Hakim Termiziy merosi – ma’rifat va taraqqiyotga xizmat qiladi
Hakim Termiziy tavalludining 1200-yilligi oldidan
So‘nggi yillarda mamlakatimizda buyuk ajdodlar merosiga munosabat tubdan o‘zgardi. Ilgari asosan tarixiy xotira doirasida tilga olingan allomalarimizning hayoti va asarlari bugun keng ko‘lamli ilmiy tadqiqotlar, xalqaro hamkorlik dasturlari, akademik nashrlar, zamonaviy muzeylar va ma’rifiy loyihalarning asosiy mavzusiga aylanmoqda. Bu jarayon xalqimizning o‘tmishini ulug‘lash bilangina cheklanmaydi. U milliy tafakkurni yuksaltirish, yosh avlodni mustaqil fikrlaydigan, bilimli va ma’naviy barkamol insonlar etib tarbiyalashga qaratilgan davlat siyosatining muhim yo‘nalishidir.
Yangi O‘zbekistonda barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi, buyuk muhaddis va mutafakkirlar nomi bilan atalgan xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, qayta obod qilinayotgan qadamjolar hamda dunyo qo‘lyozma xazinalaridan izlab topilayotgan nodir manbalar ana shu yangicha yondashuvning amaliy ifodasidir. Ajdodlarimizning ilmiy merosi zamonaviy ta’lim, ma’naviy tarbiya, turizm va xalqaro madaniy muloqot bilan uzviy bog‘lanmoqda. Bu orqali tarix faqat o‘tmish haqidagi xotira emas, balki bugungi taraqqiyot va kelajakni belgilaydigan ma’naviy tayanchga aylanmoqda.
Prezidentimizning 2026-yil 24-iyuldagi “Buyuk vatandoshimiz, hadis va tasavvuf ilmining yetuk namoyandasi Hakim Termiziy tavalludining 1200-yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori bu islohotlarning mazmunan yangi bosqichini boshlab berdi. Hujjatda allomaning ilmiy merosini chuqur tadqiq etish, asarlarini ilmiy-izohli tarjima va nashr qilish, nodir qo‘lyozmalarini o‘rganish, yosh tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash, buyuk ajdodimiz nomini jahonda targ‘ib etishga doir muhim vazifalar belgilangan.
Bu qaror ahamiyatini birgina yubiley tantanalari bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Unda Hakim Termiziy merosini ilmiy, ta’limiy, madaniy va xalqaro yo‘nalishlarni birlashtirgan yaxlit dastur asosida o‘rganish ko‘zda tutilgan. Demak, asosiy maqsad muayyan sanani nishonlash emas, balki alloma qoldirgan ma’rifat xazinasini bugungi avlod tafakkuri va jamiyatimiz ehtiyojlariga yaqinlashtirishdan iborat.
Bu jarayon mamlakatimizda so‘nggi vaqtlarda o‘tkazilayotgan yirik xalqaro anjumanlar bilan hamohangdir. Joriy yilda tashkil etilgan Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi O‘zbekiston zaminida shakllangan ilmiy maktablarning jahon taraqqiyotidagi o‘rnini keng muhokama qilish imkonini berdi. Forum ishtirokchilari islom sivilizatsiyasining mohiyatini faqat diniy tarix bilan emas, ilm-fan, madaniyat, axloq, tinchlik va insonparvarlik g‘oyalari bilan bog‘liq holda tahlil qildi.
Forum doirasida Termizda o‘tkazilgan “Termiz hadis maktabi: allomalar merosi va zamonaviy tadqiqotlar” mavzuidagi xalqaro konferensiya esa vohamizning islom ilmlari tarixidagi o‘rnini yana bir bor yaqqol ko‘rsatdi. Anjumanda Imom Termiziy, Hakim Termiziy va boshqa termiziy allomalar merosi zamonaviy manbashunoslik, hadisshunoslik va tasavvufshunoslik nuqtai nazaridan muhokama etildi. Bu kabi ilmiy muloqotlar Termizni o‘tmishdagi buyuk ilm markazi sifatidagina emas, bugungi xalqaro tadqiqotlar maydoni sifatida ham namoyon etmoqda.
Hakim Termiziy ana shunday ulug‘ ilmiy muhitda kamol topgan mutafakkir. To‘liq ismi Abu Abdulloh Muhammad ibn Ali ibn Hasan ibn Bishr ibn Horun bo‘lib, tadqiqotchilar fikriga ko‘ra, 820-830 yillar oralig‘ida Termizda tavallud topgan.
Ul zotning oilasida ilmga alohida e’tibor berilgan. Otasi taniqli muhaddis bo‘lib, onasi va ona tomondan bobosi ham hadis ilmi bilan shug‘ullangani haqida ma’lumotlar bor. Ana shunday muhitda tarbiya topgan Hakim Termiziy sakkiz yoshidan diniy bilimlarni o‘rganishga kirishgan. Keyinchalik tafsir, hadis, fiqh va tasavvuf bilan bir qatorda astronomiya, tibbiyot va matematika kabi fanlarni ham o‘zlashtirgan.
Allomaning “Hakim” nomi bilan shuhrat qozonishi ham bejiz emas. Alloma diniy masalalarning tashqi shaklini bayon qilish bilan cheklanmagan, balki har bir hukm, ibodat va axloqiy talabning mohiyati hamda hikmatini ochishga intilgan. Uningcha, bilim inson xotirasida jamlangan ma’lumotlar majmuasi emas, balki uning qalbi, xulqi va hayot tarzini o‘zgartiruvchi ma’naviy qudrat bo‘lishi lozim.
Ulug‘ ajdodimiz “Odob an-nafs” (“Nafs tarbiyasi”) va “Riyozatun-nafs” (“Nafs riyozati”) singari asarlarida insonning ichki olamini poklash, xohish-istaklarni idora etish va xulqni go‘zallashtirish masalalarini tahlil qiladi. Allomaga ko‘ra, nafsni tarbiyalash insonni hayotdan uzoqlashtirish emas, aksincha, uni atrofdagilarga mehribon, adolatli, sabrli va manfaatli shaxsga aylantirishdir. Hakim Termiziy inson ruhiyati, qalb va tafakkur bosqichlarini chuqur o‘rganib, ma’naviy kamolotni inson shaxsiyatining yaxlit taraqqiyoti sifatida talqin etgan.
“Navodirul usul” (“Nodir asllar”) asarida ham hadislar quruq rivoyat yoki nazariy ma’lumot sifatida emas, insonning ma’naviy-ruhiy va maishiy hayotida qo‘llanadigan hikmat manbai sifatida sharhlanadi. Alloma har bir hadisning tashqi mazmuni bilan cheklanib qolmay, uning inson qalbi, axloqi va kundalik turmushiga ta’sirini ochib berishga harakat qiladi. Shu tariqa ilmning haqiqiy qimmati uning inson hayotida ezgulik, rahm-shafqat va adolatga aylanishi bilan belgilanadi. Shu ma’noda Hakim Termiziy islom tafakkurida insonning tashqi faoliyati bilan uning ichki olamini birgalikda o‘rgangan ilk mutafakkirlardan hisoblanadi. Uning ilmiy merosida e’tiqod, tafakkur, axloq va ruhiy tarbiya bir-biridan ajratilmaydi. Bu esa alloma ta’limotining bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmayotganini ko‘rsatadi.
Hakim Termiziy yashagan davr turli aqidaviy va siyosiy bahslar avj olgan murakkab bir bosqich edi. Ayrim oqimlar diniy matnlarni bir yoqlama talqin qilib, jamiyatda ixtiloflar keltirib chiqarayotgan sharoitda u sof islom ta’limotini ilmiy dalillar asosida himoya qilishga harakat qildi.
Allomaning bu yo‘ldagi eng muhim fazilati shunda ediki, u muxolif fikrga bilim va dalil bilan javob bergan. Uning ilmiy uslubi bugungi kunda ham katta ahamiyatga ega. Chunki g‘oyaga qarshi g‘oya, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish tamoyili jamiyat ma’naviy barqarorligini ta’minlashning eng samarali yo‘lidir.
Turli manbalarda Hakim Termiziy qalamiga mansub asarlar soni har xil ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, uning 80 ga yaqin asari ma’lum. Ularning ko‘pchiligi nashr etilgan, ayrimlari esa hali ham dunyoning nufuzli qo‘lyozma fondlarida saqlanmoqda. Alloma asarlarining geografik jihatdan keng tarqalgani uning ilmiy nufuzi o‘z davridayoq islom olamining turli hududlariga yetib borganini tasdiqlaydi.
Prezident qarorida “Navodirul usul” (“Nodir asllar”) va “Bahrut-tafsir” (“Tafsir ummoni”) kabi asarlarning o‘zbek va xorijiy tillardagi ilmiy-izohli akademik tarjimalarini nashr etish belgilangani, ayniqsa, ahamiyatlidir. Bu vazifani amalga oshirish uchun qo‘lyozmalarni solishtirish, muallif matnining ishonchli ilmiy-tanqidiy nusxasini tayyorlash, murakkab diniy va tasavvufiy istilohlarga sharhlar berish zarur bo‘ladi.
Bunday tadqiqotlar Hakim Termiziyni zamonaviy kitobxonga to‘laqonli tanitish bilan birga O‘zbekistonda manbashunoslik va matnshunoslik maktabini rivojlantirishga ham xizmat qiladi. Jahon fondlaridagi nodir qo‘lyozmalarni izlab topish, raqamlashtirish, restavratsiya qilish va ilmiy muomalaga kiritish esa xalqimizning yo‘qolib borayotgan ilmiy xotirasini qayta tiklash imkonini beradi.
Hujjatda yosh tadqiqotchilarni termiziyshunoslikka jalb etish, alloma merosidagi insonparvarlik, ma’naviy poklik va bag‘rikenglik g‘oyalarini ommalashtirishga ham katta e’tibor qaratilgan. “Hakim Termiziy asarlari bilimdoni” tanlovining o‘tkazilishi yoshlarni asarlarning tayyor sharhlari bilangina cheklanmay, ularning asl mazmuniga murojaat qilishga undaydi. Buning ahamiyati shundaki, ajdodlar merosini bilish yoshlarda faqat tarixiy faxrni emas, balki axloqiy mas’uliyatni ham shakllantiradi. Hakim Termiziy ta’limotida ilm insonni kibrdan saqlashi, uni jamiyatga foyda keltirishga, o‘z nafsini tarbiyalashga va boshqalarga ezgulik qilishga chorlashi lozim. Ana shu g‘oyalar yoshlarning axborotni saralash, har qanday da’vatni tanqidiy baholash va mustaqil xulosa chiqarish qobiliyatini mustahkamlaydi.
Hakim Termiziy yodgorlik majmuasini zamonaviy ma’rifat va ziyorat maskaniga aylantirish vazifasi ham qarorning muhim yo‘nalishlaridan biridir. Majmua faqat tarixiy obida sifatida emas, allomaning ilmiy olamini namoyon etuvchi ochiq ma’rifat dargohi bo‘lishi lozim. Zamonaviy ekspozitsiyalar, elektron kutubxona, qo‘lyozmalarning raqamli nusxalari, turli tillardagi axborot materiallari va interaktiv vositalar mahalliy hamda xorijiy ziyoratchilarga Hakim Termiziy merosini chuqurroq anglash imkonini beradi.
Bu ishlar Termizning tarixiy va ma’naviy salohiyatini jahon miqyosida keng namoyon etadi. Shaharning qadimgi ilm markazi sifatidagi mavqei zamonaviy ilmiy anjumanlar, xalqaro tadqiqotlar va ziyorat turizmi bilan boyib boradi. Yaqinda Termizda o‘tkazilgan xalqaro konferensiya ham bu borada muhim tajriba bo‘ldi. U turli mamlakat olimlarini birlashtirib, Termiz ilmiy muhiti bo‘yicha yangi tadqiqotlarga yo‘l ochdi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston buyuk allomalar merosini jahonga targ‘ib etish orqali o‘ziga xos ma’rifiy diplomatiyani shakllantirmoqda. Bu yondashuvda tarixiy meros faqat milliy boylik sifatida emas, balki xalqlar o‘rtasidagi muloqot, o‘zaro hurmat va hamkorlikka xizmat qiluvchi umuminsoniy qadriyat sifatida taqdim etilmoqda. Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy va Hakim Termiziy asarlaridagi adolat, mehr-shafqat, bag‘rikenglik va ilmga ehtirom g‘oyalari ana shu ma’rifiy muloqotning mustahkam asosidir.
Hakim Termiziy tavalludining 1200-yilligini keng nishonlashga qaratilgan qarorni shu jihatdan yangi ilmiy va ma’naviy imkoniyatlar eshigi, deb baholash mumkin. Bu qaror tufayli alloma merosini tadqiq etish parokanda tashabbuslar doirasidan chiqib, tizimli va uzoq muddatli dasturga aylanadi.
Eng muhimi Hakim Termiziy qoldirgan merosga murojaat etish orqali biz o‘tmishdan faqat faxrlanishni emas, undan bugungi kun uchun xulosa chiqarishni ham o‘rganamiz. Allomaning ilm bilan axloqni, e’tiqod bilan tafakkurni, ibodat bilan inson manfaatini uyg‘un ko‘rgan qarashlari Yangi O‘zbekiston ma’naviy taraqqiyoti uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Hakim Termiziy merosini o‘rganish o‘tmish haqidagi bilimlarimizni ko‘paytirish bilangina cheklanmaydi. Allomaning inson qadrini e’zozlash, ota-onaga ehtirom, oila oldidagi mas’uliyat, qo‘shniga g‘amxo‘rlik, muhtojga ko‘mak, qalb pokligi va nafs tarbiyasiga doir qarashlari bugungi jamiyatimiz uchun ham muhim ma’naviy mezondir. Bu ta’limot yoshlarni o‘z manfaatinigina o‘ylashdan saqlab, boshqalarning dardiga daxldor, yurt taqdiri uchun mas’uliyatli va jamiyatga naf keltiradigan inson bo‘lib kamol topishga chorlaydi.
Buyuk ajdodlarga munosib voris bo‘lish ularning nomini ulug‘lash bilangina emas, balki ilmiy jasorati, yuksak insonparvarligi, haqiqatga intilishi va ma’rifatparvarlik an’analarini davom ettirish bilan belgilanadi. Shu bois Hakim Termiziyning 1200-yillik yubileyi xalqimizning tarixiy xotirasini mustahkamlaydigan, milliy g‘ururini yuksaltiradigan va yosh avlodni buyuk ilmiy merosga daxldorlik ruhida tarbiyalaydigan umummilliy ma’rifat harakatiga aylanishi zarur. Zero, Hakim Termiziy qoldirgan ma’naviy xazina faqat Termiz zamini yoki musulmon olamining emas, butun insoniyat tafakkurining bebaho mulkidir. Uni chuqur o‘rganish, xalqimizga yaqinlashtirish va jahonga munosib taqdim etish Yangi O‘zbekistonning ma’naviy yuksalishi, ilmiy taraqqiyoti va ma’rifiy diplomatiyasiga xizmat qiladi. Inson qadrini ulug‘lagan hikmat eskirmaydi, mehr-oqibatga tayangan jamiyat hamisha taraqqiyot va farovonlik sari yuksaladi.
Muzaffarxon Joniyev,
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
O‘zA