Qurilishdagi korrupsion holatlar tahlil qilindi
Samarqand viloyati korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish hududiy inspeksiyasi tizimida aniqlangan kamchilik va korrupsiyaviy holatlar muhokama qilindi.
Hududiy kengash raisi Sh.Negmatov raisligida o‘tgan yig‘ilishda Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Abdulhakim Eshmurodov, kengash a’zolari, viloyat qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish hududiy inspeksiyasi hamda “O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasi Samarqand hududiy bo‘limi rahbar va xodimlari ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda mazkur soha faoliyatini takomillashtirish, nazorat mexanizmlarini kuchaytirish va xodimlar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish borasida qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, davlatimiz rahbarining 2025-yil 14-apreldagi farmoniga muvofiq, inspeksiya Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tasarrufidan chiqarilib, Vazirlar Mahkamasi huzuriga o‘tkazildi hamda mustaqil nazorat qiluvchi organ sifatida qayta tashkil etildi.
O‘tkazilgan tahlillar tizimda hali ham mas’uliyatsizlik, suiiste’molchilik va o‘zibo‘larchilik holatlari saqlanib qolayotganini ko‘rsatdi. Amaldagi tartibga ko‘ra, qurilish ob’ektlarida xavf-xatar toifasidan kelib chiqib, har oyda kamida ikki marta nazorat tadbirlari o‘tkazilishi lozim. Biroq ayrim holatlarda inspeksiya xodimlari ob’ektlarni o‘rganmasdan turib, axborot tizimiga soxta ma’lumotlar kiritgani qayd etildi.

Ma’lum qilinishicha, inspeksiya ro‘yxatidagi 102 ta qurilish ob’ektida sifatsiz qurilish materiallaridan foydalanilgan, 557 ta ob’ektda qariyb yarim milliard so‘mlik qurilish-montaj ishlari talab darajasida bajarilmagan. 25 ta ko‘p qavatli uy-joyda pudratchilar loyihadan chetga chiqqan holda qo‘shimcha qavatlar qurgani aniqlangan.
Yig‘ilishda shaharsozlik normalarida belgilangan talablarga rioya etilmagan holatlar ham tahlil qilindi. Xususan, ko‘p qavatli uylar hududida “yashil hudud”, bolalar o‘yingohlari va avtoturargohlar tashkil etilishi shart bo‘lsa-da, o‘rganishlar davomida 13 ta uy-joyda 6,5 ming kvadrat metr yashil hudud, 4 ta ob’ektda 13,5 ming kvadrat metr bolalar o‘yingohi va 10 ta ob’ektda avtoturargoh uchun ajratilishi lozim bo‘lgan maydonlar tashkil etilmagan.
Shundan so‘ng yig‘ilishda “O‘zenergoinspeksiya” viloyat boshqarmasida qonunlar ijrosi va korrupsiyaning oldini olish borasidagi ishlar muhokama qilindi.

Qayd etilishicha, viloyat prokuraturasi tashabbusi bilan “O‘zenergoinspeksiya” xodimlari quvvati 24 soatga yetadigan bodikamera va planshetlar bilan ta’minlangan. Natijada 2025-yil yanvar-fevral oylarida 109 ta, 384 million so‘mlik noqonuniy holatlar aniqlangan bo‘lsa, raqamlashtirishdan keyin bu ko‘rsatkich 174 ta va qariyb 1 milliard so‘mga yetgan.
Ammo tizimda korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha qat’iy yondashuv yetarli emas. Xususan, 2025-yil mart oyida ishlab chiqilgan 24 banddan iborat “Yo‘l xaritasi” ijrosi sust tashkil etilgan, belgilangan vazifalar amalda bajarilmagan.
Yig‘ilishda har ikki idora rahbarlari aniqlangan kamchiliklar va korrupsiyaviy holatlar yuzasidan izoh berib, ularni bartaraf etish, tizimni korrupsiyadan xoli sohaga aylantirish bo‘yicha takliflarini bildirdi.
Yig‘ilish yakunida “Yo‘l xaritasi” asosida viloyatda maishiy korrupsiyaning oldini olish, korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish hamda jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabat muhitini shakllantirish chora-tadbirlari belgilandi.
G‘. Hasanov, O‘zA