Diplomatiya sohasidagi gender to‘siqlarni qanday yengish mumkin?
Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi tashabbusi bilan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Xalqaro diplomatiyada ayollar kuniga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda diplomatlar, olimlar va talaba-qizlar ishtirok etdi.
Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari o‘rinbosari Renata Vrubel gender tengligi nafaqat fundamental huquq, balki samarali diplomatiya va kuchli institutlarni shakllantirishning muhim sharti ekanini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, yosh ayollarning xalqaro munosabatlar sohasida muvaffaqiyat qozonishida mentorlik, amaliy tajriba va professional aloqalar muhim ahamiyatga ega.
Shuningdek, “El-yurt umidi” jamg‘armasi ijrochi direktori Gulnoza Ismoilova Yangi O‘zbekistonda ayollarning o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi va jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishi uchun keng imkoniyatlar yaratilayotganini qayd etdi.
Panel muhokamalarida diplomatlar va olimlar o‘z kasbiy tajribalari bilan o‘rtoqlashib, diplomatiya sohasidagi gender to‘siqlarini bartaraf etish yo‘llari hamda bugungi tez o‘zgarayotgan global muhitda talab etilayotgan ko‘nikmalar haqida fikr almashdi.
Tadbir doirasida tashkil etilgan “Tezkor netvorking” sessiyasida talaba-qizlar diplomatlar bilan bevosita muloqot qilib, diplomatik faoliyat, xalqaro hamkorlik va sohadagi imkoniyatlar yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA