Askarlik — sharaf, Vatan — muqaddas
Toshkent harbiy okrugi tasarrufidagi Sirdaryo tumanida joylashgan Safarbarlik chaqiruv rezervi batalonida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan yosh askarlar uchun hayotidagi eng unutilmas va mas’uliyatli kunlardan biri — «Vatanga qasamyod» marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tantanali tadbirda Toshkent harbiy okrugi qo‘mondonligi vakillari, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati Kengashi, Mudofaa vazirligi Jamoatchilik kengashi a’zolari, harbiy xizmat faxriylari, askarlarning ota-onalari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

Marosim davomida yosh askarlar Vatan oldidagi muqaddas burchini sidqidildan ado etish, yurt tinchligi va xalq osoyishtaligini asrash, harbiy qasamyod talablariga qat’iy amal qilishga tantanali ravishda qasamyod qildi. Bu lahzalar, ayniqsa, farzandini Vatan himoyachisi sifatida ko‘rish baxtiga muyassar bo‘lgan ota-onalar uchun ham hayajonli va faxrli kechdi.


Tadbirda so‘zga chiqqanlar yosh askarlarni qutlab, harbiy xizmat insondan nafaqat jismoniy tayyorgarlik, balki mustahkam iroda, yuksak intizom, matonat va mas’uliyatni ham talab etishini ta’kidladi. Vatan himoyachisi degan sharafli nomga munosib bo‘lish, avvalo, yurtga sadoqat va harbiy burchga vafodorlikdan boshlanishi qayd etildi.
Marosimning amaliy qismi ham ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Sirdaryo tumani Ichki ishlar akademik litseyi o‘quvchilari tomonidan namoyish etilgan qo‘l jangi bo‘yicha ko‘rgazmali chiqishlar tadbirga yanada jo‘shqinlik bag‘ishladi. O‘quvchilarning chaqqonligi, jasorati va jismoniy tayyorgarligi namunalari yig‘ilganlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Shuningdek, Sirdaryo tumani Madaniyat bo‘limi ijodkorlari tomonidan ijro etilgan vatanparvarlik ruhidagi kuy-qo‘shiqlar marosimga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi. Kuy va qo‘shiqlar tadbirning tantanavor ruhini yanada kuchaytirdi.

Tadbirda ishtirok etgan askar Bobur Egamnazarov uchun ham bu kun alohida ahamiyat kasb etdi.
— Bugun men uchun hayotimdagi eng unutilmas kunlardan biri bo‘ldi. Vatan oldida qasamyod qabul qilish — katta sharaf va yuksak mas’uliyat. Ota-onam va yaqinlarimning ishonchini oqlab, harbiy xizmatni sidqidildan o‘tashga hamda Vatan himoyachisi degan sharafli nomga munosib bo‘lishga harakat qilaman, — deydi askar Bobur Egamnazarov.

«Vatanga qasamyod» marosimi yosh askarlar uchun oddiy tantana emas, balki ularning hayotidagi muhim va unutilmas voqealardan biridir. Zero, qasamyod — Vatanga sadoqat, xalqqa xizmat va yurt tinchligi uchun mas’uliyatni zimmaga olish ramzi.

— Bugun qasamyod qabul qilgan yoshlar uchun eng katta sharaf — ona Vatan tinchligi va xalq osoyishtaligi yo‘lida munosib xizmat qilishdir. Harbiy xizmat ularni nafaqat chiniqtiradi, balki Vatan taqdiri oldidagi mas’uliyatni chuqur his etishga o‘rgatadi, — deydi Sirdaryo viloyati Mudofaa ishlari boshqarmasi Faxriylar kengashi raisi, iste’fodagi mayor Burxon Abdualimov.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri