Har bir murojaat ortida inson taqdiri bor
Bugun yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning eng muhim jihatlaridan biri - davlat idoralari faoliyatini xalqqa yaqinlashtirish, fuqaroning dardi va muammosini eshitish, uning qonuniy manfaatlarini ta’minlashdan iborat.
Murojaat shunchaki ariza yoki shikoyat emas. Uning ortida insonning kundalik hayoti, oilasi, farzandlari, ishi, uy-joyi yoki salomatligi bilan bog‘liq muammo turgan bo‘lishi mumkin. Shuning uchun har bir murojaatga e’tibor bilan yondashish, uni o‘z vaqtida ko‘rib chiqish va imkoni boricha joyida hal etish davlat organlari faoliyatining muhim mezoniga aylanmoqda. Konimex tumani hokimi Ruslan Ro‘ziyev murojaatlarni hal qilish, ularga yechim topish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida quyidagilarni gapirib berdi:

– Tumanimizda 2026-yilning o‘tgan 9 oyi davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual va Xalq qabulxonalariga aholidan jami 831 ta murojaat kelib tushgan. Ularning salmoqli qismi ijobiy hal etilgan bo‘lib, qolgan murojaatlar bo‘yicha ham tegishli tashkilotlar tomonidan ish olib borilmoqda.
Murojaatlar mazmunini tahlil qilish tumanda aholini o‘ylantirayotgan asosiy masalalarni ham aniq ko‘rsatib beradi. Xususan, huquq-tartibot, ijtimoiy himoya va uy-joy ta’minoti, davlat organlari faoliyati, moliya va bank-kredit munosabatlari, soliq va sug‘urta, sog‘liqni saqlash hamda sanitariya-epidemiologik osoyishtalik bilan bog‘liq masalalar aholi murojaatlarida asosiy o‘rinni egallamoqda.
Bu raqamlar, bir tomondan, aholining o‘z huquq va manfaatlarini himoya qilish borasidagi faolligi ortib borayotganini ko‘rsatsa, ikkinchi tomondan, davlat tashkilotlari oldida hal etilishi lozim bo‘lgan vazifalarni ham aniq belgilab beradi.

Ayniqsa, murojaatlarni tashkilotlar kesimida o‘rganish muhim xulosalarni yuzaga chiqaradi. Masalan, tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlar markaziga 50 ta murojaat kelib tushgan. Majburiy ijro byurosi tuman bo‘limiga esa 35 tadan ortiq murojaat yo‘llangan. Gaz, ichimlik suvi va elektr ta’minoti bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha ham murojaatlar soni oshgan.
Demak, aholining ijtimoiy himoyasi, kommunal xizmatlar sifati, sud-huquq sohasidagi ijro jarayonlari kabi yo‘nalishlarda ishlarni yanada takomillashtirish talab etiladi. Islohotlarning mohiyati ham shunda muammoni murojaat kelib tushganidan keyin hal qilish bilan cheklanib qolmasdan, uni keltirib chiqarayotgan sabablarni bartaraf etish.
Doimiy ravishda aholi murojaatlarini mahallalar kesimida ham tahlil qilib bormoqdamiz. Jumladan, Navro‘z, Zafarobod, Birlik va Sho‘rtepa mahallalarida murojaatlar nisbatan ko‘p qayd etilgan. Shuning uchun bu hududlarda aholi bilan qo‘shimcha sayyor qabullar o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgan.

Bugun davlat xizmatchisi fuqaroni o‘z huzuriga chaqirishini kutib o‘tirmay, uning yashash manziliga borishi, muammosini o‘sha yerda o‘rganishi va imkoni bo‘lsa, shu yerning o‘zida hal qilishi kerak. Sayyor qabullarning asosiy ahamiyati ham ana shunda.
Shuningdek, kelib tushgan 831 ta murojaatning 454 tasi, ya’ni 54,6 foizi Respublikadagi boshqa hududlarda joylashgan tegishli korxona va tashkilotlar tomonidan ko‘rib chiqilmoqda. Ularning asosiy qismi fuqarolarning boshqa hududlardagi huquqlari buzilishi, ijro ishi, aliment, kredit va mehnat munosabatlari bilan bog‘liq.
Bu holat murojaatlar bilan ishlashda idoralararo hamkorlikning ahamiyatini yana bir bor ko‘rsatadi. Bir hududdagi davlat organi faoliyati bilan cheklanib qolmasdan, murojaat taqdiri qaysi tashkilot vakolatiga kirishidan qat’i nazar, uning yakuniy natijasini nazorat qilish zarur.
Konimexda bu borada mas’uliyat masalasiga ham jiddiy yondashilmoqda. Murojaatlar tegishli mas’ullarga belgilangan tartibda topshirilmoqda. Murojaatlarni ko‘rib chiqish muddatlarini buzgan yoki jarayonda qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘ygan mas’ullarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilmoqda.
Amaliy natijalar esa odamlar hayotida ko‘rinadi. Jumladan, Boymurod ovul fuqarolar yig‘inining Qo‘shquduq ovulini markaz bilan bog‘lovchi 14 km yo‘lni shag‘allashtirish haqidagi murojaati to‘liq hal etilgan. Bu bir qarashda oddiy yo‘l masalasidek ko‘rinishi mumkin. Ammo qishloq aholisi uchun mazkur yo‘l markaz bilan aloqa, ta’lim, tibbiy xizmat, savdo va kundalik ehtiyojlarga yetib borish imkoniyatidir.

Ko‘p qavatli uylar oldida qo‘shimcha bolalar maydonchalari qurish bo‘yicha aholi murojaatlari asosida 11 ta hududda qurilish ishlari boshlangan. Ichimlik suvi bilan bog‘liq murojaatlar ham mutaxassislar ishtirokida joyiga chiqqan holda o‘rganilib, ijobiy hal etilmoqda.
Ish bilan ta’minlash masalalari ham doimiy e’tiborda. Bu borada murojaatlar har juma kuni tuman hokimligida, shuningdek, tuman hokimi o‘rinbosarlarining sayyor qabullarida ko‘rib chiqilmoqda. Buning natijasida ish izlayotgan fuqarolarning ehtiyojlarini aniqlash va ularga mos yechim topish imkoni kengaymoqda.
Albatta, murojaatlar bilan ishlashda barcha masalani bir zumda hal etib bo‘lmaydi. Ayrim muammolarni hal qilish uchun mablag‘, vaqt yoki yuqori turuvchi tashkilotlar bilan kelishuv talab etiladi. Shu sababli takroriy murojaatlar ham uchrab turibdi. Agar fuqaro bir masala yuzasidan qayta-qayta murojaat qilishga majbur bo‘layotgan bo‘lsa, demak, birinchi murojaatdan keyin muammo to‘liq hal etilmagan yoki fuqaroga yechim muddati va tartibi yetarlicha tushuntirilmagan. Shu bois zamonaviy davlat boshqaruvi murojaatlar sonini kamaytirish emas, fuqaroning muammosini birinchi murojaatning o‘zida to‘g‘ri tushunish va imkoni boricha yakuniy hal etishni talab qiladi.

Konimex tumanidagi murojaatlar tahlili shuni ko‘rsatadiki, bugun aholi o‘z muammosi bilan davlat idoralariga murojaat qilishdan, o‘z haq-huquqini talab qilishda faollashmoqda. Davlat tashkilotlaridan esa ana shu murojaatlarni eshitish, xolis o‘rganish, qonuniy va amaliy yechim topish talab etilmoqda.
Eng muhimi, har bir murojaat ortida inson bor. Shuning uchun har bir murojaatga mas’uliyat bilan yondashish – oddiy xizmat vazifasi emas, balki inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan islohotlarning bevosita amaliy ko‘rinishidir.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri