Greta Metka Barbo Shkerbins: O‘zbekiston bilan hamkorlik qonuniy va adolatli mehnat migratsiyasining samarali namunasiga aylanmoqda
Xalqaro mehnat migratsiyasi iqtisodiy rivojlanish, inson kapitali va ijtimoiy barqarorlik bilan uzviy bog‘liq global yo‘nalishga aylanmoqda. Ayniqsa, mehnat bozoridagi tezkor o‘zgarish, demografik omil va malakali kadrlarga ehtiyoj davlatlardan sohaga yangicha yondashuv, o‘zaro muvofiqlashtirilgan siyosat talab etmoqda. Bu borada O‘zbekistonning xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasini ta’minlashga qaratilgan amaliyoti xalqaro hamjamiyat tomonidan ijobiy baholanmoqda.
“Xalqaro migratsiya forumi-2026” doirasida Sloveniya Respublikasi Bandlik xizmati bosh direktori Greta Metka Barbo Shkerbins mamlakatimiz bilan hamkorlik, mehnat bozoridagi zamonaviy muammo va migrantlar huquqini himoya qilishga oid fikrlarini bildirdi:
– Bugun mehnat bozori o‘ta noaniqlik, jadal o‘zgarish va tobora murakkablashayotgan jarayon ta’sirida rivojlanmoqda. Sloveniyada hozir bandlik darajasi yuqori, ishsizlik esa tarixiy minimum – 3,9 foiz atrofida shakllangan. Bu borada mamlakatimiz Yevropa Ittifoqida yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi.
Shu bilan birga ishlab chiqarish, qurilish, sog‘liqni saqlash, axborot texnologiyalari sohalarida malakali kadrlar yetishmovchiligi saqlanib qolmoqda. Bu holat iqtisodiy o‘sish darajasiga ta’sir ko‘rsatmoqda. Ayni payt nogironlar, uzoq muddat ishsiz yurganlar, yoshlar, ayollar kabi ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamni mehnat bozoriga jalb etish ham juda dolzarb.
Shu bois, biz mehnat migratsiyasiga faqat iqtisodiy yoki statistika emas, balki inson omili nuqtai nazaridan yondashamiz. Zero, har bir migrant ortida oila, farzandlar va muayyan hayotiy taqdir turadi. Ular mamlakatimizga nafaqat ishlash, balki yashash uchun ham kelmoqda va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishga haqli.
Sloveniya migrantlar huquqi himoyasiga alohida e’tibor qaratmoqda, chunki ular ko‘pincha yetarli ma’lumotga ega emasligi sabab, huquqbuzarlik, tengsiz munosabat yoki noqonuniy yollanish holatlariga duch keladi. Bunday vaziyatda biz qonuniy va shaffof yollash mexanizmini yo‘lga qo‘yish, ma’muriy to‘siqni kamaytirish va axborot ko‘magini kuchaytirishga alohida ahamiyat beramiz.
Aytish joiz, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi bilan hamkorligimiz samara bermoqda. O‘tgan yil Sloveniya Bandlik xizmati va O‘zbekiston Migratsiya agentligi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv imzolandi. Ushbu mexanizm asosida respublika fuqarolarining birinchi guruhi Sloveniyada rasman ish bilan ta’minlandi.
Mazkur hamkorlikni kelgusida yanada kengaytirish, xususan ijtimoiy ta’minot va bandlik sohasida davlatlararo ikki tomonlama kelishuv imzolashdan manfaatdormiz. Bunday huquqiy mexanizm adolatli va axloqiy yollashni ta’minlash, “aql oqimi”ning oldini olish hamda mehnat migrantlari ijtimoiy himoyasini kuchaytirishda muhim ahamiyatga ega.
O‘zbekistonda inson kapitali va kasbiy tayyorgarlikka qaratilayotgan e’tibor bizda katta taassurot qoldirdi. Migratsiya agentligining bir qator o‘quv markazlari faoliyati bilan tanishdik, mehnat resurslarini tayyorlashga institutsional yondashuv yuqori darajada ekaniga guvoh bo‘ldik. Bugun raqamli va “yashil” transformatsiya sharoitida butun dunyo mehnat bozori yangi ko‘nikmaga ehtiyoj sezmoqda.
Hamkorligimiz doirasida malakali kadrlarni tayyorlash va ehtiyoj yuqori sohalarga yo‘naltirish borasidagi ishlar ijobiy natija bermoqda. Bu jarayon izchil davom ettiriladi.
Shuningdek, Sloveniyada xorijiy fuqarolar uchun maxsus tashkil etilgan axborot markazlari orqali mehnat migrantlariga huquqiy maslahat, zarur ma’lumot va amaliy ko‘mak taqdim etiladi. Axir, boshqa yurtdan kelganlar til, qonunchilik va ma’muriy jarayon bilan bog‘liq qiyinchilikka duch kelishi tabiiy.
Biz xalqaro hamkorlikni kengaytirish, Yevropa mehnat bozori platformalari va yangi raqamli mexanizmlar orqali qonuniy mehnat migratsiyasi imkoniyatini rivojlantirish tarafdorimiz. Shu bilan birga to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot, kasb yarmarkalari va insonlar o‘rtasidagi ishonchli aloqa mehnat bozorida hamon muhim ahamiyatga ega, deb hisoblaymiz.
Xullas, O‘zbekiston bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik qonuniy, adolatli va inson qadr-qimmatiga asoslangan mehnat migratsiyasining samarali namunasiga aylanmoqda.
Dilshod Hakimov,
Farhod Abdurasulov (surat), O‘zA