovati va uzoqni ko‘zlab amalga oshirilgan yirik gidrotexnik loyihaning samarasidir.

2023-yildan boshlab Jondor, Qorako‘l va Olot tumanlaridagi sizot suvlarini Orolbo‘yi hududlariga yetkazishga qaratilgan muhim loyiha doirasida maxsus suv yo‘li qurilishi boshlangan edi. 2024-yildan esa ushbu suvlarni Jongeldi hududida zaxira qilish ishlariga kirishildi. Natijada Qala ota qishlog‘i yaqinida qisqa vaqt ichida ulkan suv havzasi — “Tuzkuy” ko‘li vujudga keldi.
Mutasaddilarning ma’lum qilishicha, kollektor-drenaj tizimlari orqali to‘yinadigan mazkur havzaga har soniyada 35 kub metr suv kelib tushmoqda. Loyiha to‘liq amalga oshirilganda bu yerda 850 million kub metr suv zaxira qilish imkoniyati yaratiladi. Ayni paytda esa 350 million kub metrdan ortiq suv jamlangan.

–Buxoro shahridan qariyb 230 kilometr uzoqlikdagi bu hudud avval qum barxanlaridan iborat edi, –deydi Peshku tumani hokimi o‘rinbosari Azamat Rajabov.–Yangi ko‘lning paydo bo‘lishi hudud iqtisodiyoti uchun katta imkoniyatlarni ochmoqda. Kelajakda sohil bo‘ylaridagi yer maydonlarini auksion orqali tadbirkorlarga berish va yangi biznes loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Mutaxassislar fikricha, “Tuzkuy” nafaqat iqtisodiy, balki ekologik ahamiyatga ham ega. Yangi suv havzasi hudud iqlimini yumshatish, qushlar va boshqa jonivorlar uchun qulay yashash muhitini shakllantirishga xizmat qiladi.
–Bu ko‘l ekologik muvozanatni saqlashda muhim omil bo‘ladi, –deydi Peshku tuman ekologiya bo‘limi boshlig‘i Savriddin Fayzullayev. –Qushlarning yangi qo‘nimgohlari paydo bo‘ladi, baliqchilik rivojlanadi. Bu esa aholi uchun qo‘shimcha ish o‘rinlari va daromad manbai demakdir.
Ayniqsa, mahalliy aholi bu o‘zgarishlarni katta quvonch bilan qarshi olmoqda. Chunki suv bor joyda hayot, taraqqiyot va farovonlik bo‘ladi.

–Qala ota qishlog‘i hududida ikki yildan buyon suv yig‘ilishi natijasida ko‘l shakllandi, –deydi “Jongeldi” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Nabira Aktasova. –Bu biz uchun katta ne’mat bo‘ldi. Ota-bobolarimiz “Suv — tinchlik va barakaning ko‘zi”, deb bejiz aytmagan. Ko‘l aholimiz uchun yangi imkoniyatlar va daromad manbaini yaratmoqda.
Yaqin istiqbolda hududda zamonaviy turizm infratuzilmasini barpo etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar boshlanishi rejalashtirilgan. Loyiha doirasida mehmonxonalar, dam olish maskanlari, ekoturizm va baliqchilik klasterlarini tashkil etish nazarda tutilmoqda. Mutaxassislar hisob-kitoblariga ko‘ra, kelajakda mazkur hudud yiliga bir milliondan ortiq sayyohni qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi hamda minglab aholining bandligini ta’minlaydi.
Bugun Jongeldida vujudga kelayotgan “Tuzkuy” ko‘li oddiy suv havzasi emas. U Qizilqum bag‘rida paydo bo‘layotgan yangi hayot manbai, yangi iqtisodiy imkoniyatlar eshigi va ekologik barqarorlik ramzidir. Kechagina faqat qum va shamol hukmron bo‘lgan hududda bugun suv jilvalanmoqda. Ertaga esa bu yerda baliqchilik xo‘jaliklari, turistik majmualar, yashil hududlar va farovon hayot shakllanishi mumkin.
Ehtimol, yaqin yillarda Qizilqum sahrosi bag‘rida paydo bo‘lgan ushbu ulkan ko‘l nafaqat Buxoro, balki butun mamlakatning eng diqqatga sazovor tabiiy va turistik manzillaridan biriga aylanar...
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri