O‘zbekiston va Senegal hamkorligining yangi sahifasi ochilmoqda
O‘zbekiston va Senegal o‘rtasida diplomatik munosabatlar 1995-yil 6-oktabrda o‘rnatilgan bo‘lib, ushbu mamlakat yurtimiz bilan rasmiy aloqa yo‘lga qo‘ygan 92-davlatdir.
Oradan 31 yil o‘tdi. Bu muddat amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilish va istiqboldagi vazifalarni belgilab olish uchun yetarlidir.
Bugungi kunda ikki davlat o‘rtasida ko‘p tomonlama va ikki tomonlama aloqalar yo‘lga qo‘yilgan. Toshkent va Dakar BMT, Islom hamkorlik tashkiloti hamda Qo‘shilmaslik harakati a’zolari sanaladi. Ushbu xalqaro platformalar ko‘p tomonlama diplomatiyani qo‘llab-quvvatlash, barqaror rivojlanish, oziq-ovqat xavfsizligi va xalqaro institutlarni isloh qilish kabi masalalarda pozitsiyalarni muvofiqlashtirish maydoni bo‘lib xizmat qilmoqda.
Tashqi ishlar idoralari o‘rtasidagi muntazam maslahatlashuvlar, vazirlar va parlament a’zolarining o‘zaro tashriflari, BMTdagi pozitsiyalar muvofiqligi hamda xalqaro tashkilotlarda bir-birining nomzodini qo‘llab-quvvatlashdan iborat siyosiy muloqot barcha sohalardagi hamkorlikning mustahkam poydevori bo‘lishi lozim. Katta resurs talab qilmaydigan, ammo qolgan barcha jarayonlarni harakatga keltiradigan ilk qadam — bu hamkorlik bitimini imzolash va maslahatlashuvlarning amaliy mexanizmini yaratishdir. Siyosiy muloqot munosabatlar poydevori bo‘lsa, iqtisodiyot ularni amaliy mazmun bilan boyitadi. Bu borada ham O‘zbekiston, ham Senegal oldida keng imkoniyatlar ochilmoqda, chunki ikkala mamlakat ham iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, sarmoya jalb etish va yangi bozorlarni o‘zlashtirishga intilmoqda. O‘zaro savdo sezilarli o‘sish salohiyatiga ega bo‘lib, Toshkent va Dakar tadbirkorlarining bir-biriga bo‘lgan qiziqishi ortib bormoqda. Raqamli platformalar, onlayn-uchrashuvlar va xalqaro ko‘rgazmalarda ishtirok etish biznes vakillarimizga vositachilarsiz hamkorlar topish hamda kelishuvlar tuzish imkonini bermoqda.
Ayni paytda ikki mamlakat iqtisodiyoti bir-birini to‘ldiradi. O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik sanoati, meva-sabzavotchilik, qurilish materiallari ishlab chiqarish va jadal rivojlanayotgan mashinasozlik sohalarida boy tajribaga ega. Senegal esa o‘z navbatida baliqchilik, foydali qazilmalarni qazib olish, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish sohalari hamda yaqinda boshlangan uglevodorod qazib chiqarish tarmog‘i bilan mashhur. Shuningdek, Dakar G‘arbiy Afrikadagi savdo va transport chorrahasi sifatida azaldan muhim rol o‘ynaydi. Mamlakat mintaqaviy birlashmalarga a’zoligi orqali qo‘shni bozorlar bilan ham chambarchas bog‘langan.

Ta’lim va fan sohalarida ham ulkan salohiyat mavjud. O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasalari tarmog‘i jadal kengayib, yangi ta’lim dasturlari joriy etilmoqda, xorijlik talabalar soni ortib bormoqda. Senegal ham ta’lim sohasida boy merosga ega bo‘lib, haqli ravishda G‘arbiy Afrikadagi asosiy ilm-fan markazlaridan biri sanaladi. Talabalar va o‘qituvchilar almashinuvi, qo‘shma ilmiy loyihalar hamda grantlar ikki mamlakat yoshlarini yanada yaqinlashtirishga xizmat qiladi.
Ko‘p tomonlama diplomatiya o‘zaro aloqalarning muhim tayanchidir. O‘zbekiston va Senegal global hamkorlikni mustahkamlash, barqaror rivojlanish, oziq-ovqat va iqlim xavfsizligini ta’minlash hamda xalqaro institutlarda faol ishtirok etishga intiladi. Mamlakatimizning 2027–2029-yillarda Qo‘shilmaslik harakatidagi bo‘lajak raisligi Afrika qit’asi mamlakatlari bilan yaqin muloqotni rivojlantirishda yangi sahifa ochadi. Senegal esa mintaqadagi yuksak mavqei tufayli Toshkent uchun bu yo‘ldagi eng muhim hamkorlardan biriga aylanishi mumkin.
O‘zbekiston va Senegal o‘rtasidagi 31 yillik diplomatik munosabatlar — bu o‘zaro ishonch, hurmat va hamkorlikni rivojlantirishga bo‘lgan intilish qaror topgan bosqichdir. Mamlakatlarimizni mushtarak qadriyatlar, umumiy maqsadlar va samimiy muloqot istagi bog‘lab turadi. Har bir yangi tashrif, har bir uchrashuv va qo‘shma loyiha ushbu do‘stlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Orash Akaboyev, O‘zA