Har bir tögarakda bir qiziqiş, bir izlaniş...
Yurtimizda amalga oşirilayotgan keng kölamli islohotlar inson qadrini uluğlaş, yoşlarni har tomonlama barkamol, izlanuvçan va fidoyi şaxs qilib voyaga yetkazişga qaratilgan.
Bugungi şiddatli zamon faqatgina sinfxonada olingan nazariy bilimlar bilan çeklanib qolmasdan, darsdan taşqari jarayonlarda ham tinimsiz izlanişni, amaliy könikmalarni puxta egallaşni talab etmoqda. Mana şunday “taʼlimdan taşqari taʼlim” maskanlari qatorida tögaraklar yoşlarning iqtidorini yuzaga çiqariş, ularda mustaqil fikrlaş va yetakçilik könikmalarini şakllantirişda muhim köprik vazifasini bajaradi.
Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetida bugungi kunda ana şunday zavq-şavqqa töla 43 ta tögarak faoliyat yuritadi. Vatanparvarlikdan tortib sunʼiy intellekt, xorijiy tillar, robototexnika, sport, kibersport va ixtiroçilikkaça bölgan turfa yönalişlar yoşlarning qanotiga aylanmoqda. Bir xonada kursantlar tarix bilan yuzlaşsa, boşqasida yoşlar dronlarni osmonga kötariş sirlarini egallamoqda. Kimdir öz qöli bilan yasagan ilk noyob qurilmasini sinovdan ötkazsa, Madaniyat markazida harbiy orkestrning orombaxş kuylari yangrab turibdi.
Milliy iftixor va harbiy vatanparvarlik kafedrasidagi tögaraklarga kirsangiz, qiziqarli suhbatlarga guvoh bölasiz. “Jadid izdoşlari” tögaragida jadid bobolarimiz hayoti va faoliyati örganiladi. “Tarix va milliy harbiy meros”da ajdodlarimizning harbiy sanʼati, janglardagi jasorati haqida gaplaşiladi. “Zakovat”da esa kursantlar bir-biri bilan savol-javob qilib, mantiqiy savollarga javob izlaydi. Kursant Odilbek Muhammadov “Tarix va milliy harbiy meros” tögaragiga qatnaşadi.

– Bu yerda faqat tarixni örganmaymiz, balki ajdodlarimiz taktikasini bugungi zamonaviy vaziyatlar bilan soliştiramiz. Masalan, “Temur tuzuklari”dagi harbiy intizom va boşqaruv tartibini örganiş bizga bölajak komandir sifatida qaror qabul qiliş masʼuliyatini tuşunişga yordam beradi, – deydi u. Bu kafedrada yana “Yoş harbiy huquqşunoslar”, “Falsafa va tafakkur”, “Yoş tahlilçilar”, “Vatanparvar” kabi tögaraklar ham bor. Ularda kursantlar huquqiy savollarga javob izlaydi, turli mavzularda fikr almaşadi. Bunday maşğulotlar yoşlarning öz fikrini erkin aytişiga ham yordam beradi.
“Axborot texnologiyalari va sunʼiy intellekt” tögaragi rahbari, pedagogika fanlari doktori, dotsent Salohiddin Bobojonovning aytişiça, maşğulotlarda kursantlar faqat nazariya bilan çeklanmaydi. Örganganlarini darhol amalda sinab körişadi.

– Zamonaviy ofitser texnologiya bilan işlay olişi va uni xizmatda qöllaşni bilişi kerak. Şuning uçun kursantlarga IT va sunʼiy intellekt böyiça amaliy bilim berişga harakat qilyapmiz. Maşğulotlar Pythonacademy.uz platformasi orqali, gibrid şaklda olib boriladi, – deydi tögarak rahbari.
Kursant Abubakr Abdurahmonov ham bu tögarakka avvaldan qiziqib keladi.
– Birinçi kelganimda dasturlaş va algoritmlar juda qiyin tuyulgan. Hozir esa köp narsani örgandim. Mantiqiy masalalarni yeçiş, IT vositalari bilan işlaş, dronlarni boşqarişni özlaştirdim. Jamoat xavfsizligi universitetida oliy harbiy taʼlim muassasalari örtasida ötkazilgan musobaqada dron yönalişida iştirok etdim. Bu men uçun katta tajriba böldi, – deydi u.
Umumtexnik va tabiiy fanlar kafedrasidagi “Yoş tadqiqotçi” tögaragida ham kursantlar bekor ötirişgani yöq. Bu yerda fizika va elektrotexnika böyiça olgan bilimlarini amalda sinab körişadi. Kafedra öqituvçisi, texnika fanlari nomzodi, dotsent Şerozi Msirov rahbarligida tokning magnit maydoni induksiyasini örganiş uçun laboratoriya qurilmasi yaratilmoqda.
– Bu qurilma kursantlarga nazariyada örganganlarini amalda köriş imkonini beradi. Ular faqat tayyor narsani örganib qolmay, özlari ham tajriba ötkazişadi, – deydi Şerozi Msirov.
Kursant Manguberdi Çoriyev ham bu işga qiziqiş bilan qatnaşmoqda.
– Kitobdan öqigan narsangizni öz qölingiz bilan yasagan qurilmada köriş boşqaça ekan. Laboratoriyada har bir milliamper va voltning ahamiyatini amalda tuşunamiz, – deydi u.
Baʼzan biror narsani kitobdan öqib tuşuniş qiyin böladi. Uni öz qöling bilan yasab, işlatib körsang boşqaça.
Universitetdagi har bir tögarak texnika yoki tarix bilan boğliq emas. Harbiy orkestr tögaragi ham bor. Bu yerda kursantlar musiqa asboblarini çalişni örganişmoqda. Harbiy orkestr tögaragi ilk bor taşkil etilgan. Orkestr boşliği mayor Maqsud Rayimovning niyati esa har bir kursant kamida bitta çolğu asbobini çalişni bilişiga erişiş.

– Maqsadimiz faqat musiqa örgatiş emas. Kursantlar qalbida gözallik va ezgulik tuyğularini ham tarbiyalaşni istaymiz. Musiqa insonni sabrli qiladi, ruhiyatini boyitadi, – deydi u. Kursant Şerzod Norboyev bir neça oy avval birinçi marta saksofon uşlagan. Hozir esa musiqa çalişni örganyapti.
– Böş vaqtimda musiqa tögaragiga kelaman. Özim yoqtirgan kuylarni çalişga harakat qilaman. Bu maşğulotlar menga juda yoqadi. Musiqa boşqalar bilan birgalikda harakat qilişni, bir-birini tinglaşni ham örgatadi, – deydi u.
Harbiy taʼlimda musiqaning ham örni borligi qiziq. Çunki ofitser ham avvalo inson. Uning dunyoqaraşi, didi va maʼnaviy olami ham boy bölişi kerak.
Universitetda tögaraklarni taşkil etişda xorijiy tajribalarga ham eʼtibor qaratilgan. Öquv va uslubiy işlarni muvofiqlaştiriş bölimi boşliği podpolkovnik Ibrohim Xamdamovning aytişiça, Turkiya Respublikasi Milliy mudofaa universiteti tajribasi ham örganilgan.
– Turkiya harbiy taʼlim tizimida kursantlarni har tomonlama tayyorlaşga katta eʼtibor beriladi. Ularda kursantlar kamida 25 ta fan, badiiy va sport klublariga jalb etiladi. Bitiruvçilar harbiy bilim bilan birga fuqarolik taʼlimi, çet tili, sport, paraşyutçilik, dron operatorligi kabi yönalişlarda ham malaka oladi. Biz ham bu tajribani örganib, öz şaroitimizga moslaştirdik, – deydi u.
Hozirda universitet respublikamizning 12 ta oliy taʼlim muassasasi bilan hamkorlik memorandumini imzolagan. Bu orqali talabalar va kursantlar bir-biri bilan tajriba almaşişi, birgalikda maşğulotlar ötkazişi, laboratoriyalardan foydalanişi mumkin. Hamkorlik va maşğulotlar natijasi musobaqalarda ham körinmoqda. 28–31-oktabr kunlari Samarqand şahrida “Usmonov Kombat Systems” sport turi böyiça Osiyo çempionati bölib ötdi. Unda beşta davlatdan 600 dan ortiq sportçi qatnaşdi. Universitet terma jamoasi 19 ta oltin, 6 ta kumuş va 3 ta bronza medalini qölga kiritib, umumjamoa hisobida birinçi örinni egalladi.
30–31-oktabr kunlari Jamoat xavfsizligi universitetida oliy harbiy va harbiylaştirilgan taʼlim muassasalari kursantlari örtasida texnologik va harbiy-sport öyinlari böyiça Spartakiada ötkazildi. Kursantlar “Dron Racing”, “Dron Soccer”, “Kiberxavfsizlik” va “Kibersport” yönalişlarida bellaşdi.
Universitetdagi tögaraklar haqida maʼlumot töplar ekanman, bir narsaga eʼtibor berdim: kursantlarning qiziqişlari bir xil emas. Kimdir tarixni yaxşi köradi, kimdir texnikaga qiziqadi. Biri musiqa bilan şuğullansa, boşqasi sportda özini sinab köradi. Muhimi, ularning har biriga öz qiziqişi bilan şuğullaniş imkoniyati berilgan.

Bugun dron boşqarişni örganayotgan kursant ertaga bu bilimdan xizmatda foydalanişi mumkin. Laboratoriyada qurilma yasayotgan yoş esa kelajakda yangi ixtirolarga qöl urişi ehtimol. Tarixni örganayotgan kursant ajdodlarimiz merosini çuqurroq anglaydi. Menimça, tögaraklarning eng katta yutuği ham şu. Yoşlar özini sinab köradi, nimagadir qiziqib qoladi, örganadi va izlanadi. Axir yaxşi ofitser böliş uçun faqat harbiy bilimning özi yetarli emas. Keng dunyoqaraş, mustaqil fikr va doimiy izlaniş ham lozim.
Şohista Abdurahmonova,
sanʼatşunos
ÖzA