Havomizni zaharlayotgan sabablar yoxud sog‘lom kelajakni ta’minlashdagi vazifalarimiz nimalardan iborat?
Shu kunlarda Toshkent ko‘chalariga chiqqan odam osmonga qarab nimani ko‘radi? Shahar ustiga cho‘kkan xira kulrang tumanni keyingi paytlar qandaydir murakkab ekologik asboblarciz ham ko‘ra olyapmiz.
Chuqurroq nafas olsangiz, tomog‘ingizni qandaydir ko‘zga ko‘rinmas chang zarralari qirib o‘tganini his qilasiz. Bu gaplarimiz vahima yoki ijtimoiy tarmoqlardagi navbatdagi bahs emas.
Kuz kelib, harorat bir oz pasayishi bilan poytaxtda mana shunday tanish manzara kun tartibiga chiqadi. Ko‘chalardagi chang, tirband yo‘llardagi minglab avtomobillardan chiqayotgan tutun, osmono‘par binolarning betartib qurilishi va shahar chekkalaridagi issiqxonalarda yoqilayotgan ko‘mir hayolga keladi. Bularning qay biri osmonni ko‘proq xira torttiryapti?
So‘nggi paytlarda jamoatchilikning barcha e’tibori va e’tirozlari asosan ko‘mir yoqadigan issiqxonalarga qaratildi. Bu bejiz emas, albatta. Ularning faoliyatini qat’iy ekologik talablar asosida tartibga solish, zamonaviy filtrlar o‘rnatish va zararli tashlamalarni jilovlash bo‘yicha yuqori darajada yangi choralar muhokama qilinmoqda. Ammo masalaga sovuqqonlik va tahliliy nazar bilan qaraydigan bo‘lsak, faqat bitta manbani jazolash yoki nazorat qilish bilan bu ulkan ekologik tugunni yechib bo‘lmaydi.
Buning uchun havoning o‘zida aslida nimalar yashiringanini, ifloslanishning asl o‘choqlarini va ko‘rilayotgan choralar qanday natija berayotganini xolis o‘rganishimiz kerak.
Ko‘zga ko‘rinmas, ammo xavfli dushman
Havoni faqat issiqxonalar buzyapti, degan qarash qanchalik asosli? Ekologiya vazirligi bu savolga ilmiy yondashib, havodagi mayda zarrachalar manbasini aniqlash uchun avtomatik stansiyalar va laboratoriya tahlillaridan foydalanmoqda. Gap bu yerda mutaxassislar tilida PM2.5 deb ataladigan, ko‘z bilan ilg‘ab bo‘lmaydigan o‘ta mayda zarrachalar haqida ketyapti. Ular shunchalik mittiki, nafas olganimizda hech qanday to‘siqsiz o‘pkaning eng chuqur qismigacha kirib boradi va qonga uzatiladi.
Joriy yilning kuz boshida, aniqrog‘i 28-sentabrdan 6-oktabrgacha olingan havo namunalari juda qiziq manzarani ko‘rsatdi. Bu paytda havodagi PM2.5 zarrachalarining 63,9 foizini oddiy mineral chang tashkil qilgan. Yoqilg‘i yonishidan hosil bo‘lgan tutun va qurumning ulushi esa 24 foiz atrofida bo‘lgan.

Biroq havo birdan sovib, isitish mavsumiga tayyorgarlik boshlangach, raqamlar keskin o‘zgardi. 17–19-oktabr kunlari olingan tahlillarga ko‘ra, havodagi yoqilg‘i yonishi bilan bog‘liq zarrachalar ulushi birdan 54–57 foizgacha ko‘tarildi. Changning miqdori esa 28–34 foizga tushib qoldi. Bu juda oddiy haqiqatni anglatadi. Kuz boshida havoni asosan chang buzgan bo‘lsa, havo sovishi bilan uning o‘rnini tutun va qurum egalladi.
Lekin shu yerda shoshma-shosharlik bilan xulosa chiqarmaslik kerak. Laboratoriya havoda yoqilg‘i changi ko‘payganini ko‘rsatdi, ammo bu tutunning hammasi aynan issiqxonalardan chiqdi, degani emas. Buning ichida ishlab chiqarish zavodlari, uylarni isitish tizimlari va boshqa manbalarning ham o‘z ulushi bor.
Manzara aslida qanday?
Jahon banki va Ekologiya vazirligining birgalikdagi tadqiqoti bu borada yanada kengroq ma’lumot beradi. Unga ko‘ra, Toshkent havosini yil davomida ifloslantirib turadigan asosiy omil bu shamol olib keladigan changdir. Uning ulushi 36 foizni tashkil etadi. Ikkinchi o‘rinda 28 foizlik ulush bilan binolarni isitish tizimlari turadi. Tirband ko‘chalarimizdagi transportlarning havoga zarari 16 foiz, sanoat korxonalarining ulushi esa 13 foiz deb baholangan. Qolgan qismi shaharning ichki changi va chiqindilarni yoqish oqibatida yuzaga keladi.
Bu o‘rinda bir nozik jihatni farqlay bilish kerak. «Mineral chang» deganda ko‘z oldimizga faqat cho‘ldan uchib kelayotgan qum kelmasligi kerak. Poytaxtdagi betartib qurilishlar, qazilgan va ochiq qoldirilgan tuproqli maydonlar, og‘ir yuk mashinalari ezib o‘tgan yo‘llardan ko‘tarilayotgan chang ham laboratoriyada aynan tuproq changi sifatida namoyon bo‘ladi. Demak, havomizni o‘zimiz qurgan binolar va o‘zimiz qazgan yo‘llar ham beayov ifloslantirmoqda.

Tadbirkorlik sub’ektlari vakillari nima deydi?
Issiqxonalar faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarning ham bu borada o‘z haqiqati bor. Xususan, bu yo‘nalishda ishlaydigan “Sendrilion” korxonasi rahbari X.Ahmedov muammoga kengroq qarash tarafdori. Uning ochiq ma’lumotlarga tayanib aytishicha, butun respublika bo‘yicha issiqxonalar yiliga taxminan 200 ming tonna ko‘mir yoqadi. Shundan 70 ming tonnasi Toshkent va uning atrofidagi hududlarga to‘g‘ri keladi.
Tadbirkorning fikricha, mamlakatdagi umumiy ko‘mir iste’moli yiliga qariyb 10 million tonnani tashkil qilgan bir sharoitda, issiqxonalarning ulushi juda kam. Shu sababli butun aybni faqat ularga yuklash adolatdan emas. Albatta, bu fikrlar asosli statistika bilan tasdiqlanishi kerak. Chunki Toshkent osmonida qolayotgan tutun bilan boshqa chekka hududlarda yoqilayotgan ko‘mirning ta’sir darajasi bir xil emas.
Shunga qaramay, tadbirkorlar ham qo‘l qovushtirib o‘tirgani yo‘q. Masalan, to‘rt bosqichli tozalash tizimiga ega «Eco Filter» texnologiyasi yaratilgan bo‘lib, u nafaqat havoni tozalashi, balki energiyani 30–40 foiz tejashi ham ta’kidlanmoqda.
Filtr o‘rnatishning o‘zi yetarlimi?
Texnologiya yaratilgani yaxshi, ammo uning real hayotda qanday ishlashi eng muhim masaladir. Yaqinda bo‘lib o‘tgan bir voqea buning yaqqol isboti. Ekologiya vazirligi joriy yilning 30-sentabr va 8-oktabr kunlari issiqxonalar uchun tavsiya etilayotgan yangi qozon va filtr tizimining tajriba namunasini tekshiruvdan o‘tkazdi. Natija esa kutilganidek chiqmadi. Qurilmadan chiqayotgan tashlamalar belgilangan xavfsizlik me’yorlariga javob bermadi.
Bu holat bizga bitta muhim dars beradi. Issiqxonaga qandaydir filtr o‘rnatib qo‘yish bilan ish bitmaydi. O‘sha uskuna haqiqatan ham zaharli tutunni ushlab qolyaptimi yoki shunchaki xo‘jako‘rsinga ishlayaptimi? Mana shu savolga javob bo‘ladigan darajada muntazam nazorat olib borilishi kerak.
“Yashil belbog‘”larning ahamiyati
Osmonga chiqayotgan tutunni kamaytirish masalaning faqat bir tomoni. Ikkinchi tomoni esa o‘sha ifloslangan havoni tabiiy yo‘l bilan tozalash. Buning uchun eng ishonchli qalqon daraxtlardir.
Shu maqsadda poytaxt va hududlarda keng ko‘lamli «yashil belbog‘»lar yaratilmoqda. O‘tgan yili va joriy yil hisobidan Bektemir hamda Yangihayot tumanlarida o‘n minglab daraxt ko‘chatlari qadaldi. Oldimizdagi 2027-yilgacha Toshkent atrofida yana 168 gektar maydonda daraxtzorlar yaratish reja qilingan. Xususan, Chirchiq daryosining poytaxtdan oqib o‘tuvchi qismi bo‘ylab 100 gektarlik ulkan ko‘kalamzor mintaqa tashkil etiladi.
Surxondaryoning Termiz tumanida ham Afg‘oniston tomondan yopiriladigan chang-to‘zonlarning yo‘lini to‘sish uchun 31 gektar yerda yashil himoya chizig‘i yaratildi. Yaqin kelajakda shahar atrofida 21 kilometrlik ulkan yashil halqa barpo etish ustida ish olib borilyapti.
Ammo ko‘chatni yerga qadash ikki soatlik ish, uni katta daraxt qilib o‘stirish uchun esa yillar kerak. Agar ekilgan nihollar vaqtida sug‘orilmasa, mehr bilan parvarish qilinmasa, sarflangan shuncha mablag‘ va mehnat shamolga sovuriladi.
Tuman o‘z-o‘zidan tarqamaydi
Maqola avvalida ta’kidlaganimizdek, bugun tomog‘imizni qirayotgan, ko‘zimizga yaqqol tashlanib turgan bu xira kulrang parda shamol esishi yoki o‘z-o‘zidan mo‘’jiza ro‘y berishi bilan tarqalib ketmaydi.
Raqamlar va havo tahlillari shuni ko‘rsatmoqdaki, muammoning yechimi kimnidir aybdor qilib ko‘rsatish bilan hal bo‘lmaydi. Issiqxonalardagi mo‘rilar, sanoat zavodlari, eski avtomobillar tutuni va betartib qurilishlardagi chang… Bularning har biri bilan alohida, ammo tizimli va qat’iy kurashmasak, ahvol o‘zgarmaydi.
Aholining, oddiy odamlarning esa talabi juda haqli va hayotiy. Ko‘chaga chiqqanda osmonning asl rangini ko‘rish va toza havodan nafas olish. Bizga qog‘ozdagi hisobotlar emas, real natija kerak. Zero, musaffo osmon uchun bugun real amalga oshirilgan har bir qadam ertaga oladigan toza nafasdir.
Mohichehra ESHMIRZAEVA,
O‘zA muxbiri